O‘zbekiston | 17:42 / 15.10.2019
17132
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xorijga chiqish pasporti berish punktlariga ega tumanlar soni ko‘paydi

O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun Samarqand viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tasarrufidagi Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, shuningdek, Samarqand, Past Darg‘om, Payariq, Toyloq va Urgut tumanlari IIB M va FRBlarda ma'lumotlarni yig‘ish punkti faoliyat yuritayotgan edi.

Lekin ayni kunlarda xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaatlarning ko‘payib borayotganligini inobatga olib, shuningdek, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ularning nisbatan uzoqroq masofaga borishlarini qisqartirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tashabbusi bilan Samarqand viloyatining Narpay, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlari Ichki ishlar bo‘limlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida ham ma'lumotlarni yig‘ish punktlari tashkil etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, mazkur punktlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazidan berilgan texnik qurilmalar o‘rnatilib, xorijga chiqish pasporti olish bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 

Bugungi kunga kelib Samarqand viloyatida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun tashkil etilgan ma'lumotlarni yig‘ish punktlari quyidagi tarzda taqsimlanib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda:

·       Samarqand viloyati IIB M va FRBda: Samarqand shahri, Nurobod va Jomboy tumanlari aholisiga;

·       Samarqand shahar IIO FMB M va FRBda: Samarqand shahri aholisiga;

·       Samarqand tumani IIB M va FRBda: Samarqand tumani aholisiga;

·       Ishtixon tumani IIB M va FRBda: Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlari aholisiga;

·       Narpay tumani IIB M va FRBda: Narpay va Paxtachi tumanlari aholisiga;

·       Payariq tumani IIB M va FRBda: Payariq va Oqdaryo tumanlari aholisiga;

·       Past Darg‘om tumani IIB M va FRBda: Past Darg‘om va Nurobod tumanlari aholisiga;

·       Toyloq tumani IIB M va FRBda: Toyloq va Jomboy tumanlari aholisiga;

·       Urgut tumani IIB M va FRBda: Urgut tumani aholisiga;

·       Kattaqo‘rg‘on shahar IIB M va FRBda: Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani aholisiga;

·       Kattaqo‘rg‘on tuman IIB M va FRBda: Kattaqo‘rg‘on tumani aholisiga;

«Joriy yil so‘ngiga qadar Samarqand viloyatining barcha shahar-tuman IIB M va FRBlarida xorijga chiqish pasportini olish uchun ma'lumotlarni yig‘ish punktlari ochilishi rejalashtirilgan», — deydi Samarqand viloyati IIB MvaFRB boshlig‘i, podpolkovnik Davron Norchayev Kun.uz muxbiriga.

Ma'lum qilinishicha, faoliyat ko‘rsatib turgan ma'lumotlarini yig‘ish punktlarida xorijga chiquvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan fuqarolar, homilador ayollar, yosh bolalar va nogironlarga navbatsiz xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. Bundan tashqari, aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida yakshanba kunlari jadval asosida navbatchilik tashkil qilingan holda fuqarolarni qabul qilish va tayyor pasportlarni egalariga tarqatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid