11:27 / 04.09.2020
19158
«International Job Organization» XBAga ishonib, aldanib qolgan xorazmliklar pulini qaytarib olishda yordam so‘rashmoqda

Xorazmlik va qoraqalpog‘istonlik fuqarolarning bir guruhi «International Job Organization» xususiy bandlik agentligi bilan bog‘liq masala bo‘yicha murojaat etib, agentlikka katta miqdorda pul berishgan bo‘lsa-da, xorijga ishga jo‘natilmagani, pullari ham qaytarib berilmaganidan shikoyat qilishdi.

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida ro‘yxatdan o‘tgan «International Job Organization» (IJO) xususiy bandlik agentligi 2019 yilda Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida ham vakolatxonasini ochgan va odamlarni Yevropa hamda Osiyo mamlakatlariga ishga yuborishga va'da berib, ular bilan shartnoma imzolab, katta miqdordagi mablag‘larni olgan. Ayni paytda fuqarolardan hech kim ishga jo‘natilmagan, ularning pullari ham qaytarib berilmagan.

Murojaatchilar nomidan so‘zlagan urganchlik G‘ayrat Razzoqov quyidagilarni bayon qildi.

«2019 yil aprel oyida «IJO» XBA Xorazm viloyati filiali ofisiga bordim. Polshaga ishga ketish uchun shartnoma imzoladim, dastlabki to‘lov 1,6 mln so‘mni tashkil qildi. Filial rahbari 2 oy ichida xorijga ketishimni, viza va yo‘lkira bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat hisobidan kredit orqali qoplanishini, ishga joylashib olganimdan so‘ng maoshimning 10 foizi ushlanib borishini aytdi. Albatta bu jozibali taklif edi», dedi Razzoqov.

Ammo oradan 2 oy o‘tgach ham fuqarolar ishga jo‘natilmagan. Buning sababini so‘rab borganlar oldiga esa yangi shartlar qo‘yilgan.

«2 oy ham o‘tdi, biroq, xorijga ketish haqida gap-so‘z bo‘lmadi. Yana ofisga bordim. Shunda xorijga ketish uchun til bilish shartligini, buning uchun o‘qishim lozimligini aytishdi. Rus tilini yaxshi bilishimni aytsam ham foydasi bo‘lmadi. Rus tili kurslarida o‘qidik, imtihon ham topshirdik. Albatta buning uchun ham qo‘shimcha pul to‘landi», dedi Razzoqov.

Bu bilan fuqarolarning tashvishi kamaymagan. Endi ularning oldiga yangidan yangi shartlar qo‘yilgan, qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.

«Oradan yana vaqt o‘tdi. Biroq, ishga ketish haqida gap-so‘z bo‘lmadi. Yana ofisga bordim. Bu safar tibbiy ko‘rikdan o‘tish lozimligini, buning uchun Jizzaxdagi klinikaga borish kerakligini aytishdi. Katta miqdorda xarajat qilib, u yerga bordim. Ko‘pchilik qatori 400 ming so‘m to‘lab, tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Biroz vaqt o‘tgach, viza xarajatlari uchun ham pul to‘lash shartligi aytildi. 3,8 mln so‘m to‘ladim. Natijada, umumiy hisobda «IJO» XBAga 10 mln so‘m xarajat qildim», dedi Razzoqov.

Vaqt behuda o‘tavergach, fuqarolarning sabr kosasi to‘lib, yo ishga jo‘natishni yoki pullarni qaytarishni talab qilishni boshlashgan.

«Hafsalam pir bo‘lib, pulimni qaytarishlarini talab qilib, yana ofisga bordim. Boshqa fuqarolar ham kelib, shunday qilishayotganini ko‘rdim. Ammo har xil bahonalar bilan bizni tinchlantirishdi. Bir necha kundan keyin Toshkentdan «IJO» XBA rahbari kelib, «tantanali» yig‘ilish o‘tkazdi. Balandparvoz gaplar aytildi, katta va'dalar berildi, yana ishondik, tinchlandik», dedi Razzoqov.

Bu orada tashkilot fuqarolarga yanada «qulay va foydali» takliflarni bera boshlagan. Albatta qo‘shimcha to‘lovlar evaziga.

«Bu safar yangi gap chiqarishdi. Imtihonsiz, hech qanday sinovsiz, zudlik bilan xorijga ketish uchun 45 mln so‘m pul to‘lash kerakligini aytishdi. Uzog‘i bilan 2 oy ichida Germaniyaga ketishimizni va'da qilishdi. Nemis tilida yozilgan qandaydir qog‘ozlar, reklama bukletlari, «taklifnoma»larni ko‘rsatishdi. Qizig‘i shundaki, qog‘ozlardagi ba'zi yozuvlar qora siyoh bilan bo‘yalgan edi. Buni raqamlarning sir tutilishi bilan izohlashdi», dedi Razzoqov.

2020 yil fevral oyida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, «IJO» XBA Surxondaryo viloyati filiali rahbari Sh.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani haqida xabar tarqaldi.

Shuningdek, «IJO» XBA Xorazm va Andijon filiallaridagi firibgarliklar fosh etilgani haqida haqida xabarlar tarqalgan edi.

Shundan so‘ng, fuqarolar yana xavotirga tushib, «IJO» XBA Xorazm ofisiga borishgan. Ammo ular bu xabarlarga e'tibor bermaslikni, litsenziya to‘xtatilmaganini, ish davom etayotganini ma'lum qilishgan.

«Vaqt o‘taverdi, hech kim bizni ishga jo‘natmadi. Yana pulimni so‘rab bordim. Ular esa ish davom etayotganini ta'kidlashdi, katta rahbarlar bilan birga tushgan suratlarini ko‘rsatishdi. Hisobimizda 4,5 milliard so‘m turibdi, agar sizlarni ishga yubora olmasak, shu pullar hisobidan foizi bilan qaytarib beramiz, deb aytishdi. Bizni yana qaytarib yuborishdi», dedi Razzoqov.

Ammo yakunda tashkilot rahbarlari pul yo‘qligini tan olishgan va pullarni qaytarib olish uchun ariza yozish zarurligini ta'kidlashgan.

«Pulimni talab qilib, ofisga tinmasdan boraverganimdan keyin, oxir-oqibatda hisob-raqamimizda pul qolmadi deb aytishdi. Pulni qaytarib olish uchun ariza yozishni taklif qilishdi. Ammo yangi mijozlar pul to‘lasa, hisob-raqamga pul tushsa, shundagina qaytarib olishimiz mumkinligi aytildi. Arizalarni pochta orqali jo‘nating, deb manzilni berishdi. Ammo jo‘natgan xatlarimiz «bunday manzil yo‘q» degan sabab bilan yana o‘zimizga qaytib keldi», dedi Razzaqov.

Urganch tumanida yashovchi Jumanazar Matmuratov Germaniyaga ishga ketish uchun «IJO» XBA bilan shartnoma imzolab, 45 mln so‘m o‘tkazib bergan.

«Germaniyaga ishga ketish uchun «IJO» XBA bilan shartnoma imzolab, 45 mln so‘m o‘tkazib berganman. Afsuski shu kungacha natija bo‘lmadi, ularga aldanib qoldim. Uzog‘i bilan 4 oy ichida ishga ketasizlar deb ishontirishdi. Ammo vaqt o‘taverdi, hech qayerga ishga yuborilmadik.

Bu orada o‘qish va tibbiy ko‘rik masalasi chiqdi. O‘qidik, tibbiy ko‘rikdan o‘tdik, buning uchun qo‘shimcha pul to‘ladik. 2019 yil 25 noyabrgacha Germaniyaga ketasizlar deb ishontirishdi. Nemischa yozilgan qandaydir qog‘ozlarni ko‘rsatishdi. Noyabr ham o‘tdi, ammo ishga yuborilmadik. Pullarni qarzga olgan edik. Tanishlar Rossiyaga ishga chaqirishdi, ammo bularga ishonib, ketolmay qoldik. Ketmanglar, o‘zimiz ishga yuboramiz, deb ishontirishgan edi. Hech qayerga shikoyat va murojaat qilmanglar, deb aytishdi», deydi Matmuratov.

Urganch tumanida yashovchi Rahmatulla Atajanov xorijga ishga ketish uchun «IJO» XBA bilan shartnoma imzolab, umumiy hisobda 9,4 mln so‘m o‘tkazib bergan.

«2019 yil may oyida kredit asosida Polsha, Chexiya yoki Germaniyaga ishga ketish uchun shartnoma imzoladim. Dastlabki to‘lov 4,8 mln so‘m bo‘ldi. Ammo keyinchalik viza xarajatlari, rus tili kursini o‘qish, imtihon topshirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ham pul to‘ladik. Xarajatlarim 9,4 mln so‘mga yetdi. Biroq, mana 1,5 yil bo‘ldi ish ham, pul ham yo‘q. Bularga ishonib, uyda ishsiz qolib ketdik», dedi Atajanov.

«International Job Organization» XBA bilan shartnoma imzolab, pul o‘tkazib bergan quyidagi fuqarolar murojaatga imzo chekishgan: Shokir Abdullayev (Urganch shahri, 9000 AQSh dollari va 400 ming so‘m), Otabek Adilbekov (Urganch tumani, 45,4 million so‘m), Zafar Yusupov (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Beruniy tumani, 45,6 million so‘m), Muhammad Abdullayev (Urganch shahri, 45,6 million so‘m), Jumanazar Matmuratov (Urganch tumani, 45,4 million so‘m), Suhrob Qadamov (Urganch shahri, 45,4 million so‘m), Muhammad Yusupov (Urganch shahri, 45,4 million so‘m), Bahrom Babajanov (Urganch shahri, 45,4 million so‘m), Sanatbek Niyazmetov (Urganch shahri, 45,4 million so‘m), Qutlimurat Jabbarganov (Urganch tumani, 45,4 million so‘m), G‘ayrat Razzoqov (Urganch tumani, 10 million so‘m), Husniddin Salayev (Gurlan tumani, 45,4 million so‘m), Shuhrat Matyaqubov (Gurlan tumani, 45,4 million so‘m), Azizbek Do‘schanov (Urganch tumani, 4,8 million so‘m), Maqsud Narimanov (Gurlan tumani, 46,7 million so‘m), Rahmatulla Atajanov (Urganch tumani, 9,4 million so‘m).

Murojaatchilar yillar davomida mehnat qilib, topgan pullarini, tanish-bilishlardan qarz sifatida olgan mablag‘larni «International Job Organization» XBAga o‘tkazib berishganini, shuningdek, avtomashinalarini va boshqa qimmatli buyumlarini sotib, shartnoma pullarini to‘laganlarini aytishmoqda. Ular hukumatdan, huquq-tartibot idoralaridan amaliy yordam kutishyapti.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida «International Job Organization – xususiy bandlik agentligi» rahbari qamoqqa olingani haqida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bergan edi.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top