O‘zbekiston | 22:00 / 20.06.2024
6050
6 daqiqa o‘qiladi

20 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Istiqboldagi suv tanqisligi va uning yechimlari, Farg‘onada barpo etiladigan yirik avtomobilsozlik majmuasi, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lining moliyalashtirish manbalari ma’lum qilindi. 

O‘zbekistonda suv tanqislashadi

2050 yilga borib O‘zbekistonda suv tanqisligi 15-25 foizga yetishi mumkin

Iqlim o‘zgarishi oqibatida 2050 yilga borib, Tyan-Shan va Pomir tog‘ tizmalaridagi jami muzliklarning 30-50 foizgacha bo‘lgan qismi erib ketishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvga bo‘lgan talab 50 foizgacha oshishi kutilmoqda. Buning oqibatida O‘zbekistonda suv tanqisligi o‘rtacha 15-25 foizga, cho‘llanish darajasi esa 123 mln kvadrat metrga yetishi mumkin.

Olimlarga ko‘ra, suv taqchilligining ortishi Germaniya, Yaponiya, Xitoy kabi mamlakatlarda o‘simliklarni parvarish qilishda joriy etilgan turli xil noan’anaviy suv tejovchi texnologiyalarni yurtimizda ham joriy etishni taqozo etmoqda. 

O‘zbekistondagi o‘rtacha maosh

O‘zbekiston ish haqi darajasi bo‘yicha dunyoda 119-o‘rinni egalladi. Mamlakatda o‘rtacha ish haqi 351 dollarni tashkil etadi. MDH davlatlari orasida O‘zbekiston 8-o‘rinda qayd etildi.

Eng yuqori ko‘rsatkich Rossiyada qayd etildi – 2159 dollar. Undan keyingi o‘rinlarni 673 dollar bilan Qozog‘iston, 654 dollar bilan Turkmaniston, 621 dollar bilan Belarus, 541 dollar bilan Armaniston, 508 dollar bilan Moldova va 494 dollar bilan Ozarboyjon egallagan.

O‘zbekistondan quyida 228 dollar bilan Qirg‘iziston va 169 dollar bilan Tojikiston joy olgan.

Dunyodagi eng yuqori ish haqi, reytingga ko‘ra Shveytsariyada kuzatilgan – 8100 dollar. Eng past maosh esa Lesotoda — 24 dollar. 

Farg‘onada yirik avtomobilsozlik majmuasi

China Xiaou Group 1,5 mlrd dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyasi hisobiga Farg‘ona viloyati hududida 3 bosqichda yirik avtomobilsozlik majmuasi barpo etish loyihasini amalga oshiradi.

Bunga viloyat hokimi Xayrulla Bozorov boshchiligidagi rasmiylar hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida kompaniya bilan muzokaralarida kelishuvga erishilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichida 50 mln dollar investitsiya hisobiga yig‘ish, bo‘yash, sozlash liniyalarini yo‘lga qo‘yib, yiliga 60 mingta gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar hamda maxsus transport vositalari ishlab chiqarilishi belgilandi.

Ikkinchi bosqichda 350 mln dollar va uchinchi bosqichda 1,1 mlrd dollar investitsiya yo‘naltirilib, butlovchi qismlarning ko‘pi mahalliylashtirilishi hamda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar soni 110 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha 5 yil davomida to‘la yakunlanishi rejalashtirilgan. 

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qay tartibda moliyalashtirilishi e’lon qilindi. Loyihaning umumiy qiymati 4,7 mlrd dollarni tashkil etadi. Shundan 2,35 mlrd dollar ishtirokchi davlatlar tomonidan ularning loyihadagi ulushlariga muvofiq taqsimlanadi. Xususan, Xitoy 1,18 mlrd dollar, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning har biri 573 mln dollardan sarmoya kiritishi lozim.

Qolgan 2,35 mlrd dollar Xitoy banklari tomonidan ajratiladigan notijorat kredit hisobidan moliyalashtiriladi. Hozirda bu borada Xitoy Eksimbanki va XXR Milliy banki bilan muzokaralar olib borilyapti.

Temiryo‘l qurilishi 6 yil davom etishi kutilmoqda. 2024 yil 6 iyun kuni Pekinda temiryo‘l qurilishi bo‘yicha imzolangan bitimga muvofiq, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. 

Jazirama issiqlar boshlanmoqda

«O‘zgidromet» 21 iyun, juma kuni kuzatiladigan ob-havo to‘g‘risida ma’lumot berdi. Respublikaning ko‘pgina viloyatlarida havoning harorati kechasi +22...+27, kunduzi +34...+39 daraja atrofida bo‘ladi. Buxorova Navoiy, shuningdek, janubiy viloyatlarda havo +41 darajagacha isishi kutilmoqda.

Shuningdek, 21-24 iyun kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi xabar qilindi.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Suvda oqib ketganlar

Yozning jaziramali kunlarida cho‘milishda ehtiyotroq bo‘lish talab etiladi.

Toshkent shahrida Bo‘rijar kanaliga cho‘milishga borgan surxondaryolik 20 yoshli talaba cho‘kib ketdi. Jahon tillari universiteti 3-bosqich talabasi kanalga tushgach, kuchli oqim tufayli suvdan qaytib chiqa olmagani aytilmoqda. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari uning jasadini uch soatda topishgan.

Chirchiq daryosida esa hushsiz holda oqib ketayotgan fuqaro qutqarib qolindi. U baliq tutish maqsadida daryoga borganda oyoq kiyimi suvga tushib ketgan va uni olaman deb tushgan vaqtda muvozanatni yo‘qotib, o‘zi ham tez oqayotgan daryoda oqib ketgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar zudlik bilan qutqarish ishlarini olib borib, ushbu fuqaroni suvdan olib chiqqan va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Mavzuga oid