12:37 / 30.01.2020
1
47083

Dunyoda epidemiyalar tobora ko‘paymoqda. Nima uchun?

So‘nggi o‘ttiz yilda viruslar tarqalishi holatlari ko‘paydi. Xitoydagi yangi koronavirus kabi virusdan kasallanish oqibatida epidemiyalar kelib chiqishi odatiy holga aylanmoqda. Lekin nima uchun?

Bi-bi-si shu savolga javob izladi.

Bugungi kunda Yer yuzi aholisi har qachongidan ko‘ra ko‘proq. Sayyorada bugungi kunda - 7,7 mlrd kishi yashamoqda, aholi soni kundan kunga ortmoqda va zichlashmoqda.

Odamlar ko‘paymoqda - kengliklar toraymoqda. Bu esa patogenlar (kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar) odamlar orasida tez tarqalishini ta'minlaydi.

Healthmap.org sayti butun dunyodagi turli viruslarning tarqalishini kuzatadi. Hozirda global vaziyat shunday ko‘rinmoqda

Uxan koronavirusi kasallangan odam yo‘talganida yoki aksirganida tupuk tomchilari orqali yuqadi. Inson organizmdan tashqarida virus uzoq vaqt yashab qola olmaydi, shuning uchun yuqishi uchun odamlar juda yaqin bo‘lishi talab etiladi.

2014 yilda Ebola virusi epidemiyasi bilan ham shunday bo‘lgandi. U qon va tanadagi boshqa suyuqliklar orqali tarqalar, uni zararlangan odam bilan yaqin aloqada bo‘lganlargina yuqtirardi.

Barcha viruslar ham odamdan odamga yuqmaydi, ammo chivinlar orqali tarqatiladigan Zika virusi ham odamlar tig‘iz yashaydigan joylarda tezroq tarqalishi ma'lum bo‘lgan. Chivinlar oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l bo‘ladigan shaharlarda o‘zlari uchun qulay sharoitga ega bo‘lishadi. Ular odamlar tig‘iz yashaydigan va issiq yoki iliq iqlimli hududlarda tezlik bilan ko‘payishadi.

2007 yilda shaharlar aholisi soni qishloqlar aholisi sonidan oshib ketgandi. Bugungi kunda esa 4 milliarddan ortiq kishi quruqlikning bir foiziga teng qismidagi hududlarda yashamoqda.

Ko‘plab shaharlar aholi o‘sishiga tayyor emas. Bunday shaharlardagi odamlar ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta'minlanmagan xaroba uylarda yashashadi. Bunday sharoitda esa kasallik tez tarqaladi.

Biz ko‘p sayohat qilmoqdamiz

2015 yil, Tailand, sanitarlar samolyotni Yaqin Sharq respirator sindromi tarqalishi oldini olish uchun dezinfeksiya qilishmoqda

Samolyotlar, poyezdlar va avtomobillar viruslar bir kun ichida yarim dunyoni kezib chiqishini ta'minlaydi. Xitoydagi koronavirus aniqlanganidan keyingi bir hafta ichida bu virus dunyoning 16dan ortiq davlatida aniqlandi.

2019 yilda jahondagi aviakompaniyalar 4,5 milliarddan ortiq yo‘lovchi tashidi. 10 yil muqaddam bu raqam ikki barobar kamroq edi - 2,4 milliard.

Uxan - Xitoydagi muhim transport uzeli - mamlakatning ko‘plab temir yo‘llari shu shahar orqali o‘zaro bog‘lanadi. Qolaversa, virus tarqalishi esa sayyoradagi odamlar harakatining eng katta to‘lqini arafasiga to‘g‘ri keldi - Xitoyda yangi yil bayrami munosabati bilan o‘n millionlab odamlar mamlakatni keza boshlashdi.

Jahon tarixidagi eng yirik epidemiya 1918 yilda kuzatilgan. Bu ispan grippi pandemiyasi yoki «ispanka» edi. U ham Birinchi jahon urushidan keyingi katta migratsiya vaqtida Yevropada boshlangandi.

Gripp urush tufayli qochqinga aylanganlar tomonidan ham, urush tugab uylariga qaytgan askarlar tomonidan ham tarqatilgan. Virus unga immuniteti tayyor bo‘lmagan odamlar yashaydigan hududlarga yetib borgan.

«Ispanka» epidemiyasi vaqtida yirik omborxonalar karantin hududlariga aylantirilgan

Virusolog Jon Oksford tomonidan qilingan tadqiqotlardan birida aytilishicha, virus har kuni yuz minglab askarlar o‘tgan tayyorlov lagerlaridan birida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Fuqarolik aviatsiyasi paydo bo‘lmagan davrda ham virus deyarli butun dunyoga tarqalib ketgan. Epidemiya oqibatida 50 milliondan 100 milliongacha kishi halok bo‘lgan.

Ammo «ispanka» butun dunyoni qamrab olishi uchun 5-6 oy vaqt ketgan. Inson bir kun ichida butun dunyoni kezib chiqishi mumkin bo‘lgan bugungi kunda esa yangi viruslar yanada tezroq tarqaladi.

Ko‘p go‘sht, ko‘p hayvon, ko‘p kasallik

Ebola, SARS, endi esa Uxan koronavirusi. Bularning bari - hayvonlardan yuqtirilgan viruslardir. Yangi koronavirus dastlab Uxandagi hayvonlar bozorida paydo bo‘lib tarqalgani aytilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, kasallik odamga tirik ilondan yuqqan.

Bugungi kunda har to‘rtta yangi virusning uchtasi zootonik (hayvondan yuquvchi) bo‘ladi.

Insoniyatning go‘sht mahsulotlariga ishtahasi kuchaygandan kuchaymoqda: qashshoq mamlakatlar rivojlana boshlab, odamlar ko‘p go‘sht yeya boshladi. Shuning barobarida chorvachilik tarmog‘i ham o‘smoqda. Gripp kabi viruslar odatda odamga xonaki jonivorlardan o‘tadi, shu tufayli inson virusdan zararlanish ehtimoli bugun har qachongidan ham ortgan.

Koronaviruslar odamga yovvoyi hayvonlardan o‘tadi. Xitoyda go‘sht va tirik jonzotlar bozori juda ko‘p, ayniqsa aholi zich yashaydigan tumanlarda. Bu ham so‘nggi ikki yirik epidemiya nega aynan shu mamlakatda tarqalganini izohlaydi.

Bundan tashqari, shaharlar kengayib borgach, shahar chekkalaridagi aholi yovvoyi jonivorlar bilan aloqa qila boshlaydi. Shunday tarzda, masalan, Lassa isitmasi tarqalgan: fermerlar dalalar ochish uchun o‘rmonlarni kesishgan, u yerda yashovchi kalamushlar esa fermerlarning uylariga ko‘chib o‘tishgan.

Biz shunchaki tayyor emasmiz

Sharqiy Afrikada virus tarqalishini darhol sezishmagandi

Bugungi kunda sayyoramizning turli nuqtalari har qachongidan ko‘ra ko‘proq bog‘langan. Lekin hamon har qanday epidemiyaga javob qaytara oladigan global sog‘liqni saqlash tizimi mavjud emas.

Epidemiyaga qarshi kurashishni o‘sha virus tarqalishi boshlangan mamlakatlar hukumatlariga ishonishga majburmiz. Agar hukumatlar buni uddalay olishmasa, butun insoniyat xavf ostida qoladi.

Buni bir necha yil avval G‘arbiy Afrikada tarqalishi boshlangan Ebola virusi ham ko‘rsatib qo‘ygandi. Gvineya, Liberiya va Serra-Leone davlatlarining sog‘liqni saqlash hukumatlari virusga qarshi chora topa olishmagan va virus qo‘shni mamlakatlarga ham yoyilgandi. Natijada G‘arbiy Afrikada ebola qurbonlari soni 11310 kishini tashkil qilgandi.

Boshqa qit'alardagilarning baxtiga Ebola virusi juda sekin tarqaladigan viruslar turidan edi, ammo gripp yoki koronavirus kabi respirator viruslar sayyora bo‘ylab birmuncha tezroq tarqalish xususiyatiga ega.

Yomon tomoni shundaki, bunday epidemiyalar odatda sog‘liqni saqlash tizimi qoniqarli holatda bo‘lmagan qashshoq shaharlar va hududlarda tarqaladi. Gigiyena va sanitariya sharoitlari haqida ma'lumotsizlik, bu borada muayyan tartibotlar yo‘qligi, aholi o‘ta zich yashashi - bularning barchasi tahdidni oshiradi.

Qolaversa, bunday davlatlar «miyalilarning ketib qolishi»dan aziyat chekadi - malakali shifokorlar yuqori maoshlar uchun boy davlatlarga ko‘chib o‘tishadi.

Kam sonli davlatlardagina sog‘liqni saqlash tizimlari katta imkoniyatlarga ega bo‘lishadi va epidemiya profilaktikasiga zarur darajada mablag‘lar sarflay olishadi. Cho‘chqa grippi epidemiyasi vaqtida dunyodagi dorixonalarni yangi dori vositalari bosib ketgandi, ammo o‘shanda ko‘pchilik bu chorani haddan tashqari deb baholagan - virus u qadar xavfli emasligi ayon bo‘lgandi.

Bugungi kunda zarur dori vositalarini ishlab chiqish uchun texnologiyalar mavjud bo‘lsada, farmatsevtika kompaniyalari ishlab chiqarish uchun investitsiya kiritishga shoshilmaydi. Eng yomon holatda bir necha ming kishi halok bo‘ladi - buning uchun keyinchalik keraksiz bo‘lib qoladigan dorilar uchun katta mablag‘lar sarflab o‘tirishmaydi.

Epidemiya xavfi tug‘ilganida ham u qachon va qayerda tarqala boshlashini oldindan aytib bo‘lmaydi. Har bir yangi virus - odamzod uchun kutilmaganda keladi.

Yaxshi mujdalar

G‘arbiy Afrikada 2013 yilda Ebola virusi tarqalgach, virusga qarshi vaksina ishlab chiqilgan

London qirollik jamiyati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda odamzod tarixdagi eng yirik epidemiyalarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, o‘lim holatlari o‘tgan asrlardagi epidemiyalar oqibatlari bilan taqqoslaganda juda kichik bo‘lmoqda.

Xitoy kabi keskin iqtisodiy o‘sish kuzatilgan davlatlarda sanitar sharoitlar ham yaxshilanadi, sog‘liqni saqlash tizimi samarali ishlaydi. Kommunikatsiya tizimlari ham yaxshiroq va tezroq ishlaydi.

Davolashning samarali usullari paydo bo‘ladi, bu usullardan hamma foydalanishi mumkin. Profilaktika mexanizmlari ham rivojlanmoqda, qisqa muddatlarda vaksinalar tayyorlanmoqda.

Garchi epidemiyalarga qarshi kurashning global tizimi hali mavjud bo‘lmasada, bizda dastlabki bosqichlaridayoq virusga qarshi kurash imkoni bor.

Xitoy bir hafta ichida ming kishilik kasalxona qurishga qodir - 1918 yilda esa bu fantastika bo‘lardi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top