17:19 / 30.07.2021
46309
Prokuror va hokim qarama-qarshiligida qonunlar ojiz qolmoqda

O‘zbekistonda daraxtlar qirg‘ini davom etyapti. Tiyiqsiz amaldorlarga moratoriy degani chikora: deyarli har kuni hali u, hali bu tumanda daraxtlarni qulatishyapti. Va bu hali davom etadi, chunki... jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta'minlanayotgani yo‘q.

Denovdagi noqonuniy daraxt kesilishida yetkazilgan zarar miqdori jinoyat tarkibini bersa-da, qonunbuzarga nisbatan ma'muriy chora ko‘rish bilan cheklanilmoqda. Bu holatda ichki ishlar va prokuratura organlarining sustkashligini qanday baholash mumkin? Nega qonunlarga aniq va bir xilda rioya qilinmayapti?

2020 yildagi bir voqea prokuratura organlarining avvalgi nufuzini esga solib yuborgandi. Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hududida qurilish ishlari olib borayotgan kompaniya 81 tup daraxtni kesib tashlagach, prokuratura daraxtlarni kesishga ruxsat bergan hokim o‘rinbosari va qurilish kompaniyasi mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atgan, yetkazilgan zararni qonunbuzarlardan 3 barobar (1 mlrd. 891,3 mln. so‘m) qilib undirgandi.

Bundan tashqari, o‘shanda noqonuniy kesilgan dov-daraxtlar o‘rniga daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgandi. Yakkasaroy tuman prokuroriga esa tumanda qonunlar ijrosi ustidan yetarli prokuror nazoratini o‘rnatmagani uchun hayfsan berilgan.

Shundan so‘ng ham ko‘plab daraxtlar kesib tashlandi. Ammo “daraxt qotillari”ga nisbatan Yakkasaroydagiday keskin choralar ko‘rilgani jamoatchilikka ma'lum emas.

Masalan, so‘nggi vaqtlarda mamlakat bo‘ylab daraxtlar qirg‘ini avj olgan bo‘lsa-da, aybdorlarga nisbatan o‘ta liberal, nari borsa, ma'muriy javobgarlik chorasi ko‘rilyapti. Jinoyat ishi qo‘zg‘atishi lozim bo‘lgan ichki ishlar va prokuratura organlari esa shunchaki tomoshabin bo‘lib turibdi xolos.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati xodimi Alisher Bobomurodov bilan bog‘langanimizda, Denov tumani ichki ishlar bo‘limi dastlab bu holatni bosdi-bosdi qilib yuborgani, prokuratura bu ish qayta o‘rganilishini shaxsan nazorat qilayotganini ma'lum qildi. Biroq, oradan 2 hafta o‘tsa hamki, hali bu masalada yangilik aytilmadi.

Jinoyat uchun jazoning muqarrarligi ta'minlanmayotgani bois, deyarli har kuni respublikaning hali u, hali bu hududida daraxtlar qirg‘ini davom etmoqda.

O‘ziga gard yuqtirmaydigan hokimlik

Denovdagi holatda “Denov tuman yo‘llardan foydalanish” UKning uchastka bo‘limi boshlig‘i (hatto korxona boshlig‘i ham emas!) tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxtlarning ruxsatnomasiz kesib tashlangani shak-shubhasiz noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi.

Biroq, mana shu yerda masalaning asosiy qismi e'tibordan chetda qolmoqda. Chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, 109 tup (!) ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlarni oddiy bir korxonaning uchastka bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs kestirib tashlay oladimi? Uning bunga vakolati bo‘lmagani aniq. Shunday ekan, buning uchun otning kallasidek yurakdan tashqari kamida hokim yoki uning o‘rinbosari darajasida topshiriq olgan bo‘lishi lozim.

Denovdagi yo‘llarni kengaytirish doirasida 857 tup “kam qimmatli” daraxt hokimlik ruxsatnomasi bilan kesilgani aytilmoqda. Chunki, prezident farmonida moratoriy qimmatbaho daraxtlarga amal qilishi belgilangan.

O‘rganishlar yakunida Ishtixondagi daraxt kesishlar ham 3 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan bo‘lib chiqmoqda. Qizig‘i, bu voqea haqidagi Kun.uz surishtiruvida tuman hokimligi vakillari avvaliga bu daraxtlar o‘zi chirib qolgani, yo‘lni kengaytirishga xalal bergani, shu sababdan olinganini, keyinroq esa, kuchli shamolda daraxtlar sinib odamlar hayotiga xavf solgani uchun kesishga majbur bo‘lishganini aytishgandi. O‘rganishlar yakunida esa aylanib-o‘rgilib, ayb boshqa birovda bo‘lib chiqdi.

Daraxt kesishda moratoriyni chetlab o‘tishning yangi usuli

So‘nggi bir nechta holatlar fonida hokimliklar daraxt kesishda yangi usulni “kashf etgan”day taassurot qoldirmoqda. Ya'ni “yo‘l kengaytirish”larga xalal berayotgan “kam qimmatli” daraxtlar ruxsatnoma bilan, qimmatbaho daraxtlar esa go‘yoki hokimliklarga “aloqasi bo‘lmagan” odamlar qo‘li bilan chopiladi.

4nJ4AcHOkll5XMJj0OmanP-NfAmiO2Qm.jpg (1280×853)

Moratoriyni chetlab o‘tishning yana bir usuli sifatida esa “daraxt ko‘chirish”ni qo‘llash urfga kirib boryapti. Masalan, Toshkentda Katta Farg‘ona yo‘li ko‘chasining ta'mirlanishi munosabati bilan u yerdagi daraxtlar Yashnobod tumani Alimkent ko‘chasiga ko‘chirib keltirilgan. Buning oqibatida daraxtlar qurib, ko‘chada “daraxtlar qabristoni” hosil bo‘lganini esa yaxshi bilasiz. Bu holatda ham ayb uchun javobgarlik prinsipi umuman ishlamadi.

Odam emas, mashina uchun qilinayotgan shaharsozliklar

Daraxt kesilishi har qancha qonuniy bo‘lgan taqdirda ham nega daraxtlarga nisbatan bunday beparvo munosabatda bo‘linyapti?

Nega shaharlar odam uchun emas, mashina uchun moslashtirilmoqda? Axir, daraxtlar qirg‘ini natijasida shahar havosi buzilsa va jazirama quyoshdan panoh topadigan joy qolmasa, chang havodan qiynaladigan ham, issiqdan jabr ko‘radigan ham, mashinalar emas, odamlar bo‘ladi.

Denovdagi voqeaning qiziq jihati shundaki, hudud ekologiyasiga mas'ul bo‘lgan Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi o‘z ma'lumotida daraxtlar yo‘l qurilishiga halaqit berayotgani uchun kesilganini ta'kidlamoqda. Ya'ni, daraxtlarni himoyalashi kerak bo‘lgan tashkilot ham uni kesib tashlaganlarga advokatlik qilmoqda.

Prokuratura nega jim?

Ishtixondagi daraxtkushlik aks etgan yuqoridagi surat alohida ramziy ma'noga ega. Xuddi mazax qilinganday, Ishtixon tumani prokuraturasining ro‘parasida qonunlar va prezident farmonlari buzilyapti.

Ustiga ustak, butun respublika bo‘ylab daraxtlar qatliom bo‘layotganiga prokuratura organlari hozircha tomoshabin bo‘lib turibdi. Bir tizimning ojizligi bo‘lsa shunchalik bo‘lar-da.

To‘rga nuqul “mayda baliqlar” ilinyapti

Denov va Ishtixondagi holatlardan umumiy xulosa shu bo‘lyaptiki, noqonuniy daraxt kesilishi holatlari uchun odamlarning ko‘ziga “mayda baliqlar” yoki shaxmat tili bilan aytganda piyodalar jazolanyapti.

Bu quyi lavozim egalari “yuqori”dan topshiriq bo‘lmaguncha, o‘zboshimchalik bilan daraxt u yoqda tursin, uning shoxini kesishga ham qo‘l urolmasligini yosh bola ham biladi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, unitar korxonaning xodimi naq 109 tup daraxtni hech qanday topshiriqsiz, o‘zicha kesib yuborishi qaysi aql tarozisiga to‘g‘ri keladi?

Shu yerga kelganda yana 2020 yilni eslamay iloj yo‘q. Yakkasaroydagi daraxt kesilishida hokim o‘rinbosari va tadbirkor aybdor deb topilgani va yetkazilgan zarar uch barobar undirilgani yagona misol sifatida hali ko‘p bor eslab yurilsa kerak.

Denovlik daraxtkushlarga nisbatan nima uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilmayotgani sabablari bo‘yicha Bosh prokuraturadan asosli izoh kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov

Top