Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan, eng yirik inson salohiyati hamda barcha mintaqa mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega yagona davlat – O‘zbekiston. 2016 yil oxirigacha davlat chegaralari minalashtirilgan, suv va gaz zaxiralaridan oqilona foydalanish bo‘yicha dahanaki tortishuvlar, o‘zaro chetlab o‘tish va tashqi siyosiy-iqtisodiy manfaatlarga qaram bo‘lmaslikka yo‘naltirilgan muxtor naqliyot hamda temir yo‘llar barpo etilishi natijasida mintaqada ishonchsizlik kayfiyati keskinlashib ketgandi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangan edi. Oxirgi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarda katta yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, yaqin istiqbolda hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qancha masalalar mavjud.

Siyosiy muzlar ancha erib, 2017 yil 17 sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishilgani» va «bu tendensiyaning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishi» haqida dasturiy nutq qilgandi.

Undan avval, 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017–2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasining «chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar» deya tavsiflangan 5.2-bandida «O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish» tamoyili belgilab qo‘yilgan. Fikrimizcha, «yon-atrof» atamasi ortida Afg‘oniston ham nazarda tutilgan.

Umuman olganda, tashqi siyosat davlat va jamiyatning muvaffaqiyatli ichki rivojlanishi, islohotlarni amalga oshirish, aholi turmush farovonligining oshishini ta'minlash, hayot sifatini ko‘tarish uchun qulay tashqi sharoitni yaratish hisoblanadi. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish eng asosiy vazifalardan biridir. Aynan O‘zbekiston joylashgan mintaqadagi xavfsizlik barqaror rivojlanishning eng asosiy shartidir. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo davlatlari – bevosita qo‘shnilarimiz bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan.