11:18 / 22.11.2021
5115

Sherzod Shermatov AKT bo‘yicha har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi

Yaqinda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlangan Sherzod Shermatov sohani rivojlantirish uchun takliflar bo‘lsa ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Foto: KUN.UZ

«Eng asosiy vazifa iqtisodiyotimiz o‘sishi va yoshlarimiz qo‘shimcha daromad topishiga yordam berish. Ya'ni qayerdadir biz bilmagan imkoniyatni balki AKTni joriy etish orqali tezlashtirib yuborish bo‘yicha fikrlar bordir. Davlat-xususiy sherikchilik ko‘rinishida bo‘ladimi yoki boshqacha revenue-sharing mexanizmi (Manfaatdor tomonlar yoki hissadorlar o‘rtasida tovarlar va xizmatlarni sotish natijasida hosil bo‘lgan umumiy daromad miqdorini taqsimlash) asosidami, har qanday takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz», — deya yozmoqda vazir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif va loyihalarni ushbu havola orqali yuborish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 noyabr kuni Sherzod Shermatovni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinlash to‘g‘risida prezident farmoni imzolangan edi.

Sherzod Shermatov vazirlikni 2017-2018 yillarda ham boshqargan. So‘nggi uch yil davomida xalq ta'limi vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgandi.

Joriy yilning 5 noyabr kuni sobiq axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov O‘zbekistonda Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan prezident farmoniga asosan o‘z vazifasidan ozod etilgan edi

Top