O‘zbekiston | 08:43 / 05.04.2024
12370
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Abdulqosim Eshon madrasasiga hojatxona qurib olingani aniqlandi

Chilonzor tumanidagi Abdulqosim Eshon madrasasi ichki qismiga o‘zboshimchalik bilan hojatxona qurilishi oqibatida yodgorlikka 65,6 mln so‘m zarar yetkazilgan. 

Foto: x.com/the_bakiroo

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Abdulqosim Eshon madrasasi ichki qismiga o‘zboshimchalik bilan hojatxona qurib olingani aniqlandi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida «U.M.» jamoat fondi mansabdor shaxslari tomonidan XVI asrga oid Abdulqosim Eshon madrasasi arxitektura yodgorligi ichki qismiga hojatxona qurilib, kommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan. Oqibatda yodgorlikka 65,6 mln so‘m zarar yetgan.

Shuningdek, MChJ rahbari O.A. va boshqalar tomonidan Namangan shahridagi XIX asrga oid “Sirli masjid” arxitektura yodgorligining qadimiy ganchkor uslubdagi kirish darvozasi va minorasi to‘liq buzib tashlanib, yodgorlikka 554,4 mln so‘m zarar yetgan.

Bundan tashqari, fuqaro M.K. tomonidan Andijon shahridagi XX asrga oid Yunusxoji masjidi arxitektura yodgorligining 113,7 m3 qismi buzib yuborilib, yodgorlikka 801,5 mln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid