Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Peshlavhalar uchun «soliq» va muddati tugayotgan mahsulotlar uchun chegirma – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Toshkentda do‘konlar va dorixonalar peshlavhalari uchun «soliq» solinmoqda
Toshkent shahridagi do‘konlar va dorixonalarga Raqamli rivojlanish departamenti ogohlantirish xati yubormoqda. Unda do‘konning nomi yozilgan peshlavhalar tashqi reklama deb baholangan.
Qayd qilinishicha, bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil fevraldagi 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Aks holda, ular tashqi reklama deb baholanadi va belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilib, to‘lov qilinishi lozim.
Biznes-ombudsman rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, hokimlikning talabi qonuniy, ammo adolatsiz.
Jizzaxdagi kichik va katta AES energoblokining ishga tushirilish sanasi ma’lum qilindi
Kichik quvvatli AES birinchi energobloki 2029 yilda, ikkinchisi esa oradan olti oy o‘tib ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, katta AES birinchi energobloki 2033 yilda, ikkinchisi esa 2035 yilda ishga tushirilishi mumkin.
Bu haqda O‘zatom direktori Azim Ahmadxo‘jayev 25 sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan «Jahon atom haftaligi» xalqaro forumida ma’lum qildi.
O‘zatom va Rosatom o‘rtasidagi yangi kelishuvga ko‘ra, Jizzaxda kichik va katta AES quriladi, ular birgalikda 525 gektar umumiy maydonda joylashadi. Bu loyiha O‘zbekistonni qo‘shaloq AESga ega dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi.
Iste’mol qilish muddati tugayotgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun chegirmalar joriy qilinadi
Bu haqda «Oqilona iste’mol» (Save food) dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan.
Unga ko‘ra, doimiy ravishda yirik savdo markazlari va oziq-ovqat do‘konlarida iste’mol qilish muddati tugash arafasida bo‘lgan mahsulotlar rastalari tashkil etiladi.
Iste’mol qilish muddati tugash arafasida bo‘lgan mahsulotlar narxi har 10 kunda pasaytirib boriladi.
Telefonni quvvatlagichda nazoratsiz qoldirmang
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) xavfsizlik choralari bo‘yicha bir nechta tavsiya berdi. Qayd qilinishicha, telefonni quvvatlagichda nazoratsiz qoldirish turli xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, telefon yoki quvvatlagich haddan tashqari qizib ketishi mumkin, elektr toki uzilishlari yoki kuchlanishning o‘zgarishi portlash yoki yong‘inga sabab bo‘lishi ehtimoli bor.
Telefonni kechasi quvvatga qo‘yib uxlamaslik, ortiqcha qizib ketgan bo‘lsa, quvvatdan uzib, sovishini kutish hamda zarur bo‘lmasa, doimiy ravishda 100 foiz quvvatda saqlamaslik (40-80 foiz oralig‘ida ushlab turish) tavsiya etildi.
Yirik siyosiy arbob Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshda vafot etdi
Ismoil Jo‘rabekov 1931 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U uzoq yillar davomida respublika melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari kabi lavozimlarda ishladi.
Mustaqillikning ilk yillarida agrosanoat sohasini boshqargan, fuqaro muhofazasi ishlari bo‘yicha vazir bo‘lgan, 1994–1998 yillarda bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan, 2000–2004 yillarda esa O‘zbekiston prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi» faxriy unvonlari hamda «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025