O‘zbekiston | 21:00 / 11.11.2024
11024
7 daqiqa o‘qiladi

11 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Gaz o‘tmagan xonadonlarga svet uchun 50 foizlik chegirma, “Yashil energiya” uchun aholiga subsidiya, to‘liq elektronlashayotgan suv uchun to‘lov va Ramzon Qodirovning Allamjonovga suiqasd bo‘yicha bayonoti — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Svet uchun 50 foizlik chegirma

Bugungi ko‘rsatuvimizni yaxshi xushxabar bilan boshlaymiz. Gazlashmagan xonadonlarga svet uchun chegirma berish haqidagi hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov intervyularidan birida 2025 yil 1 yanvardan gazlashmagan hovlilarga elektr energiyasi uchun 50 foiz chegirma berilishi rejalashtirilayotganini aytgan edi.

Kun.uz vazirlikdan olgan ma’lumotga ko‘ra, bu boradagi qaror loyihasi tayyorlanib, huquqiy ekspertiza uchun yuborilgan.

Bundan bir oycha avval energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «Lolazor» podkastidagi chiqishida gazlashtirilmagan hovlilar uchun ham elektr energiya tariflariga 50 foizlik chegirma berish bo‘yicha topshiriq bo‘lganini ta’kidlagan edi.

«Ayni paytda ko‘p qavatli uylar uchun [gazlashtirilmagan] elektr energiyasiga 50 foiz chegirma amal qiladi. Biz gazlashmagan hovlili xonadonlarga nisbatan ham buni qo‘llash bo‘yicha topshiriq olganmiz. Chegirma ularga ham 50 foiz bo‘ladi. Bu bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan ishlayapmiz. Shuningdek, sanoat korxonalariga ham yuklamaga qarab oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash rejalashtirilyapti», – degan edi vazir.

«Yashil energiya» uchun aholiga subsidiya

Navbatdagi xabarimiz ham elektr energiyasi bilan bog‘liq.

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.

2024 yilning yanvar-sentabr oylarida 6 ming nafardan ortiq jismoniy shaxs ushbu dasturdan foydalanib, elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan 8,9 million kWh quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 8,9 milliard so‘m subsidiya olgan.

Subsidiyaning eng katta qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda:

Xorazm viloyati — 2,1 milliard so‘m;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1,5 milliard so‘m;

Toshkent shahri — 1,2 milliard so‘m.

Suv uchun to‘lov to‘liq elektronlashadi

Kommunal to‘lovlarga oid yangi bir yangilik.

2024 yilning 1 dekabridan e’tiboran ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi. Endi nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatiladi.

«O‘zsuvta’minot»ning xabariga ko‘ra, sohada shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsion holatlarga barham berish maqsadida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlarni faqat elektron shaklda qabul qilish tizimiga o‘tiladi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda sohada to‘lovni naqd pul shaklida amalga oshirish bilan bog‘liq bir qancha qonunbuzilish holatlari kuzatilgan.

Ya’ni nazoratchilar sizning suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlaringizni “yeb ketmasligi”, to‘lov aniq hisobraqamingizga tushishi uchun bu chora qo‘llanmoqda.

Yodda tutamiz, yaqindan boshlab chiqindidan qarzingiz bo‘lsa, elektr uchun ham to‘lov qilolmaysiz va svetingiz o‘chadi.

Allamjonovga suiqasd yuzasidan Ramzan Qodirovning bayonoti

Checheniston rahbari O‘zbekistondagi suiqasd ishida «chechen izi» borligi haqida tarqatilgan xabarlarni siyosiy o‘yin va o‘zbeklar va chechenlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat, deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ma’lumotni tarqatganlar qidirilmoqda.

«O‘zbekistonda bir necha hafta oldin ichida Prezident administratsiyasining sobiq xodimi bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzilgan edi.

Biroq natijalarni kutmasdan, g‘arbparast va ba’zi muxolif nashrlar «chechen izi» haqidagi versiyani o‘rtaga tashladi, keyin bu izni butunlay menga bog‘lashdi», — deb yozgan Qodirov o‘zining telegram kanalida.

Checheniston yetakchisi bu «provokatsiya»ga javob bermasligini ta’kidlagan:

«Men bu provokatsion narsalarga javob bermayman. Qo‘shimcha qilamanki, agar men haqiqatan ham biror narsani rejalashtiradigan bo‘lsam, bu ishni 100 foiz natija bilan oxiriga yetkazaman».

Shuningdek, Ramzan Qodirov bu xabarlarni siyosiy o‘yin va o‘zbeklar bilan chechenlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat sifatida baholagan.

«Chechenlar va o‘zbeklar tarixiy o‘tmishi umumiy bo‘lgan qardosh xalqlardir. Bizning umumiy jihatlarimiz juda ko‘p. Men bu ma’lumotlarni uchinchi tomonlarning siyosiy o‘yin quroli va mamlakatlarimiz o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan ochiq urinish sifatida baholayman. Qanday bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi aziz birodarlarim bu provokatsion ma’lumotlar ortida kim turganini bilib olamiz. Bu borada ishlar allaqachon boshlangan», — deydi Ramzan Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 26 oktyabr kuni soat 1:40 atrofida Toshkent viloyatining Qibray tumanida ikki noma’lum shaxs Prezident administratsiyasi sobiq xodimi Komil Allamjonovning avtomobiliga o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzgan. So‘ngra ular voqea joyidan qochib ketgan. Mashinada bo‘lgan haydovchi va Allamjonov jabrlanmagan.

Qibraydagi qotillikka suiqasd holati bilan bog‘liq jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchilarning 4 nafari ushlangan.

Mavzuga oid