17:39 / 24.04.2021
4973
Davlat xaridlarida benefitsiar mulkdor shaxsi ochiqlanishi belgilandi

Yangi qonun bilan davlat xaridlarida ishtirok etadigan tadbirkorlik sub'yektlarining ta'sischisi va benefitsiar mulkdori kimligi bevosita ochiqlanadi.

O‘zbekistonda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida affillanganlik to‘g‘risida va benefitsiar mulkdorlarni ochiqlash haqidagi normalar belgilandi.

Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Umarovning Kun.uz'ga bildirishicha, mazkur norma xaridlardagi ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashda asqatadi.

«Qonunda davlat xaridlarida ochiqlik, shaffoflik va jamoat nazoratini ta'minlashga juda katta e'tibor berilgan. Ushbu hujjat bilan davlat xaridlarida ishtirok etadigan tadbirkorlik sub'yektlarining ta'sischisi kim, benefitsiar mulkdori kimligini bevosita ochiqlash orqali keng jamoatchilikka yetkaziladi.

Xaridlarni amalga oshirishda rejalashtirishdan tortib, oxirida shartnoma tuzib, tovarlarni yetkazib berganlik bo‘yicha barcha ma'lumotlarni maxsus axborot portalida joylashtirish ko‘zda tutilgan», – dedi vazirlik vakili.

Avvalroq, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov qonun Senat tomonidan ko‘rib chiqilayotgan paytda ushbu masalada ma'lumot bergandi.

«Qonunda nafaqat budjet buyurtmachisining afillangan shaxsi yoki qarindoshi xarid jarayoniga qo‘shilishi, balki u haqidagi ma'lumotlar ochiqlanishi ham ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorlar o‘zi tuzgan 3-4ta firma auksion yoki tenderda qatnashishi va o‘sha firmalardan birining g‘olib bo‘lishi – bu haqiqiy raqobatni bildirmaydi. Shuning uchun mazkur jarayonda afillangan shaxslar bitta lotda qatnashishi taqiqlanmoqda», degan edi vazirlik rasmiysi.

Shuningdek, qonunda manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotning oshkor qilinishi ham belgilandi.

Bunda davlat buyurtmachisining, davlat xaridlari elektron tizimi operatori, ixtisoslashgan tashkilotning, ekspert tashkilotining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek, xarid komissiyasining azolari hamda ekspertlar xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda o‘z ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi bo‘lgan har qanday shaxsiy foydani bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.

«Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi axborotni olgach, ushbu qonunga muvofiq davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlariga tegishli axborotni kiritishi shart», deyiladi hujjatda.

  • Benefitsiar mulkdor – provardida mulk huquqlariga egalik qiladigan yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini amalda nazorat qiladigan jismoniy shaxs.

Yangi qonunda davlat xaridlari bo‘yicha mas'ul davlat organlari sifatida Moliya vazirligi (regulyator), Hisob palatasi, Prokuratura va Aksilkorrupsiya agentligi va Aksilmonopoliya qo‘mitasi belgilandi.

Top