15:34 / 16.02.2022
9795

G‘afur G‘ulom bog‘i yozda qayta ochilishi ma’lum qilindi

G‘afur G‘ulom bog‘ini yopiq qarorlar asosida 49 yilga ijaraga olgan kompaniya bog‘dagi rekonstruksiya ishlari 2022 yil yozida yakunlanishini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Toshkentdagi G‘afur G‘ulom madaniyat va istirohat bog‘idagi rekonstruksiya ishlari 2022 yil yozida yakunlanadi va bog‘da kuniga 10 ming kishi hordiq chiqara olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda bog‘ hududini ijaraga olgan BMP Smart Decision Management ta’sischisi Otabek Mirzajonov ma’lum qildi.

“Hozirgi kunda biz tomonimizdan 4 mln AQSh dollari hajmida investitsiya kiritganmiz. Umumiy rejamizga asosan, investitsiyalar hajmi 10 millionga boradi.

Rekonstruksiya davomida biz parkda mavjud hamma attraksionlarni yangilaymiz. 30ta attraksionga Rossiya, Xitoy, Ukraina, Turkiya korxonalari bilan shartnomalar tuzilgan. 90 foiz attraksionimiz O‘zbekistonga olib kelingan. Qolganlari olib kelinish jarayonida.

Parkda rekonstruksiya davrida mavjud 9 mingta daraxtdan bittasiyam olinmagan, hammasini nazorat qilib, parvarish qilib, tubdan yangi sug‘orish tizimini yaratmoqdamiz”, – dedi Mirzajonov Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi eng gavjum istirohat bog‘laridan biri bo‘lgan G‘afur G‘ulom bog‘i 2019 yilda Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahar hokimligining yopiq hujjatlari bilan BMP Smart Decision kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan.

Kun.uz Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan mazkur kompaniya ta’sischisi O‘zbekiston fuqarosi Sherzod Halimov ekani, kompaniyaning ustav kapitali 1000 Singapur dollari (720 AQSh dollari atrofida) ekanini xabar qilgandi.

BMP Smart Decision O‘zbekistonda “BMP Smart Decision Management” MChJ nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Bugungi kun holatiga uning 99 foiz ulushi Singapur kompaniyasiga, 1 foizi esa fuqaro Mirzajonov Otabek Abdullajonovichga tegishli.

Dekabr oyida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘idagi rekonstruksiya kechikib ketgani uchun bog‘ egalarini tanqid qilgan, bog‘ning bu investorga berilishi masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi.

Top