8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

22:00 / 28.06.2019 221092

«I***s, m***z, sh***l» - Andijon viloyati hokimi vazirni haqoratladi. U bunga vakolatni qayerdan olgan?

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 9 iyun kuni viloyat hokimligida o‘tkazgan yig‘ilish audiofayli Kun.uz ixtiyoriga kelib tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvda viloyat hokimi bir qancha mansabdorlarni ochiqchasiga haqorat qilganini ko‘rish mumkin.

Viloyat hokimi 9 iyun, yakshanba kuni tonggi soat 6da selektor o‘tkazayotganini pesh qilib, g‘alla o‘rimi masalalariga to‘xtalib, Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev manziliga tanqid yog‘diradi.

«Shahardagi Rahmatullayev degan sh***l, i***sni kasal qilib o‘ldiraman! 20 yilga qamayman. O‘tgan yili «Nodirabegim» parkiga prezidentimizdan so‘rab pul olganman. Kecha razbor qilyapman, pul ham yo‘q, quruvchi ham yo‘q. Yeb, yutib, Turkiyaga qochib ketgan, i***s. Hozir biz tutdirib obkeldik buyoqqa.

48ta mashinani axlat [tashish] uchun deb oberganmiz, 16tasini ishlatishyapti, qolganini shag‘al tashishga chiqarib yuboribdi, i***s. Axlat esa to‘planib ketyapti. Usmonov degan general hokimligida (sobiq militsiya generali Ahmadjon Usmonov 2006-2013 yillarda Andijon viloyati hokimi bo‘lgan – tahr.) men qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosar edim. 15 kunda bir marta qishloq xo‘jaligi texnikalarini obkelib shahar ichidan axlatlarni tashitardim. Bu ** sekin-sekin shunga obkelmoqchi bo‘lyapti-da! Jonini sug‘urib olaman i***slarni. Shahardan kim qatnashayotgan bo‘lsa kechasi bilan o‘tqazib qo‘ydim hammasini, qamab. O‘tirasan i***s, dedim. Mahalla komitet oldiga bitta mashina, bitta shofyor, bitta axlatchi — ikkita bolani mahallaga bog‘lab qo‘yasan, i***s, qani bir qadam siljib ko‘rsin, onangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman!

Qaysidir tumanlarda elektr energiyasidan muammo yo‘q. Ertaga qish keladi yana. Tadbirkor bo‘l, deyapmiz. Tadbirkor bo‘lish uchun birinchi nima kerak? Yer kerak, bino kerak, elektr kerak, suv kerak, yo‘l kerak. Qishda 50 foiz svet bo‘lmaydi desak qiladimi u? Qilmaydi-da. Mana turibdi, mutaxassis noinsoflar, i***s. Kallasi ishlamaydi.

Kecha vaziri kelib, menga aytyapti u ham. «Shuhrat aka, hisob-kitobini bersangiz, sizga qancha elektr energiyasi kerak?». Menda ham bor sizlarda bor kalla. Elektrning vaziri men qayoqdan bilaman, deb menga savol beryapti. T***ymi u? Iloji yo‘q, hamma elektrosetni to‘plab, tadbirkorlarning ro‘yxatini qilishni buyurdim. Qishda qancha elektr energiyasi kerak bo‘lishini hisoblatdim. Yangi paydo bo‘layotgan tadbirkorlik sub'yektiga qancha kerak bo‘lishi. Uchinchidan, ishlamay turgan 2135ta XBKga o‘xshagan obektlar o‘sha paytlar qancha quvvat iste'mol qilganini hisobla — chiqadi. Shunga aqli yetmayapti bu farosati yo‘qlarning. Yo aqli yetmayapti, yo atay qilyapti», degan hokim.

Shuhrat Abdurahmonov Namangan viloyatiga kelib chiqishiga ko‘ra o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov katta mablag‘ ajratgani, Andijonda esa bunday pullarsiz katta ishlar qilinayotgani haqida gapirgan.

«Andijondagi 2135ta bo‘sh turgan obektni viloyatdan komissiya qilib, DXX, prokuratura, IIB, soliq va boshqa balo-battarlardan 16ta guruh qilib, 16ta tumanga jo‘natib, elab chiqdim. Andijondagi vaziyatni hozir prezident ham biladi. Andijonga yordam qil, bo‘sh turgan obektlarni [ishlaydiganlarga] ober, deb turibdi. Kecha Shahrixonning hokimidan ana shu 2135ta obektdan sening tumaningda nechtasi deb so‘rasam — bilmayapti! Bilmayapti, i***s, t***y! Odammas, e**k u! Bular bilan men qanday qilib ishlayman? Butun respublika ko‘chib kelib hozir menga yordam beryapti. Hokim esa o‘zidagi 167ta obektdan bexabar, menda 51ta deyapti. Ana ahvol!

Men uchun emas, Andijon uchun ishla. Ey i***s, nima deb sasiyapsan Andijon haqida? Ana qo‘shni viloyatlarga o‘tib kel. Alisher Usmonov degan milliarder Namanganda tug‘ilgan ekan. Namanganning tumanlarini obod qilishga 50 million dollar pul berdi. Andijonlik qaysi i***s menga bir so‘m pul berib qo‘yyapti? Endi borib Namanganda 50 mln dollarga u nima qilyapti-yu, bir so‘msiz Andijon nima qilyapti, solishtirib ko‘r!», deydi viloyat hokimi.

Shundan so‘ng u sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni haqoratlagan.

«Nimaga men bilan maslahat qilmaysan? Quruvchi i***s o‘yin qilyapti, nimaga aytishmaysan? Vazirchang menga xat yozibdi. Respublika rahbaring xat yozibdi, i***s. Kim u sh***l menga? «Siz, deydi, qaramabsiz, markazimizni prezidentimizning topshirig‘i bilan qiluvdik», deydi. U qilibdi ekan, i***s! «Biz qilayotgan narsani quruvchingiz sifatsiz bajaryapti, to‘g‘rilatib qo‘ying», deydi. Kim o‘zi u i***s?! Nega menga bunaqa xat qildiryapsan, ey sen, m***z, l***a, oblzdravning boshlig‘i, i***s?

Sening nimadan xabaring bor o‘zi, aytgin? Kasaldan xabaring bo‘lmasa, undan xabaring bo‘lmasa? Anavi m***s, vazirchang, i***s, kecha menga kevolib, ketimga paxta qo‘yib, o‘zi Andijondan chiqqan, bosh prokurorga xat kirgizibdi: «Shpritsni o‘tkazyapti, tender qilmasdan, perchatkani (rezina qo‘lqop – tahr.) o‘tkazyapti», deb. Sen m***zsan, dudkasan! Sening boshingni yeyman, i***s. Otasiga rahmat, bosh prokuror (selektor yig‘ilishi 9 iyunda o‘tganidan sobiq bosh prokuror Otabek Murodov nazarda tutilmoqda — tahr.) menga «manavi vazir bilan gaplashib oling, bunaqa xat qilyapti», deb aytdi. Men shpritsni katta xolamnikiga olib ketyapmanmi?

Shpritsning nimasiga e'tiroz qilyapti? Sifatsizligigami? Sen medik sifatida ayt-chi, nimasi sifatsiz uning? Nega sifatli narsani sifatsiz, deyapsan, yur hokimning oldiga deb aytmading? **! Ikki tomonga o‘ynayapsan sen, i***s. Tilingni uzib olib, k****ga tiqib qo‘yaman sen m***zning hali. Sen h*****k men bilan o‘ynashyapsan. Lekin eshitib ol: bugun mening qo‘limda hokimiyat! Joningni sug‘urib olaman sen i***slarni!

Toshkentdagi bitta i***s bir yerdan import qilib olib kelyapti shpritsni. Uning tepasida 15-20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Ularning rizqi qirqildi-da, endi. Men u yoqqa pul o‘tkazmayapman. O‘zimnikini olaman, deyapman. Shpritsni oldiga tashlab qo‘ydim. Hamma glavvrachlarni to‘plaganman. Manavi oliftalarni. Umrimda bormagan kasalxonangga bordimmi? Mana shprits, mana perchatka dedim. Sifatiga, narxiga e'tirozing bo‘lsa aytinglar, dedim. Bittang tishingning oqini ko‘rsatishmading. O‘sha shprits chiqaradigan zavodda 150 odam ishlayapti. U zavod menga soliq to‘layapti. U tadbirkor bechora pul sarfladi, zavod obkeldi. Unga yordam bermasam, uni qo‘llamasam ertaga o‘ladi, kuyadi, bankrot bo‘ladi. Nega men toshkentlik ikki i****ning dudkasiga o‘ynab, uning shpritsini olishim kerak? Pul meniki bo‘lsa, xalq meniki bo‘lsa! Bu **larning ana shunga keti kuyib, ana shu dudkaga qo‘shilib o‘ynab, buning idorasida to‘planib olib rosa xat qilishgan. E'lon qilayotgan aybini qarang: hokim sifatsiz narsani o‘tkazyapti. Iye? Nimasi sifatsiz? Bo‘ynimga qo‘yib ber meni, m***z!

Men o‘sha prokuraturaga yozgan xatini sening ******* ***** ******** ********. Vaziringga ham aytdim buni. Burgut qushni misol qilib berdim. Ey, Alisher Qayumovich! Burgut qush uchadi uchadi bitta joyda aylanadi. Shu yerda tug‘ilganman, shu yerdan chiqqanman, deb. «Ey, Shuhrat aka, undoq-bundoq», deb ketdi menga paxtani qo‘yib. Uyog‘da sekin Bosh prokuraturaga mening ustimdan xat kirgizvoribdi. Sifatsiz narsani o‘tkazishyapti, deb. Mana!

Bor yo‘qol, hozir Toshkentga chiqib ketgin-da, ana shu gapingning uddasidan chiqib kelolsang kelasan. Bo‘lmasa ana shu yoqda yo‘qolib ket, ko‘zimga ko‘rinma! Xudoga shukr, prokuratura ham bugun biz bilan. Yomonlikka olganida tekshirardi. Bosh prokurorimiz (sobiq bosh prokuror - tahr.) bugun mening mehnatimni bilib turibdi. Senlar nimalarni o‘ylashayotganingni ular ham bilib turishibdi», degan viloyat hokimi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga.

Hokim shundan so‘ng «Nodirabegim» parki qurilishi bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirgan.

«Respublika Milliy banki bizda quriladigan «Nodirabegim» bog‘i qurilishi uchun bankning Shayxontohur tuman filiali orqali pul berarmish. Nega mening o‘zimga bermaydi pulni? Shayxontohurdagi to‘rtta h*****k … ketigacha tilla, uzuk taqib olgan. Hammayog‘iga uzuk taqib olgan odam *******-da endi. Mening oldimga kelishdi. Men «O‘zimda quruvchi bor, nega menga Toshkentdan yetaklab kelyapsan?» dedim. «Shuhrat aka, bilasizmi, bular jannat qiladi, bular shug‘ullangan, Toshkentdagi parklarni falon qilgan, piston qilgan», deydi. «Ertaga sassig‘i chiqadi buni. Qo‘y, menga yaqinlashtirmagin bularni, o‘zim qildiraman», dedim. Qasam ichib ketgandi. Mana endi chiqdi sassig‘i. Pulni olib turib, 400 ming dollarini shartta yechib olgan. Shartta Andijonning xalqiga berilgan pulning 400 ming dollarini yeb yuborishgan. Og‘zi ochiladiganlarga berib qo‘ygan, ular gapirmayapti endi. O‘zi sekin ishdan chiqib ketibdi. Qani o‘sha i***s, olib kelasan mening oldimga, desam, «aka, ular tag-tubi bilan dom-daraksiz yo‘q» deyishyapti. Endi o‘rniga yangi bo‘lgani «Aka endi nima qilasiz?», deb menga shart qo‘yyapti, i***s. «Sen kimsan, h*****k? Tupurganman senga o‘xshagan toshkentlikka», dedim. «Kecha kelib qabulingizga kira olmadim», deydi. O‘tiribdimi Andijonda hozir? «Xudoga shukr de, qamab qo‘ymayapman. Qimirlamaysan Andijondan, dedim. Toki shu «Nodirabegim» bitmagunicha chiqmaysan Andijondan», dedim. Qimirlamay o‘tiradi», — degan Andijon viloyati hokimi 9 iyun kuni viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida.

Etika nuqtai nazaridan boshdan oyoq haqoratlarga to‘la bo‘lgan audioni keltirmaslikka qaror qildik.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov lavozimga 2017 yil fevralida tayinlangan. U 2010-2015 yillarda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori bo‘lib ishlagan, 2016-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik Palatasi deputati bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha bu audio yuzasidan munosabat bildirmadi.

Kun.uz tahririyati Bosh prokuraturadan bu masalada izoh so‘radi va masala yaqin vaqtlar ichida o‘rganib chiqilishi haqida javob oldi.

Qayd etish kerakki, joylarda rahbar xodimlarning o‘z qo‘li ostidagilarga qo‘pol munosabatda bo‘lishi, zug‘um o‘tkazishi odatiy holatga aylangan. Ammo viloyat hokimi darajasidagi mansabdorning vazir darajasidagi hukumat vakillariga bunday toqat qilib bo‘lmas ohanglarda murojaat qilishi OAVga ilk marta ma'lum bo‘lmoqda.

Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning oktyabrida Andijon viloyatining Andijon tumani hududida uch xil turdagi shprits, yurak-qon tomirlari kasalliklari, oshqozon kasalliklariga qarshi tabletka va kapsula ko‘rinishidagi dori ishlab chiqaruvchi «Makrofarm Andijon» korxonasi ishga tushgan. Viloyat hokimi katta ehtimol bilan Sog‘liqni saqlash vaziriga qarata murojaatida aynan shu korxonani nazarda tutgan (korxona ochilganida bu yerda 120 ishchi o‘rni yaratilgani aytilgan, hokim esa 150 ishchi o‘rni haqida gapirgan, bu farq vaqt tufayli bo‘lishi ham mumkin).

Bir umr agrar sohada ishlagan viloyati hokimi tibbiyot sohasining ikir-chikirlarini, tabiiyki, bilmaydi. Albatta, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari o‘z sohasini viloyat hokimidan ko‘ra yaxshiroq tushunishi tabiiy va o‘z e'tirozini bildirishga haqli. Bu birinchi navbatda aholi salomatligi va xavfsizligi uchun muhim.

Shuningdek, uning mahalliychilik qilishi (bu ayniqsa Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov va shu viloyatdan chiqqan Alisher Usmonov haqidagi gaplarida, shuningdek Toshkent shahridan kelgan mutaxassislar bo‘yicha qarashlarida ko‘rinadi) rasmiy amaldorga umuman yarashmaydigan xunuk kamchilikdir.

Viloyat hokimi o‘zgalarga tahdid qilishdan avval mamlakat qonunchiligini qaytadan o‘qib olishi kerak ko‘rinadi.

Nima bo‘lganda ham, viloyat hokimi o‘zi o‘ylayotganidek hokimiyatni qo‘lga olib qo‘ymagan. U o‘zi o‘ylayotganidek hokimiyat tayanchi ham emas, u prezident tayanchi ham emas. Prezidentning tayanchi hokimlar ham, vazirlar ham emas, balki xalqdir.

Andijon viloyati hokimi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasida belgilangan «Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir» degan oltin qoidani unutgan ko‘rinadi.

Boz ustiga amaldagi tartib bo‘yicha vazirlar ham shaxsan Prezident tomonidan lavozimga qo‘yiladi. Xususan, Alisher Shodmonov Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 20 fevraldagi PF-4964-sonli farmoni asosida tayinlangan.

Demak, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bevosita Prezident tayinlagan mansabdorlarni haqorat qilmoqda va qo‘shimchasiga «bugun hokimiyat mening qo‘limda» deya iddao qilmoqda.

Qiziq, viloyat hokimi vazirlarni haqorat qiladigan darajadagi hokimiyatni qayerdan oldi ekan? Konstitutsiyada yoki qonunlarda bunday vakolat yo‘q-ku? Yoki Andijonda qonunlar boshqachamikin?

Aziz Qarshiyev

Top