15 ta yirik davlat korxonasining aksiyalari ochiq savdoga chiqariladi
Uzbekistan Airways, «O‘zavtosanoat», «O‘zbekneftgaz», 5 ta bank va 3 ta yirik metallurgiya kombinati 2023 yilgacha IPO o‘tkazishi belgilandi.
2021-2023 yillarda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy sotuvga chiqariladigan (IPO) davlat korxonalari ro‘yxati tasdiqlandi.
Kapital bozorini rivojlantirishga oid prezident farmoniga ko‘ra, ro‘yxatga quyidagi 15 ta kompaniya kiritilgan:
- «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJ
- «O‘zbekneftgaz» AJ
- «Milliy bank» AJ
- AT Xalq banki
- «Agrobank» ATB
- «Mikrokreditbank» ATB
- «Qishloq qurilish bank» ATB
- «O‘zagrosug‘urta» AJ
- «Qurilishmashlizing» AJ
- «O‘zbekinvest» AJ
- «Uzbekistan Airways» AJ
- «Uztransgaz» AJ
- «Olmaliq KMK» AJ
- «Navoiy KMK» AJ
- «O‘zavtosanoat» AJ
Qarorda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat komissiyasi bilan kelishgan holda ro‘yxatga o‘zgartirish kiritishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Ro‘yxatdagi kompaniyalarning o‘z aksiyalarini ochiq bozorga chiqarishiga oid yo‘l xaritalari 2 oy muddatda tasdiqlanishi lozim.
Kompaniyalar qancha miqdordagi aksiyalar paketini sotuvga qo‘yishi noma’lum. Shunisi ma’lumki, yuqoridagi 5 ta bankdan faqat bittasi – «Qishloqqurilishbank» xususiylashtirilishi kutilmoqda. Shuningdek, «UzAuto Motors» AJ 10 foizgacha aksiyalarini IPO o‘tkazgan holda sotishini e’lon qilgan.
O‘zmetkombinat, OKMK va NKMK IPO o‘tkazishi haqida 2019 yil boshida ma’lum qilingandi.
- IPO (inglizcha – Initial public offering) aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini cheklanmagan miqdordagi shaxslarga dastlabki ommaviy sotishni bildiradi.
O‘zbekiston tarixida ilk bor tajriba tariqasida «Kvars» AJ 2017 yil dekabrida «Toshkent» fond birjasida IPO o‘tkazgan. Shundan so‘ng «Jizzax plastmassa» AJ ham aksiyalarini ochiq ravishda fond birjasiga joylagan.
«Kvars» va «Jizzax plastmassa» hozircha O‘zbekistonda IPO o‘tkazgan birinchi va oxirgi kompaniyalar bo‘lib qolmoqda. Vaholanki, 2019 yildayoq mamlakatdagi o‘nga yaqin kompaniya aksiyalari ochiq savdoga chiqarilishi e’lon qilingandi. «Biz yil oxiriga qadar 10 tadan kam bo‘lmagan kompaniya IPO jarayonini o‘tkazishini kutmoqdamiz. Hech bo‘lmaganda, 6 kompaniya», degandi o‘shanda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Asqar Obidov.
2019 yildagi hukumat qarorida «Jizzax plastmassa» AJdan tashqari, O‘zsanoatqurilishbank va Asia Alliance Bank ham IPO o‘tkazishi belgilangan edi.
2020 yil yozidagi hujjat loyihasida esa «Qizilqumsement», Tovar-xomashyo birjasi, Andijon biokimyo zavodi, UzBAT, «O‘ztemiryo‘lkonteyner» kabi davlat aktivlari aksiyalarini ham ochiq ommaviy savdoga chiqarish reja qilingandi.
Mavzuga oid
11:26 / 23.12.2024
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
15:44 / 21.11.2024