PTMAga o‘tayotgan ixtisoslashtirilgan maktablar: 50 mingga yaqin o‘quvchilar nima qiladi?
Respublika bo‘yicha yuzdan oshiq ixtisoslashtirilgan maktablar XTV tizimidan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilmoqda. Yaqin orada ularga qaytadan qabul bo‘lib o‘tadi. Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, imtihondan o‘ta olmagan IDUM o‘quvchilari o‘z hududidagi, XTV tizimiga kiruvchi maktablarda o‘qishini davom ettiradi.
Prezident farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan ixtisoslashgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilmoqda. Bu maktablarda o‘qitish qaytadan tashkil etiladi, o‘qituvchilar va o‘quvchilar qabuli yangidan amalga oshiriladi.
Kun.uz'ga Toshkentdagi ayni shunday maktablardan biri – aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab (AFIDUM) o‘quvchilarining ota-onalaridan maktab yopilishi bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Farmonga ko‘ra, maktab agentlik tasarrufiga o‘tishi va Olmazor tumani ixtisoslashtirilgan maktabiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
AFIDUM joriy yildan o‘z faoliyatini tugatib, qaytadan o‘quvchilarni qabul qiladi. Ota-onalar esa murojaatda bundan norozi ekanliklari, maktabda bolalariga yaxshi ta’lim berilayotgani, bolalari sarson bo‘lishini xohlamasliklarini bildirgan.
Xalq ta’limi vazirligi izohi
Aprel oyida ixtisoslashtirilgan maktablar mavzusi ko‘tarilganda Xalq ta’limi vazirligi masalaga munosabat bildirgandi.
“2022-2023 o‘quv yilidan boshlab, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar tashkil etilishi belgilandi.
Agentlik maktablarida Prezident maktablari tajribasidan kelib chiqib, o‘quv jarayoni xalqaro ta’lim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib boriladi, o‘quvchilar xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va ta’lim muhiti yaratiladi, mazkur jarayonga xorijiy hamda mahalliy pedagog kadrlar jalb qilinadi, sun’iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etiladi”, deyiladi munosabatda.
Qayd etilishicha, 2022/2023 o‘quv yilida agentlik maktablariga o‘quvchilar imtihon asosida, yangi aniq fanlar yo‘nalishiga 5–11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7–11-sinflarga qabul qilinadi (keyingi yillardan boshlab mos ravishda faqat 5- va 7-sinflarga qabul bo‘ladi).
Mazkur tanlovlarda birinchi navbatda shu maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilar to‘liq ishtirok etadi va ularning barchasiga tanlovda qatnashishga imkoniyat beriladi.
Vazirlik o‘quv yili tugamasdan ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarini boshqa umumta’lim maktablariga ko‘chirish topshirig‘i berilmaganini bildirib, maktab ma’muriyatlarini shoshma-shosharlik qilmaslikdan ogohlantirgan, ota-onalardan esa bu o‘quv yilini yaxshi kayfiyatda tugatib, farzandlari agentlik tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda qatnashishini so‘ragandi.
Qabul qachon bo‘ladi?
Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qachon va qay tartibda bo‘lib o‘tishini aniqlash uchun Prezident ta’lim muassasalari agentligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bilan bog‘landik. Uning aytishicha, hozir agentlik tizimiga o‘tkazilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qituvchilar imtihon asosida saralab olinmoqda. Yaqin orada o‘quvchilar qabuli ham boshlanadi.
“Yaqin orada qabul haqida to‘liq ma’lumotni rasmiy kanalimizda e’lon qilamiz”, dedi Dilfuza Sobirova.
“O‘quvchilar sarson bo‘lmaydi”
Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul 5–11- va 7–11-sinflar uchun bo‘lsa, qolgan sinflarda o‘qiydigan o‘quvchilar taqdiri nima bo‘lishi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog‘landik.
“Farmon bilan bugungi kunda xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan 121 ta ta’lim muassasalari Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilib, ular negizida ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlar tashkil etiladi. Bugungi kunda mazkur ta’lim muassasalarida 49 242 nafar o‘quvchilar ta’lim olmoqda”, deya ma’lumot berdi Laylo Rustamova.
Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, qabul imtihonlarida qatnashmaydigan yoki tanlovdan o‘ta olmagan o‘quvchilar hududlardagi boshqa umumta’lim maktablariga qabul qilinadi. “Ular sarson bo‘lmaydi”, dedi XTV so‘zchisi.
Mavzuga oid
11:55 / 09.09.2022
110-maktabda kiyinish xonasiga kameralar o‘rnatilishi bilan bog‘liq mojaro kelib chiqdi
16:02 / 08.09.2022
Respublika ta’lim markazi rahbari yangi darslikka tadbirkor Murod Nazarov haqida ma’lumot qo‘shilganiga izoh berdi
22:46 / 07.09.2022
Nega XTV darsliklar ijarasini bepul qilishni avvalroq taklif qilmagan? Vazir o‘rinbosari izohi
19:28 / 07.09.2022