442 mln so‘mlik davlat xaridi bo‘yicha tanlov 1ta tadbirkorning 3ta korxonasi ishtirokida o‘tdi
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi kiparis daraxti xaridi bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Unda uchta ishtirokchi qatnashdi – uchala korxona ham ayni bir shaxsga tegishli. Xo‘jalikning avvalgi tanlovlaridan birida esa rahbarning o‘g‘liga tegishli korxona g‘olib deb topilgan.
Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi korxonasi Qaynarsoy kompleksida ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun ko‘chat xarid qilish maqsadida tanlov e'lon qilgan.
Tanlov natijalariga ko‘ra, “MTM Ta'minot” MChJ 2,5–3 metrlik kiparis daraxtining har birini 270 ming so‘mdan, jami 1640ta ko‘chat xarid qilish uchun tanlab olgan va shartnoma tuzilgan. Shartnoma qiymati – 442,8 mln so‘m.
Tanlovda, shuningdek, “Munis Kelajak Iqbol” XK (har bir kiparis daraxt uchun 275 ming so‘m taklif qilgan) va “Mega Baraka Sof» MChJ (har bir kiparis daraxt uchun 300 ming so‘m taklif qilgan) ham o‘z takliflari bilan ishtirok etgan.
Telegram'dagi davletovuz kanalining e'tibor qaratishicha, yuqoridagi uchala korxona ham bir kishiga – Egamberdiyev Ravshan Valiyevichga tegishli.
Ushbu shaxsga tegishli boshqa bir korxona – “Erv Sulton Tomorqa Xizmati” MChJ may oyida Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga 377,4 mln so‘mlik tuyadaraxt yetkazib bergan.
Davletovuz boshqa bir holatga ham diqqat qaratgan. Ma'lum bo‘lishicha, Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi 2021 yil may oyida o‘tkazgan boshqa bir tanlovda xo‘jalik rahbarining o‘g‘liga tegishli korxona g‘olib chiqqan.
Qaynarsoy kompleksida ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun ko‘chat xarid qilish maqsadida 203,6 mln so‘mlik qora archa va tuyadaraxt uchun yetkazib beruvchi sifatida “Xojimurod-Abduvali o‘g‘li” fermer xo‘jaligi tanlangan. Bu xo‘jalik Abdujalilov Abduvali Abdur (reyestrda sharif tugamay qolgan)ga tegishli. Ma'lumotlarga ko‘ra, u Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi korxonasi rahbari Abdujamilov Abdukarim Abduraimovichning o‘g‘li hisoblanadi.
Qayd etish lozim, Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi korxonasi Toshkent viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli.
Kun.uz ayni masalalar yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Otabek Ashurovdan izoh so‘radi. Qo‘mita rasmiysi tegishli ma'lumot tez orada taqdim etilishini bildirdi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovning Kun.uz'ga bergan intervyusida, davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida bir tadbirkor tomonidan tuzilgan 3-4 ta firma auksion yoki tenderda qatnashishi va o‘sha firmalardan birining g‘olib bo‘lishi, bu haqiqiy raqobatni bildirmasligini ta'kidlab o‘tgandi.
Shuning uchun mazkur jarayonda affillangan shaxslar (rasmiy ravishda biriktirilgan shaxslar jamoasi) bitta lotda qatnashishi taqiqlanishi aytilgandi.
Yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunda davlat xaridlari bo‘yicha 4 ta mas'ul davlat organlari belgilangan. Bular – Moliya vazirligi (regulyator sifatida), Hisob palatasi, prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Avvalroq, respublika bo‘yicha budjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 141 mlrd so‘mlik 458ta tanlovda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid

18:41 / 22.02.2025
Toshkent viloyatida yirik miqdordagi firibgarlikni sodir qilgan shaxs qamaldi

11:42 / 21.02.2025
Toshkent viloyatida yuk mashinasi yo‘lga o‘tirib olgan shaxsni urib ketdi

16:32 / 20.02.2025
Parkentdan Toshkentgacha temiryo‘l quriladi

23:35 / 14.02.2025