20:53 / 16.10.2022
39158

“Ariza yozasan, bo‘lmasa mol-mulkingni musodara qilamiz”. Uchko‘prik fermerlari o‘tgan asrning 30-yillariga tushib qoldi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida profilaktika inspektorlari tomonidan prokuratura va hokimlikka olib kelingan fermerlar binoga qamab qo‘yilib, oldindan tayyorlab qo‘yilgan arizalarga qo‘rqitib qo‘l qo‘ydirilib, yerni topshirishga majburlandi. Bu kabi holatlar butun Farg‘ona bo‘ylab kuzatilayotgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Uchko‘prikdagi fermerlarni prokuratura hamda hokimiyat binosiga qamab, ularga “ko‘ngilli-majburiy” tarzda “yerimni o‘z xohishim bilan topshiraman” mazmunida ariza yozdirilayotgani haqida gaplar tarqaldi. Uchko‘prikda tuzilgan q/x kooperativlari yetishtirgan paxta qaroqchilik qilib olib ketilgani haqida yozgandik, va tabiiyki bu xabarlarga befarq bo‘lolmadik – u yerda fermerlar bilan aloqaga kirishdik. Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘plab fermerlar ma’muriy idoralarning turli bosimlari kuchayishidan cho‘chib, holatni bizga tasvirlab bergan bo‘lsalar-da, ismlarini oshkor qilishni istashmadi.

“Omad Raxmon Mastona” fermer xo‘jaligi rahbari Dilsora Umrzoqova:

— Besh kundan beri prokuratura chaqiryapti, kecha borganimda meni asosiy (fermerlar chaqirib to‘plangan) zalga kiritishmadi, hamma tashkilotlarning rahbarlari bor edi (to‘rtta sektor). Chaqirishdan maqsad – “paxta plani”ni bajarmagan fermerlarni chaqirishibdi.

Men aslida klaster bilan 120 tonna paxta topshirishga shartnoma tuzganman, 123 tonna paxta topshirib shartnomani bajardim, hozir bular 54 gektar paxta ekkansan va 161 tonna paxta sotishing kerak deyishyapti...

Yerlarim cho‘l hududida joylashgan, va u aytilayotgan hosilni bermaydi. Mendan esa shartnomamda ko‘rsatilgan paxta tonnasidan ortiqcha paxta sotishimni talab qilishyapti. Bu ishlar bilan bizlarning – fermerlarning prezidentimizga bo‘lgan ishonchini so‘ndirishyapti-ku! Kimga ishonishni bilmayapmiz-ku.

Fermerlar kimga ishonishni bilmayapti.

Ayniqsa hozir, don ekish paytida prokuror ertalabdan chaqirib vaqtimizni olib, o‘z hukmini o‘tkazyapti. “Ariza yozasan, bo‘lmasa mol-mulkingni musodara qilamiz”, “Majbursan, paxta sotasan” deb bosim o‘tkazib vaqtimizni olyapti, oqibatda don ekish ham kechikyapti. Hozir ayni bug‘doy ekiladigan payt-ku, keyingi hafta yomg‘ir yog‘adi deyishyapti. Yomg‘ir yog‘sa don ekish ishlarimiz yana ham kechikib ketadi-ku, shu bilan kelasi hosil xam barbod bo‘ladi.

Hurmatli prezidentimiz aytgan-ku, “sentner qo‘yilmaydi, klaster va fermer o‘zaro kelishib ishlaydi” deb. Bu rahbarlar – hokim, prokuror, ichki ishlar va umuman to‘rtta sektor rahbarlari fermerning ishiga aralashishga qonunan haqqi yo‘q-ku.

Viloyatdan kelgan prokuratura xodimlari “biz aytgan tonnani bajarmasang yeringni olamiz” deyishdi. Men yana 40 tonna paxta berishim kerak ekan. Har kuni bizni chaqirishadi, bugun ham chaqirishdi, bugun ham borib keldik. “Paxta terasan yo bo‘lmasa pulingga sotib olib topshirasan”, deyapti. Men ayol boshim bilan qayerdan olaman paxtani, uning ustiga sentnerni oshirib qo‘ygan bo‘lsa.

Bu yil aytganini qilib pulimga olib bersam, keyingi yil “plan”ni yana ham oshirib qo‘yaverishadi-da. Qonunan olib qaraganda haqqi yo‘q bunga, bular esa tushunmayapti. Men hokimga telefon qilib “bu noqonuniy bo‘lyapti” desam, hokim “bu qonuniy, kelsangiz biz sizga qonunni ko‘rsatib qo‘yamiz”, deyishdi.

Men kimga ishonishni bilmayapman. Bu yangi qarorlarni hurmatli prezidentimiz chiqarib qo‘ygan bo‘lsalar, bular (to‘rtta sektor) nimaga bizni ishimizga noqonuniy ravishda aralashadi. Fermer bilan klaster o‘zi kelishib ishlayveradi-ku, aralashish shartmas-ku. Fermer o‘z daromadini oshirishga harakat qiladi, foyda ham, ziyon ham fermerning o‘ziga-ku.

Klaster paxtani qanday qabul qilishidan ham e’tirozim bor: PKga (paxta qabul qilish dalolatnomasi) 8600 so‘m yozib berishyapti, tashish xarajatlari esa bitta pritsep uchun 30 ming so‘m deb yozishdi. 30 mingga nima beradi? 10 litr solyarka bermaydi-ku hozirgi kunda. Topshirgan paxtamni kamida 3 tonnasini “skidka”ga chiqarib qo‘yishgan va umumiy tonnadan qirqib tashlashgan.

Uning ustiga yana quritish va tozalash deb har bir olib kirilganda 924 ming so‘m olishyapti. Har bir paxta olib kirganimda bir million so‘mga yaqin pulni tashlab chiqaversam... Paxtaning narxi nimaga 8600 so‘m (minimal narx 10025 so‘m deb belgilangan) desam , bu QQS chiqarib tashlangandan keyingi narx, biz sizlarning QQSingizni o‘zimiz to‘laymiz” deyishyapti. Bu fermerga zarar, chunki bu holda fermer mahsulot sotib olgandagi QQS summalari kuyib ketadi. Men “yo‘q” deb 10025 so‘mdan hisob-faktura jo‘natsam, qabul qilishmayapti.

Agar paxta ham g‘allaga o‘xshab birjaga chiqarilganda fermerlar xotirjam ishlar edi, raqobat kuchayardi, hosildorlik va daromad ham oshar edi.

Akbarjon Abdullajonov, “Saxovatpesha Yoqubjon” f/x rahbari:

— Uyimga kelib, prokuraturaga borasan deyishdi. Bordim. “Arizangni yozasan” deyishdi. Majburlab ariza yozdirishdi. Arizani yozib, tashlab chiqib ketdim. Achchiq qilib biroz gapirdim. Bu uchun yana Ichki ishlarga chaqirishdi, bormadim.

“Farg‘ona Global Tekstil” klaster bilan paxta yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzgandim. Ikki oy ichida klaster bilan kelisholmay qoldim, chunki aprel oyida 10 foiz pul tushirib beramiz deyishgandi, ammo tushirishmadi. Shunda paxtani o‘zim yetishtirishga qaror qildim. Pishgan paxtani olib bordim klasterga, o‘rtada shartnoma bo‘lgani uchun. Juda ko‘p skidka chiqarishdi. Paxtani qaytarib kelib, xirmonimga bosdim. Ichki ishlardan kelib, “paxtani klasterga olib bor”, deyishdi. Ularning bosimi bilan paxta klasterga olib borildi. Hozir bosimlar davom etyapti.

Klaster bilan shartnoma tuzayotganda toza blankaga muhr bosganman. Shartnomaning bir nusxasi qo‘limda bo‘lishi kerak aslida, qo‘limda emas.

— Nega toza blankaga muhr bosasizlar?

— Shunga o‘rganib qolganmiz... Yana soddaligimiz tutdi...

— O‘zlaringizga dushmanlik qilasizlar-da shunaqa qilib?

— Ha...

— Qo‘l qo‘yishga majburlashdi deyapsizlar. Qay tarzda majburlashdi?

— Arizangni yoz deyishdi.

— Yo‘q, yozmayman desa nima bo‘lardi?

— Unda “chora ko‘rishlari” mumkin deb o‘yladim.

— Qanday chora?

— Bilmadim. Ichki ishlardan uyingizga “vakillar” boravergandan keyin, o‘zingizning, uyingizdagilarning sog‘ligi buziladi. Bosimlardan qutulay deb voz kechib yuborasiz hammasidan...   

— Bu ishlar noqonuniy ekanini fermerlar tushunishyaptimi?

— Bilyapmiz. Ammo cho‘chiyapmiz.

— Lekin oxirgi paytda siz fermerlarning huquqiy bilimlaringiz oshdi-a ancha?

— Ha, ancha oshdi bilimlarimiz. Faqat haliyam huquqlarimizni rostdan tanimaymiz, shu uchun shunaqa vaziyatga tushib turibmiz.

— Mana hozir ikki tadbirkorlik sub’yekti orasidagi ishga ma’muriy idoralar aralashayotganini anglayapsizlarmi?

— Ha. “Bir darvozaga o‘yin” bo‘lyapti. Fermerlarga bosim bo‘lyapti. Shartnomalar ko‘ngillilik asosida bo‘lishi kerak. Bosim ostida shartnomalar tuzilyapti. Toza blankaga. 

— Nega siz fermerlar birlashib bo‘lsa-da, yaxshi huquqshunoslarni jalb qilib, huquqlaringizni himoya qilmaysizlar? Axir, mudhish qonunbuzarliklarga duch kelib turibsizlar.

— Shuning harakatidamiz. Prezidentimiz yaxshi qonunlar chiqaryapti. Paxta davlat monopoliyasidan chiqarildi. Idoralar aralashishi mumkin emas. Ammo ular to‘xtatgani yo‘q aralashishni.

***

Ma’lumot uchun ayni paytda Uchko‘prik tumaniga shu yil 23 may kuni tasdiqlangan Abrorjon Asqarov hokimlik qiladi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

O‘ktamjon Yo‘lchiyev esa shu tumanning prokurori hisoblanadi.

Foto: Farg‘ona viloyati prokuraturasi

Manbalarning aytishicha, fermerlardan yerlarini “ixtiyoriy” ravishda hokimlik zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi arizalarni olish topshirig‘i yuqoriroqdan, ya’ni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va bosh vazirning sohaga mas’ul o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevlardan bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Vaziyatni o‘rgangan Adliya vazirligi Uchko‘prik tumanida fermerlar hokimiyat binosiga chaqirilib, o‘z yerlaridan “ixtiyoriy” voz kechish yuzasidan ariza rasmiylashtirilganini tasdiqladi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, joriy yilning 13 oktabr kuni Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimligi binosiga chaqirtirilgan notarius M.E. tomonidan yer ijara shartnomalari bekor qilinishini so‘rab 16 ta fermer xo‘jaligi rahbarlaridan hokim nomiga yozilgan arizalar qonunlarga zid tarzda tasdiqlagani ma’lum bo‘ldi.

Vazirlik prezident farmoniga asosan joriy yil 1 sentabrdan boshlab yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risidagi ariza faqat notarial tartibda tasdiqlanishi qat’iy belgilangani, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning mahalliy davlat hokimiyati organlari qarori bilan bekor qilinishi mumkin emasligini eslatdi.

Shokir Sharipov tayyorladi.

Mavzuga oid:

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top