09:42 / 24.04.2020
79985
Tomorqachilikda qanday yangiliklar kerak? 90-yillarda O‘zbekistonni inqirozdan saqlab qolgan qaror haqida

O‘tgan asrning 90-yillariga kelib sobiq sovet davlati inqirozga uchradi - 15 respublika uchun yagona «tana» vazifasini o‘tagan ulkan mamlakat deyarli bir lahzada parchalanib ketdi. Iqtisodiy aloqalar uzilishi natijasida mustaqil yangi davlatlar, xalqlar o‘ta qiyin ahvolda qoldi.

Mustaqil bo‘lib, qiyin vaziyatga tushib qolgan har bir mamlakat o‘shanda o‘z ichki imkoniyatlarini ishga solib, iqtisodiy inqirozdan chiqib ketishga bel bog‘laydi.

Hamma ham bilmasa kerak: aholisining katta qismi qishloqlarda yashaydigan O‘zbekistonni o‘sha paytda shiddatli tus ola boshlagan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan bir qaror — qishloq aholisiga yer uchastkalari ajratish saqlab qolgan edi.

Zero bu tadbir minglab qishloq oilalarini qiyin holatda ish bilan band qildi. Ajratilgan 6–12 sotix yer oilalarni garchi boy qilib yubormagan bo‘lsa-da, ular uchun iqtisodiy tirgak — dalda bo‘ldi.

Ammo bu hammasi emas.

Yer berilgan minglab oilalar yuritgan iqtisodiy faoliyat kichik bo‘lsa-da, pirovardida mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshiladi, chunki ko‘pchilikning mehnati o‘laroq yuzaga kelgan mahsulot:

  • jamlaganda kattagina hajmni tashkil qildi;
  • ichki bozorni ta'minladi;
  • eksport qilina boshlandi (eksportni aksar yakka tadbirkorlar amalga oshirdi, davlat aralashmadi);
  • davlatni oziq-ovqat xavfsizligidek ulkan, og‘riqli, serxarajat muammoni hal qilishdan salkam xalos etdi;
  • qahatchilik holatida yuzaga kelgan ijtimoiy taranglikni yumshatdi;
  • qishloq oilalari bir qancha iqtisodiy muammolarini o‘zlari hal qilishiga omil bo‘ldi;
  • inqiroz paytida omma — xalqni moddiy qo‘llashdek davlatning gardanidagi tezkor choralarning katta miqyosda o‘rnini bosdi.

Bularga ko‘p narsa bilan emas, shunchaki iqtisodiy faollik omilidan odamlar qo‘liga jindek berish va sohaga ma'muriy aralashmaslik bilan erishildi.

Ammo, keyinchalik...

Tomorqachilik sohasini rivojlantirish oilalarga yer berish bilan tugadi, desak, to‘g‘risini aytgan bo‘lamiz. Aksincha, sohani rivojlantirish o‘rniga tomorqachi (bunga ijaraga yer olib ekin ekadigan toifani ham qo‘shamiz) hayoti muttasil sinovlarga duchor qilindi. Qanday qilib?

Avvalo tomorqachilar faoliyati mutlaqo monitoring qilinmadi, go‘yo bu soha mavjud emasdek. Ya'ni tomorqasi bilan tirikchilik qilayotgan oilalarning ahvoli, qanday muammolarga duch kelayotgani va pirovardida ularning faoliyatiga ko‘mak berish uchun qanday choralar kerakligi o‘rganilmadi.

Natija nima bo‘ldi?

Mutlaqo qarovsiz qolgan soha muammolari kamayish o‘rniga, ko‘payib boraverdi. Va bunda eng katta muammolardan biri bu — yetishtirilgan mahsulot pishib yetdi degan paytda qo‘qqisdan chegaralar eksport uchun yopilib qolishi, ya'ni dehqonlar yetishtirgan mahsulotni yig‘ib, chet elga eksport qiluvchi tadbirkorlarning yo‘li yopilib qolishi edi. Bir yil bo‘lmasa ikkinchi yili shu hol takrorlanib turdi.

Ya'ni mamlakat bo‘ylab tomorqachi va ijarachilar yetishtirayotgan mahsulot hajmi, turi, ko‘lami hisobga olinmagani holda «ichki bozorni himoya etish» vaji bilan mahsulotni chetga chiqarish yo‘llari ko‘r-ko‘rona, dabdurustdan, o‘rganishsiz yopib qo‘yilaverdi. Yo‘l yopilgan yili minglab qishloq oilalari mehnati va xarajatiga kuyib qolaverdi. Aynan shu ish yuz bergan fasllarda ko‘plab tomorqachi va ijaraga yer olib ekin ekkanlar uchun «qora yil» bo‘lardi.

Bunga yetishtirilayotgan ekinlarni sug‘orish bilan bog‘liq muammolarni ham qo‘shish mumkin.

Shunday qilib, minglab tonna mahsulot taqdiri uni yetishtirishga zig‘ircha hissa qo‘shmagan mansabdorlarning o‘z ishiga sovuqqonligi, noprofessionalligi, dehqon mehnatiga bepisandligi garovida edi.

Ammo bu haqda dehqonlarning o‘zi va meva-sabzavotni chetga eksport qiluvchi tadbirkorlardan boshqa hech kim bilmasdi. Tasavvur qiling, yurtda yetishtirilgan minglab tonna mahsulot nobud bo‘lyapti-yu, bu haqda omma bilmaydi, bilganlar hech narsa qilolmaydi, OAV «churq» etmaydi.

Natijada minglab oilalarning iqtisodiy ahvoli oldinga emas, ortga qarab ketdi, «biri ikki bo‘lmadi», faoliyatini rivojlantira olmadi. Davlatning kuchi va mablag‘i deyarli sarflanmasdan yurib ketgan, davlatdan texnika, o‘g‘it, urug‘ olmagan, minglab oilalarning iqtisodiy suyanchig‘i bo‘lgan sohaning rivojiga bilib-bilmay sun'iy to‘siqlar qo‘yildi.

Shunday holatda ham tomorqachilik yashab keldi, bozorlarni ta'minladi, ammo kishilardagi ekin ekishga bo‘lgan qiziqish mudom g‘alvirdan o‘tkazib kelindi.

Bu holat qishloqdan sodir bo‘lgan mehnat migratsiyasining ko‘payib ketishiga sabablardan bir sabab bo‘ldi. Zo‘rg‘a yiqqanini sarflab, ekin qilgan tomorqachi va ijarachi ikki yilning birida kuyib qolaverganidan, ularda yerda ishlash istagi susaydi, mehnat migranti bo‘lishni afzal bildi.

Mamlakatimizning ko‘plab hududlarida qishloq aholisi o‘z tomorqalarida qaysidir qishloq ho‘jaligi mahsulotini yetishtirishga ixtisoslashgan. Iqlim, sharoit, shakllangan odat bunga omil bo‘lgan.

Masalan, Surxondaryoda ba'zi hududlar ertachi piyoz va kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan. Aynan shu ikki — tez buziladigan ertachi mahsulot pishib yetilgan payt — muhim payt. Chunki shu paytda mahsulot eksport qilinmasa, eksportchi tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq qo‘yilsa mahsulot sotilmay qoladi va o‘sha hudud aholisi sal kam yoppasiga «bankrot bo‘ladi» — puli va mehnatiga kuyib qoladi.

Aynan shu narsa ko‘p marta takrorlandi. Shuning uchun bunday hududlarda dehqonchilik qilish g‘irt tavakkalchilikka — keyingi yilni reja qilib bo‘lmaydigan mashg‘ulotga aylandi. 

Bugungi kun

Elektron OAV faoliyati jonlanishi, so‘z erkinligi sabab boshqa sohalar qatorida bu sohaning muammolari haqida ham gapirish mumkin bo‘ldi. Muammolar oshkor qilinishi o‘laroq yechimlar haqida bosh qotirilyapti. Biroq qishloqlarda ahvol o‘sha-o‘sha:

  • tomorqachiga ekin ekmagani uchun jazo choralari qo‘llashdan boshqa hech bir yangilik yuz bermadi;
  • muammolarni o‘rganish, ba'zi tumanlarda kishilar tomorqalarini tashlab qo‘ygani sababini aniqlash yo‘q;
  • holatni o‘rganishni hokimliklarga topshirish emas, balki bunga nodavlat tashkilotlarini jalb qilish kerakligini anglamadik;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish sohasiga mahalliy hokimliklarning aralashuviga barham bermadik.

Nima qilish kerak?

Yer sohasi istiqboli mansabdorlarga nazorat qilish huquqini ko‘proq berishda emas, balki aksincha, ma'muriy aralashuvlardan xalos etish hamda yo‘llarni ochish, odamlarga imkon berish, soha muammolarini hal qilish uchun esa davlat emas, balki, ilg‘or davlatlardagi kabi, nodavlat tashkilotlarni jalb qilishda ekanini anglamoq lozim.

Qishloq odamlari dangasa emas, faqatgina ma'muriy aralashuv natijasida ko‘rilgan zararlar ularning hafsalasini pir qilib keldi — eksport uchun qo‘qqisdan yopilgan yo‘llar, natijada bir zumda tushib ketgan narxlar, uvol bo‘lgan tonnalab mehnat mahsuli ularning shijoatini so‘ndirdi. Shuning uchun:

  • meva-sabzavot eksporti sohasini maksimal darajada liberallashtirish, sohani monopoliyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlar nazorati ostida tutib turish (sohani monopollashtirishga yo‘l qo‘ymaslik);
  • tomorqachilarga subsidiyalar berish (bu borada ish boshlandi, ammo uning mexanizmlari va subsidiyalarga ajratilgan mablag‘ hajmini qayta o‘ylab ko‘rish kerak);
  • yerni to‘g‘ri istifoda etish, yemirilishdan asrash, suvni to‘g‘ri ishlatish bo‘yicha ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rganib chiqish va tatbiq etish, va bunda mazkur ishni ham davlat idoralari, hokimiyatlarga emas, balki nodavlat tashkilotlari izmiga topshirish (hokimiyatlar bunday ishlar bilan ko‘p marta shug‘ullandi, ammo natija bo‘lmadi, buni tan olish kerak);
  • tomorqalarda issiqxonalar yaratish uchun kompleks qulayliklar yaratish va buni ham mahalliy hokimliklarga topshirish emas, balki dehqon va nodavlat tashkilotlar hamkorligini asos qilib olish;
  • tomorqachilik ko‘lamini kengaytirish (90-yillarda oilalarga ajratilgan tomorqalarning aksari allaqachon bu davr ichida ulg‘aygan farzandlarga oila boshliqlari tomonidan bo‘lib berilgan va bu joylarda uylar qurilgan — yangi oilalar umrguzaronlik qilishyapti, o‘z navbatida, ular ham o‘z farzandlarini katta qilishyapti);
  • qishloq oilalarini iqtisodiy faollikka jalb qilish uchun amaldagi fermerchilikka muqobil tarzda yangi formatsiyani — kichik yer xo‘jaliklari sinfini yuzaga keltirish (bu bilan ijtimoiy adolat ham qaror topadi);
  • aholisi zich bo‘lgan hududlarda eng avvalo aholini iqtisodiy faollikka yo‘naltirishni ustuvor maqsad qilib, mavjud fermerchilikni transformatsiya qilish lozim.       

90-yillarda SSSR parchalanishi oqibatida voqelikka aylanayozgan gumanitar inqirozdan O‘zbekistonni birgina qaror — minglab qishloq oilalariga yer uchastkalari ajratib, ularni iqtisodiy faollikka jalb qilish qarori qutqarib qolgan edi. Aniqrog‘i, chuqur inqiroz davlatni bunga majbur qilgan edi.

Inqirozdan chiqib olingandan keyin esa bu ijobiy natija unutildi — yerlarni istifoda etishda ma'muriy-buyruqbozlik tizimi ma'qul ko‘rildi, tez fursatda ishlarni o‘nglab olishning sinovdan o‘tgan omillariga murojat etilmadi.

Omillar esa o‘sha — byurokratik nazoratni emas, odamlarning faolligi oshishi uchun hamma choralarni ko‘rish. Noo‘rin byurokratik nazoratning mudom ishlarni ortga surib kelayotganini tan olish. Yaxshi natijalarga olib kelgan tajribalarni o‘rganish va tatbiq etish.

Deraza ortida yana qiyinchilik — bu safar dunyo miqyosida quloch otgan inqiroz. Mazkur inqirozdan chiqib ketish esa eski, mog‘or bosib qolgan, ammo tuzatilmay kelingan xatolarni, o‘ng‘aysizliklarni tuzatishga bog‘liq.

Shokir Sharipov.

Top