17-oktabr kuni Toshkentdagi Brasserie Park restorani xodimining kuryerga nisbatan qoʻpol munosabati jamoatchilik muhokamalariga sabab boʻldi. Kuryer bu yerda piyodalar yoʻlagidan oʻtgan. Yoʻlak esa restoran tomonidan noqonuniy tarzda egallab olingan.

«Xohlasang bitta shapaloq ham qoʻyib yuboraman. Xohlaysanmi? Telefon bilan qoʻrqitaman deb oʻylayapsanmi? Farosatni ishlat, miyani ishlatsang boʻladi-ku, bu yerda odamlar ovqatlanib oʻtirishibdi. Sen esa skuterda kelyapsan. Senga gʻalati boʻlmaydimi? Savolimga javob ber, men tilimga javob beraman soʻkkanimga.

Tushib kelish kerak, qanaqa qilib restoranning oʻrtasidan oʻtib kelasan-u, koʻrmaysan! Koʻr boʻlish kerak bu uchun! Ha, psixman! Yana savoling bormi? Boʻldi, yaxshilikcha ket, men seni «spokoyno» qoʻyib yuborayotganimda, hozir butunligingcha ketayotganingda. … yeysan! Tushundingmi?» degan xodim kuryerga qarata.

Atrofdagilar voqeani tasvirga olayotgan kuryerni jim ketishga undashgan. Videoni ijtimoiy tarmoqda tarqatish «terpilalik» ekanligini aytishgan.

Piyodalar yoʻlagidan foydalanish talablarining buzilishi va holat yuzasidan Brasserie maʼmuriyati izoh berishni istamadi. Voqea ishtirokchisi boʻlgan kuryer Munir Yakubov voqeaga guvoh boʻlganlar ham uning yonini olishmaganini aytdi:

«Restorandan buyurtmani olib yarim yoʻlga yetganimda meni toʻxtatishdi. U yerdan oʻtish mumkin ekan, ketayotgandim, bir kishi soʻkib ketdi. Agar xushmuomalalik bilan tushuntirganda indamasdan ketgan boʻlardim.

Keyin biror yonimni oladigan odam kelarmikin desam, kuryerlar odam emas ekan-da. Yonimizda turgan odamlar ham uning yonini olishdi. Meni soʻkayotgan odamga hech kim «bu yosh bola, unaqa soʻkib tashlama. Seniyam bolang bor», demadi. Odamlardan xafa boʻlib ketdim. Hech kim yonimni olmadi.

Biz odamlar yuradigan joydan yurishga majburmiz. Chunki yoʻlga chiqish uchun prava kerak. Biz elektr velosipedda yuramiz 25 tezlikda. Odamlar kuryerlarni odamday his qilishmayapti», deydi u.

Bu voqeadan keyin Toshkent shahar hokimligi tekshiruv oʻtkazdi. Unda hududdan foydalanish talablari, jumladan piyodalarning erkin harakatlanishini taʼminlash qoidalari buzilgani aniqlangan. Shundan soʻng restoranning yozgi maydonchasi olib tashlanib yoʻlak qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgan. Aytish kerakki, yoʻlak piyodalar uchun yerosti oʻtish yoʻliga ulanib ketgan.