Jahon | 00:53 / 25.02.2025
7747
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukrainadagi urushni bir necha hafta ichida tugatishimiz mumkin

Tramp Emmanuel Makron bilan Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ukrainadagi urush «bir necha hafta ichida» tugatilishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u Zelenskiy foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzolash uchun shu yoki keyingi hafta Vashingtonga kelishini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya—Ukraina urushi bir necha hafta ichida tugatilishiga umid qilmoqda. Bu haqda u Oq uyda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga ishtirok etgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«O‘ylaymanki, bunga bir necha hafta ichida yakun yasashimiz mumkin. Agar biz aqlli bo‘lsak. Aqlli bo‘lmasak, bu davom etadi va o‘lishi kerak bo‘lmagan yosh, ko‘rkam odamlarimizni yo‘qotishni davom etamiz. Biz esa buni xohlamaymiz», — deydi Tramp.

AQSh prezidenti, shuningdek, mojaroning kuchayishiga va uchinchi jahon urushining boshlanishiga yo‘l qo‘ymoqchi emasligini ta’kidladi.

«Bu bilan mustaqil shug‘ullanilmasa, uchinchi jarhon urushiga olib kelishi mumkin. Shunday vaqt keladiki, urush ushbu ikki davlat bilan cheklanmaydi. Unga boshqa davlatlar ham jalb qilinadi. Va bu haqiqatda juda katta urushga — uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya qayd etadi Tramp.

Shuningdek, Tramp yaqin ikki hafta ichida tabiiy resurslar bo‘yicha bitimni imzolash maqsadida Volodimir Zelenskiy bilan uchrashish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«U bitimni imzolash uchun shu yoki keyingi hafta kelishi mumkin va bu juda yaxshi bo‘lardi. U bilan Oval kabinetda bajonudil uchrashgan bo‘lardim», — deydi Tramp. AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar va Ukraina nodir metallar «va boshqa masalalarda» «yakuniy kelishuvga erishishga juda yaqin» turibdi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 22 fevral kuni Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni «shu haftada» tugatishga ishonayotganini ma’lum qilgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining uch yilligi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya bilan urushni «shu hafta tugatib bo‘lmasligini» bildirdi.

Mavzuga oid