17-avgust kuni pskovlik siyosatchi va sobiq deputat, 30 yil mobaynida «Yabloko» partiyasining hududiy bo‘limini boshqargan, huquq faoli va jurnalist Lev Shlosberg Rossiya armiyasi haqida «feyk» tarqatish va uni «obro‘sizlantirish» ayblovlari bilan 11 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. BBC rus xizmati zamonaviy Rossiya tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan regional siyosatchilardan birining tarixini hikoya qiladi.

2017-yil 6-iyunda Lev Shlosberg Pskov oblasti deputatlari yig‘ilishida o‘zining mashhur nutqi bilan chiqish qilgandi. Shlosberg o‘shanda maktablarda vatanparvarlik darslari o‘qitila boshlaganiga e’tibor qaratgandi. Uni mahalliy «yedinorosslar» tinglashga majbur bo‘lishgan. Videoyozuvda ular «Yabloko» partiyasidan bo‘lgan muxolifatchining so‘zlariga hech qanday reaksiya qilmaslik uchun planshetlariga tikilib o‘tirishgani yoki o‘zaro gaplashib o‘tirishganini ko‘rish mumkin. Oblastning o‘sha vaqtdagi gubernatori Andrey Turchakning yuzidan esa Shlosbergning so‘zlaridan qattiq darg‘azab bo‘lgani sezilib turardi.

«Maktablarda davlat vatanparvarligi darslari joriy etila boshladimi, demak, bu davlatda nimadir risoladagidek emas. Bolalarga Vatanni sevishni o‘rgatishga to‘g‘ri kelayotgan ekan, demak, Vatan o‘z farzandlarini sevmaydi, – degandi Shlosberg. – Vatanparvarlik – bu vatanga muhabbatdir. Bu – kishining shaxsiy tuyg‘usi, shaxsiy kechinmasi. Vatan – davlat yoki hukumat emas. Vatan – insonni hayotining ilk damlari bilan bog‘lab turuvchi yer parchasi. Agar odamlarni bolalikdan davlatni, hokimiyatni sevishga o‘rgata boshlashsa, bu vatanparvarlik emas, balki ularda sadoqat va itoatgo‘ylikni tarbiyalash degani. Bunday tarbiyalangan odam Vatan taqdiri hal bo‘layotgan hal qiluvchi pallalarda vatanga muhabbat va davlatga sadoqat o‘rtasida qolib, vatanga xiyonat qilishi mumkin. Chunki vatanga muhabbat ba’zan davlatga, hokimiyatga qarshi chiqishni talab qiladi».

Shlosbergning bu nutqi o‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan, ko‘pchilik tomonidan muhokama qilinan va undan iqtiboslar keltirilgandi. Uni hozir ham YouTube’dagi o‘nlab kanallardan topish mumkin. O‘tgan to‘qqiz yil ichida Pskovning o‘sha paytdagi gubernatori Turchak ko‘tarilib, Moskvada senator, Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning birinchi o‘rinbosari va «Yedinaya Rossiya» bosh kengashi kotibi lavozimlarida ishladi, keyin esa xuddi shunday tezlikda urilib, yana chekka hududga, bu safar Oltoyga gubernator qilib yuborildi. Shlosberg esa Pskovdagi deputatlik mandatini yo‘qotdi, uning rahbarligidagi «Pskov guberniyasi» gazetasining litsenziyasi bekor qilindi, «chet el agenti» deb e’lon qilindi, uchta jinoiy ish figurantiga aylandi va keyingi 11 yildan ko‘proq vaqtni qamoqda o‘tkazishi kerak.