16:32 / 13.02.2020
1
11091

Sirdaryoda 750 dollarga dron sotayotgan fuqaro ushlandi

Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida uchuvchisiz qurilmani 750 dollarga pullayotgan shaxs ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Foto: newsshooter.com

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.M. «MAVIC PRO» nomli dronni xaridorga 750 AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, uchuvchisiz uchadigan apparat ashyoviy dalil sifatida olingan va X.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-4-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu moddaga asosan, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. 244-4-moddaning barcha qismlari sanksiyasi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq.

O‘tgan hafta Toshkent viloyatida drondan foydalanib videolavha olmoqchi bo‘lgan uch kishi qo‘lga olingan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlik bundan bir yil oldin belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top