Jahon | 21:09 / 07.02.2025
3257
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada kichik samolyot gavjum ko‘chaga qulab tushdi

Samolyot yerga qulaganidan keyin avtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan. Oqibatda uning ichida bo‘lgan bir yo‘lovchi jarohat olgan.

Braziliyaning San-Paulu shahrida kichik o‘lchamli samolyot qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi Reuters.

Qayd etilishicha, 7 fevral kuni San-Pauludagi gavjum ko‘chalardan biriga samolyot qulashi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan va yana ikki kishi jarohat olgan. Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan ikki kishining jasadi Beech F90 King Air samolyoti fyuzelyajidan topilgan.

Mahalliy o‘t o‘chirish xizmatiga ko‘ra, samolyot Markiz de San-Visente ko‘chasiga qulagan, shundan keyin avtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan. Natijada avtobus yo‘lovchilaridan biri jarohat olgan va shifoxonaga yetkazilgan.

Avvalroq Bering Air aviakompaniyasining bortida o‘n kishi bo‘lgan samolyoti Alyaska ustidan uchib o‘tayotganida bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Yanvar oxirlarida esa Vashingtonda yo‘lovchi samolyoti va vertolyot o‘zaro to‘qnashub, Potomak daryosiga qulab tushgan va hodisa oqibatida 67 kishi halok bo‘lgan edi.

Fevral oyi boshida esa AQShda bemorni olib ketayotgan kichik tibbiy samolyot uylar ustiga qulab tushdi. Filadelfiya shahrida qulagan kichik tibbiy samolyot Meksikaga ketayotgandi. Uning bortida to‘rt nafar ekipaj a’zosi, bir bemor va uning onasi – jami 6 kishi bo‘lgan, ulardan hech biri omon qolmagan.

Mavzuga oid

E`lonlar