NYT maqolasida aytilishicha, Voronich UXXda o‘nlab yillardan buyon ishlab kelgan va «Alfa» maxsus amaliyotlar markazi ofitseri bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, bu bo‘linma «o‘tgan yozda Ukraina harbiylari Rossiyaning Kursk oblastiga uyushtirgan kutilmagan hujumida» muhim rol o‘ynagan. Bu hujum natijasida ukrain qo‘shini Rossiya hududining bir qismini egallab olib, keyingi sakkiz oy davomida bu hududlarni o‘z nazoratida ushlab turgandi.

Ukrainalik harbiy va razvedkachi, ilgari UXXda ishlagan Roman Chervinskiyning aytishicha, Voronich Ukraina xavfsizlik xizmatining «hozirda rossiyaliklarga ko‘p muammo tug‘dirayotgan» yo‘nalishiga asos solganlardan biri bo‘lgan.

«Bugun shaxsan men va UXXning ko‘plab vatanparvar xodimlari uchun yo‘qotish ro‘y berdi. Dushman diversanti tomonidan ofitser (polkovnik) Voronich Ivan Ivanovich o‘ldirildi», – deb yozdi Chervinskiy qotillik sodir etilgan kuni ijtimoiy tarmoqlarda.

O‘sha kungi bayonotida UXX qotillikni tekshirayotganini ma’lum qilgan, biroq boshqa hech qanday ma’lumot taqdim etmagandi.

13 iyul kuni UXX rahbari Vasiliy Malyuk polkovnik Ivan Voronich Rossiya maxsus xizmatlari agentlari tomonidan o‘ldirilgani, ular «yo‘q qilingani» haqida bayonot berdi.

U bu haqda feysbukda e’lon qilingan videoda ma’lum qilgan. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, FXX xodimlarini qo‘lga olish uchun o‘tkazilgan «maxsus amaliyot vaqtida» ular qarshilik ko‘rsatgan va o‘ldirilgan. Malyukning so‘zlariga ko‘ra, oldinroq Ukrainaga kiritilgan bu ayol va erkak Voronichni kuzatib borishgan, uning kun taqvimi va harakat yo‘nalishlarini aniqlashgan.

Kreml tarafdorlari Voronichning o‘ldirilishini olqishladi, deb yozadi NYT; ular bu oxirgi holat emasligiga umid bildirmoqda.

2014 yilda Ukraina sharqida harbiy harakatlar boshlanganidan beri, ikki davlat razvedka xizmatlari o‘rtasida o‘zaro qotilliklar odatiy holga aylangan, deb yozadi gazeta.

Nashr mualliflari Voronichning sobiq hamkasbiga tayanib yozishicha, u ma’lum vaqt davomida bunday hujumlar bilan shug‘ullangan maxsus bo‘limga qo‘mondonlik qilgan. «Beshinchi boshqarma nomi bilan tanilgan, MRBdan texnik yordam olgan bu bo‘lim „Motorola“ laqabi bilan tanilgan rossiyalik ayirmachilar qo‘mondoni Arsen Navlovning o‘ldirilishiga mas’ul bo‘lgan», – deb yozadi NYT.

Gazeta Voronich Motorolani o‘ldirish vaqtida ushbu bo‘limga rahbarlik qilganiga aniqlik kiritmagan.