Jamiyat | 16:21 / 20.06.2024
13535
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Bo‘rijar kanaliga cho‘milishga borgan talaba cho‘kib ketdi

Jahon tillari universiteti 3-bosqich talabasi kanalga tushgach, kuchli oqim tufayli suvdan qaytib chiqa olmagani aytilmoqda. FVB xodimlari uning jasadini uch soatda topishgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida kursdoshlari bilan cho‘milishga borgan 20 yoshli talaba Bo‘rijar kanaliga cho‘kib ketdi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa 19 iyun kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni soat 12:10 larda Jahon tillari universitetining 3-bosqich talabasi Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan M.I. ikki nafar kursdoshi bilan Bo‘rijar kanalining Yakkasaroy tumanidan oqib o‘tgan qismiga cho‘milishga borgan.

Talaba kanalga tushgach suv sovuq va oqim tezligi tufayli Bo‘rijardan suzib chiqolmay oqib ketgan. Toshkent shahar FVB qutqaruvchi g‘avvoslar tomonidan talabaning jasadi uch soatdan so‘ng kanaldan topilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, 2024 yil aprel oyida Bo‘rijar kanaliga uch kishi cho‘kib ketgandi. O‘shanda ona va bolaning cho‘kayotganini ko‘rgan xitoylik erkak ularni qutqarishga oshiqadi va o‘zi ham cho‘kib ketadi.

Mavzuga oid