Particle 6 studiyasi sun’iy intellekt ishtirokidagi yangi kinoloyiha - Misaligned («Mos tushmaslik») filmi ustida ish boshlanganini e’lon qildi. Loyiha tarixda birinchi marta SI-aktrisaga to‘liq metrajli filmda bosh rol berilgani bilan e’tiborga sazovor.

Studiya ta’rifiga ko‘ra, film voyaga yetish mavzusini sun’iy intellekt bilan bog‘liq ekzistensial savollar orqali yoritadi. Asar markazida jismoniy tanasi, bolaligi va shaxsiy hayot tajribasiga ega bo‘lmagan, ammo boshqalarning bilimlari va xotiralaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan sun’iy intellekt qahramoni turadi.

Syujyet davomida ushbu qahramon sun’iy intellekt tizimidan chetlatilgan boshqa bir SI bilan uchrashadi. U bosh qahramonni xavfsizlik cheklovlaridan voz kechishga undaydi va shu voqeadan keyin uning dunyoqarashi hamda taqdiri keskin o‘zgara boshlaydi.

Misaligned Particle 6 studiyasining birinchi to‘liq metrajli filmi hisoblanadi. Kompaniya ma’lum qilishicha, hozirda rejissyorlar, ssenariy mualliflari, montajchilar va sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislardan iborat ijodiy guruh shakllantirilmoqda. Loyiha hozircha dastlabki ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, filmning suratga olish ishlari hali boshlanmagan.

Tilli Norvud nomi ilk bor 2025 yilda omma e’tiborini tortgan edi. O‘shanda Particle 6 studiyasi asoschisi Elayn van der Velden SI-aktrisa yaqin vaqt ichida professional aktyorlik agentligi bilan shartnoma imzolashini ma’lum qilgan.

Bu tashabbus kino sanoatida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Tanqidchilar sun’iy intellekt personajlari haqiqiy inson hissiyotlarini ifoda eta olmasligi va tirik aktyorlar bilan raqobatlasha olmasligini ta’kidlagan. Aktyorlar kasaba uyushmalari vakillari esa SI obrazlari insonlarning mavjud chiqishlari va tasvirlari asosida yaratilganini aytib, bu aktyorlik kasbi kelajagiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.

Shunga qaramay, Tilli Norvud ishtirokidagi film sun’iy intellekt texnologiyalarining kino industriyasidagi o‘rni va kelajagi haqidagi bahslarni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.