Jahon | 22:18 / 17.03.2025
2249
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Yevropa o‘rtasidagi savdo urushidan ko‘riladigan zarar qariyb 10 trln dollarga baholandi

Mutaxassislarga ko‘ra, Donald Tramp boshlagan savdo urushi nafaqat tovarlar oqimiga, balki investitsiyalarga ham zarar yetkazishi mumkin.

Foto: Moritz Kindler / unsplash

Donald Tramp import mahsulotlariga bojlar joriy etilishi xorijiy kompaniyalarni AQShda ko‘proq ishlab chiqarish korxonalari ochishga majbur qiladi, deb hisoblamoqda. YeIdagi Amerika savdo palatasining (ASP) ogohlantirishicha, u boshlagan savdo urushi nafaqat tovarlar oqimiga, balki investitsiyalarga ham zarar yetkazishi mumkin, natijada xorijiy kompaniyalarning kapital qo‘yilmalari, aksincha, kamayish ehtimoli bor. Bundan tashqari, kompaniyalarning Atlantikani ikki tomonida joylashgan bo‘linmalari daromadlari ham zarar ko‘radi.

Trampning bojlari nafaqat bevosita yig‘im undiriladigan tovarlarga, balki AQSh va Yevropa o‘rtasidagi 9,5 trillion so‘mlik tijoriy munosabatlarga ham xavf tug‘diradi. 2024 yilda ikki tomonlama tovarlar savdosi 1,3 trillion dollarga yetgan, xizmatlar esa 750 milliard dollardan oshgan. ASPga ko‘ra, Atlantikaning ikki tomonidan joylashgan kompaniyalarning savdo oqimlari aslida ancha ko‘p: Yevropa kompaniyalarining AQShdagi bo‘linmalari savdosi 3,5 trillion dollardan oshsa, Amerikaning Yevropadagi kompaniyalari 4 trillion dollarlik savdolarni amalga oshiradi.

Jon Xopkins universiteti tadqiqotchisi Den Hemiltonning ta’kidlashicha, Tramp va uning ma’muriyati tomonidan paydo qilingan noaniqlik Yevropa kompaniyalarni AQShdagi biznesiga investitsiyalarni qisqartirishga, shuningdek, amerikalik investorlarni Yevropadagi sarmoyalarini kamaytirishga majbur qilishi mumkin. Shu bilan birga, AQShning Yevropaga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari uning boshqa barcha mintaqalarga qilgan sarmoyalaridan oshib ketadi. Xuddi shunday, Yevropa ham o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarining deyarli uchdan ikki qismini AQShga yo‘naltirgan. «Savdo mojarosining oqibatlari faqat savdo bilan cheklanmaydi,» — deydi Hemilton.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bojlar Yevropa kompaniyalarga o‘zining Amerikadagi filiallariga ehtiyot qismlar jo‘natishini qiyinlashtirishi mumkin, Yevropa Ittifoqi yoki boshqa davlatlarning javob tariqasidagi tariflari esa AQShdan tayyor mahsulot eksportini cheklashga olib keladi. Natijada, Yevropa kompaniyalarining AQShdagi, Amerikaning esa xorijdagi savdolari qisqarib ketadi. AQSh tibbiyot uskunalarini faol eksport qiladi, ammo ularning ehtiyot qismlarini, xususan, Sharqiy Osiyo, Yevropa, Meksikadan oladi. Umuman olganda, AQSh kompaniyalari o‘z mahsulotlarida foydalanadigan komponentlarning qariyb 20 foizini chetdan import qiladi.

«Tramp AQSh iqtisodiyoti allaqachon xizmat ko‘rsatish iqtisodiyotiga aylanib qolganini unutib qo‘ymoqda. Amerika fond indekslarini so‘nggi yillarda yuqoriga ko‘tarib, trillionlab kapitalizatsiyani to‘plagan «ajoyib yettilik» deb ataluvchi kompaniyalar (Apple, Alphabet, Amazon, Meta, Microsoft, Nvidia va Tesla) orasida faqat Nvidia chip, Tesla esa avtomobil ishlab chiqaradi. Apple ham gadjetlar chiqaradi, ammo uning biznesini asosiy qismi xizmat ko‘rsatishdan, jumladan, dasturiy ta’minotni takomillashtirish, ilovalar do‘koni, Apple Music va Apple TV’dan iborat», — deyiladi xabarda.

Amazon tovarlar bilan savdo qiladi, ammo u ham bulutli hisoblash xizmatlarini taqdim etadi va filmlar ishlaydi. shu bilan birga, Alphabet, Meta va Microsoft Amerika va chet el bozorlariga faqat raqamli xizmatlarni sotadi xolos.

2023 yilda Yevropa Ittifoqining AQSh bilan tovarlar savdosi defitsiti 208,7 milliard dollarni, xizmatlar savdosi esa 76,5 milliard dollar profitsitni tashkil etgan.

Mavzuga oid

E`lonlar