18:36 / 14.06.2022
30417

Andijon shahrining qamoqqa olingan hokimi o‘rniga yangisi tayinlandi

Moliyachi Haydarov o‘rniga bankir Abdurahmonov Andijon shahrining yangi rahbariga aylandi.

Foto: Kun.uz

14 iyun kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tashkiliy masala ko‘rilgan sessiyada G‘ofurjon G‘ulomjanovich Abdurahmonov shaharning yangi hokimi etib tayinlangani e’lon qilindi.

G‘. Abdurahmonov 1976 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi. U 1994-1997 yillarda Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasida turli lavozimlarida faoliyat yuritgan.

1997 yildan 2009 yilgacha Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limida ishlagan.

2009-2011 va 2012-2013 yillarda Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2013-2021 yillarda esa ATB «Qishloq qurilish bank» Boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2021 yildan hozirga qadar «Qishloq qurilish bank» Boshqaruv raisi maslahatchisi edi.

  • Ma’lumot uchun, bu Andijon shahrida so‘nggi uch yillikdagi uchinchi hokimdir. Shaharga 2016 yildan buyon rahbarlik qilgan Dilmurod Rahmatullayev 2019 yil avgustida internetda navbatdagi videosi tarqalishi ortidan lavozimini tark etgandi. 
  • Uning o‘rniga tayinlangan Bahrom Haydarov ham internetda tez-tez tanqidiy maqolalar qahramoniga aylandi. 2022 yil 6 iyun kuni esa u 2017−2019 yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, hibsga olindi. 
  • Bahrom Haydarov protsessual tartibda ushlangani ortidan Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov ham budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi tariqasida hibsga olingandi.

Andijon shahar hokimi eski lavozimida sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani ma’lum qilindi

 

Mavzuga oid
Top