14:45 / 13.03.2021
22449
Bayonot berish mas'uliyati. O‘zbekiston rasmiylarining vaksina haqidagi gaplari qanchalik asosli?

Koronavirus pandemiyasi insoniyatdan bemisl qurbonlar va katta xarajatlar talab qildi. Pandemiya nafaqat insoniyatning ishlash va yashash tarzini o‘zgartirib yubordi, balki fikrlashga ham ta'sir qilmay qolmadi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Tarixdan chiqarilgan xulosalar va real hayot pandemiyaga barham berishga vaksinadan samaraliroq chora yo‘qligini ko‘rsatyapti.

Binobarin, jahonning eng ko‘zga ko‘ringan laboratoriyalari, eng boy farmkompaniyalari millionlab odamlar yostig‘ini quritgan kasallikka qarshi preparat ishlab chiqishga zudlik bilan kirishdi.

Olimlarning izlanishlari o‘z mevasini berib, vaksinalar birin-ketin milliy regulyatorlar tomonidan tasdiqlana boshladi. AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya va boshqa iqtisodiy barqaror davlatlar o‘z aholisini emlashni boshlashdi. Bugunga kelib Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari aholisining 70 foizidan ortig‘ini to‘liq emlab bo‘lib, jamoaviy immunitetga erishgan ilk davlatlarga aylanishi mumkin.

O‘zbekistonda esa vaksinatsiya hali boshlanganicha yo‘q. Zero, vaziyat shundayki, mablag‘ bo‘lsa ham vaksina olishga imkoniyat cheklangan. Vaksinalarni ishlab chiqish boshlanmasidanoq katta va boy davlatlar farmkompaniyalarga avvaldan pul to‘lab, buyurtma berib qo‘yishgan.

Shunday sharoitda, 17 fevral kuni Respublika maxsus komissiyasining axboroti e'lon qilindi. Axborotda jumladan shunday deyiladi: «[Xitoyning] «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd» kompaniyasi tomonidan mazkur vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish maqsadida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyati o‘rganildi, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, «Jurabek Laboratories» MChJ QK tanlandi».

Yana shunday so‘zlar ham bor: «Shu maqsadda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkillashtirish borasida ko‘rilayotgan choralar, «ZF-UZ-VAC 2001» vaksinasidan 1 million doza xarid qilish va mamlakatimiz aholisini ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash tadbirlariga yo‘naltirish masalalasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muhokamaga kiritish bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi».

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov 8 mart kuni SSV matbuot xizmatining bergan savollariga javob bera turib, O‘zbekiston faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tan olgan vaksinalardan foydalanishini aytib o‘tgan. Bunday bayonot berilishi birinchi marta emas.

uZRYn7vgTrPKpRkgeeXjmIrPlpnuYLAQ.jpg (800×500)
Nurmat Otabekov

Biroq, Respublika Maxsus komissiyasi tasdiqlashga shaylanayotgan Xitoyning «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd» kompaniyasining ZF 2001 vaksinasi hali JSST tasdig‘idan o‘tmagan.

Mana bu havolada qaysi vaksinalar qaysi regulyator tasdig‘idan o‘tgani haqidagi ma'lumotni ko‘rish mumkin. Bu «Vikipediya» ekan-ku, deb ishonmaslikka shoshilmang, sahifa ostida faktlarga havolalar berilgan, bemalol tekshirib olish imkoni bor.

Shunday qilib, Maxsus komissiya hali JSST tasdig‘idan o‘tmagan vaksinaga buyurtma berib yuborgan va uni ishlab chiqarish uchun mahalliy korxonani tanlab olgan bo‘lib chiqyapti.

Darvoqe, ZF 2001 (yoki ZF-UZ-VAC 2001) vaksinasining sinovlari hali to‘liq yakunlanmagan. Hozirda 3-faza sinovlari o‘tkazilmoqda va ular 2022 yilning aprelida nihoyasiga yetishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda JSSTning rasmiy saytidan ma'lumot olish mumkin. 3-bosqich sinovlari 1 yil davom etishini innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham tasdiqlagandi.

Aslida JSST tasdig‘idan o‘tgan vaksinalar soni ko‘p emas, atigi uchta: Pfizer/BioNTech, Johnson&Johnson va AstraZeneca vaksinalari.

Umuman olganda, «faqat JSST tasdiqlagan vaksinanigina olamiz» degan gap Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mas'ullarining odamni taajjubga soladigan ilk bayonoti emas. Tashkilot boshlig‘ining boshqa bir o‘rinbosari Botir Qurbonov SSV matbuot xizmatining vaksinalar qanday ishlashi to‘g‘risida 6 mart kuni bergan savoliga shunday javob bergandi:

«Vaksina – bu mikrobning (virus yoki bakteriyalarning) zaiflashgan, zararsiz bo‘lagi bo‘lib, tanangizning tabiiy immuniteti bilan birgalikda kasallik yuqishi xavfini kamaytiradi. Vaksina tanangizga yuborilgandan keyin immunitet tizimingiz tanaga kirgan mikrobni aniqlaydi va bu mikrobga qarshi kurashish uchun antitanachalar ishlab chiqarib, u bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi. Agar kelgusida ushbu mikrob ta'siriga yana duch kelsangiz, immunitet tizimingiz uni qanday yo‘q qilishini biladi, siz kasal bo‘lmaysiz».

oy2RdZTv5NY020sihxr0Lgnauo6FL0VO.jpg (800×450)
Botir Qurbonov

B.Qurbonov, aftidan, zamonaviy vaksinalar, hatto o‘zimizda ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan Xitoyning ZF 2001 (yoki ZF-UZ-VAC 2001) vaksinasi ham qaysi metod asosida yaratilganidan xabardor emas.

ZF 2001 (yoki ZF-UZ-VAC 2001) – rekombinant vaksina. Rekombinant vaksina – bu rekombinant DNK texnologiyasi orqali ishlab chiqarilgan emlash. Bunga bakteriyalar yoki sut emizuvchilar hujayralariga immunitet ta'sirini rag‘batlantiradigan antigenni (masalan, bakterial sirt oqsilini) kodlovchi DNKni kiritish, shu hujayralardagi antigenni ekspressiyalash va so‘ng ularni tozalash kiradi.

Jahonda eng yaxshi vaksinalardan bo‘lib turgan Pfizer-BioNTech vaksinasi mRNA texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan. mRNA vaksinalar  inson organizmi RNKsining xususiyatlaridan oqilona foydalanish orqali immunitet hosil qilishga asoslangan.

Ha, Botir Qurbonov aytganidek, zaiflashtirilgan virus bilan ta'sir qiladigan vaksinalar ham bor va ko‘p. Lekin savol berilganda bir variantni aytmasdan, har xil turdagisi borligini aytish o‘rinli bo‘lardi. Uning maqomi, egallab turgan o‘rni shuni taqozo etadi.

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaning: «Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar vaksinaning Britaniya va Janubiy Afrika shtammlariga qarshi juda yuqori samaradorlikka egaligini ko‘rsatdi. Masalan, Moderna vaksinasi bilan solishtirganda, samaradorlik 6 barobarga yuqori», degan so‘zlarining ham asosi shubhali. Har holda, ochiq manbalarda buni tasdiqlovchi ma'lumotlar uchramaydi.

Shahlo Turdiqulova

Undan keyin, ZF 2001 (yoki ZF-UZ-VAC 2001) vaksinasining 2-faza sinovlari 2020 yilning 10 iyulidan 3 dekabriga qadar o‘tkazilgan va «britancha» yo «afrikacha» shtamm o‘rganishga ulgurilmagan. Vaksinaning 3-faza sinovlari esa hali davom etmoqda va yuqorida aytilgani kabi 2022 yilning aprelida tugaydi. Xulosa esa, tabiiyki, hali e'lon qilinmagan. Shunday ekan, «bu vaksina falon vaksinadan falon marta samaraliroq» deyish qanchalar to‘g‘ri?

Aholiga asosli manbalarga tayangan holda to‘g‘ri ma'lumot berilishi kerak. Aqalli, keyinchalik uyalib qolmaslik uchun. Har holda bu kabi ma'lumotlar ochiq va bepul.

O‘z sohasini bilgan, lavozimi mas'uliyatini his etgan yoki jilla qursa til bilib, biroz hafsala qilgan odam bemalol ochiq va ishonchli ma'lumotlarni qo‘lga kirita oladi. Agar asl maqsad muayyan doiralarning manfaatlari uchun emas, aholining salomatligiga qaratilgan bo‘lsa, albatta.

Shoakmal Isroilov

Top