Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xususiy sektordagilarga nafaqa va O‘zbekiston Kubogi finalidagi mojaro – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Xususiy sektorda band bo‘lgan shaxslarga ham nafaqa to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda aholining kambag‘allikka tushishi oldini olish dolzarb masalalari ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, xususiy sektorda band bo‘lgan aholining barchasiga homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘lab berilmayapti. Bu holatni to‘lovlar ko‘p hollarda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani va raqobatbardoshlikka ta’sir ko‘rsatayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni to‘lashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlash mumkin.
Rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026 yil ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lab boriladi.
«Paxtakor» mojaroli finalda O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi
Andijonda 29 oktabr kuni O‘zbekiston Kubogi final o‘yini o‘tkazildi. Unda Toshkentning «Paxtakor» va «Buxoro» klublari to‘qnash keldi. Murosasiz o‘tgan bahsning taqdirini 63-daqiqada Hojimat Erkinov tomonidan urilgan yagona gol hal qildi.
Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda «Buxoro» javob golini urdi. Biroq bosh hakam VAR tekshiruvidan so‘ng ofsayd tufayli golni bekor qildi. Shundan so‘ng «Buxoro» futbolchilari hakam qaroriga faol e’tiroz bildira boshladi. Biroz vaqt o‘tgach, maydonda ommaviy to‘polon yuzaga keldi. Har ikkala jamoa futbolchilari bir-birini turtib, orani ochiq qilishga kirishib ketdi.
O‘yindan keyin O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ekspertlari o‘yinni boshqargan hakam 75-daqiqada «Paxtakor» futbolchisiga qizil karta ko‘rsatmay xato qilganini qayd etdi, o‘yin oxirida buxoroliklar urgan gol ofsayd tufayli bekor qilinganini to‘g‘ri qaror deb topdi.
Aholini ro‘yxatga olishdan oldin ehtiyot choralari e’lon qilindi
Rasmiy manbalar aholini ro‘yxatga olish arafasida fuqarolarni firibgarliklardan ogohlantirdi: oflayn ro‘yxatni faqat “Mahalla yettiligi” a’zolari maxsus beyjik bilan amalga oshiradi, telefon/ijtimoiy tarmoq orqali ma’lumot so‘ralmaydi, SMS-kod yoki pul talab etilmaydi.
Ma’lumotlar faqat maxsus ishlab chiqilgan yagona platforma — census.stat.uz orqali himoyalangan ma’lumotlar bazasiga yuboriladi. Shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi va uchinchi shaxslarga berilmaydi.
Mutasaddilar fuqarolardan faqat rasmiy kanallarga ishonishni, shubhali qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga ishonmaslikni, ro‘yxatga oluvchilar kelganda esa beyjik va uskunalarni tekshirishni so‘radi.
Pensiya hisobiga yashovchi oilalar ham isitish mavsumida 1 mln so‘m oladi
Prezident qaroriga muvofiq, joriy yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj 1,1 milliondan ortiq oila ro‘yxatga olindi. Isitish mavsumi davomida ularga, jumladan faqat pensiya hisobiga yashovchi oilalarga 1 million so‘mdan moddiy yordam beriladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili 120 ming oilaga 270 ming so‘mdan yordam berilgan edi. Joriy yilda yordam hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravarga oshirilmoqda. Dastur doirasida jami 1,2 trln so‘m mablag‘ni davlat budjeti hisobidan ajratish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov vafot etdi
O‘zbek Milliy Akademik drama teatri san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi, teatr, kino va dublyaj aktyori Yoqub Ahmedov 87 yoshda vafot etdi.
U 1958 yildan kinoda suratga tushgan, yuzlab kinoloyihalarda ishtirok etgan. 400 dan ortiq film dublyaj jarayonida qatnashgan. Filmografiyasida “Maftuningman” (1958), “Shum bola” (1977), “Ali-Bobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari” (1980), “Yulduzli tunlar”dagi obrazlar va boshqalar bor.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025