The Washington Post nashri 26-avgust kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib xabar berishicha, Retkliffning Moskvaga tashrifi «maxsus xizmatlar oʻrtasidagi kontaktlar» doirasida amalga oshirilgan.

Peskov tashrif boʻyicha qoʻshimcha tafsilotlarni ochiqlamagan. Shu bilan birga, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin MRB direktori bilan Kremlda uchrashgani haqidagi ehtimollarni rad etgan.

«Prezident bilan uchrashuvlar yoʻq», - degan Peskov.

Retkliff Moskvaga AQSH harbiy samolyotida kelgan

CBS telekanali Oq uy muxbiri Jennifer Jeykobs va Axios jurnalisti Barak Ravid oʻz manbalariga tayanib, Retkliff 25-avgust kuni Moskvaga kelganini xabar qilgan.

Jeykobs maʼlumotiga koʻra, MRB direktori Rossiya poytaxtiga AQSH Harbiy-havo kuchlariga tegishli Boeing C-17 Globemaster III harbiy-transport samolyotida kelgan. Uning Moskvada bir qator uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgani aytilgan.

Ravidning yozishicha, Retkliff 23-avgust kuni Vashingtondan Rigaga uchgan, 25-avgustda esa Latviya poytaxtidan Moskvaga yoʻl olgan. C-17 samolyoti 25-avgust ertalab Vnukovo aeroportiga qoʻngan.

Flightradar24 maʼlumotlariga koʻra, samolyot Moskvaga qoʻnganidan taxminan sakkiz yarim soat oʻtib Rossiya poytaxtini tark etgan.

Ayni paytda AQSH rasmiylari Retkliffning Rossiyaga tashrifini oldindan eʼlon qilmagan. Uning safari aniq qanday maqsadni koʻzlagani, qanday masalalar muhokama qilingani va Amerika delegatsiyasi tarkibida boshqa yuqori martabali amaldorlar boʻlgan-boʻlmagani ham ochiqlanmagan.

AQSH Ukrainadan Moskva va Peterburgga zarba bermaslikni soʻragan

Retkliffning tashrifi fonida yana bir muhim tafsilot maʼlum boʻlgan. Financial Timesʼning Ukrainadagi bosh muxbiri Kristofer Millerning yozishicha, Donald Tramp maʼmuriyati Ukraina tomonini yuqori martabali AQSH delegatsiyasining Moskvaga safari haqida oldindan xabardor qilgan.

Manbaga koʻra, Vashington Kiyevdan 24, 25 va 26-avgust kunlari Moskva, Sankt-Peterburg hamda Rossiyaning shimoliy hududlariga dronlar va uzoq masofali raketalar bilan zarba bermaslikni soʻragan.

Miller maʼlumotiga koʻra, Ukraina AQShning ushbu iltimosiga rozi boʻlgan.