DXX AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishni va’da qilgan shaxslarni qo‘lga oldi
O‘zbekistonning 4 hududida fuqarolarni Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilganlar ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlariga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Marhamat tumanida yashovchi shaxs Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika davlati orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 19 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 15 ming AQSh dollaridan 6 ming AQSh dollarini olgan vaqtida mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan, Marhamat tumanida yashovchi fuqaro ham qo‘lga olindi.
DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida yashovchi shaxs Nurota tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Jizzax shahrida yashovchi shaxs 15 ming AQSh dollari evaziga Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni va’da qilib, oldindan 12 ming AQSh dollari va 6 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda Bektemir tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining Angren shahrida yashovchi ayol Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, uni “Turkiya-Nikaragua-Meksika” yo‘nalishi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 16 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 9 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
22:10 / 28.11.2024
Kaliforniyada 540 milliard dollarlik «oq oltin» zaxirasi topildi
20:50 / 28.11.2024
Putin Trampni xavfsiz holatda emas deb hisoblamoqda
18:24 / 28.11.2024
Bloomberg: AQShda Microsoftʼga nisbatan keng ko‘lamli tergov boshlandi
21:34 / 27.11.2024