16:21 / 21.12.2022
5706

Shubhali tenderlar bo‘yicha o‘rganish natijalari prokuraturaga oshirilgan - Mahallabay agentlik

Tikuv mashinalari daftarlardagi ayollarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida subsidiya asosida bepul tarqatilmoqda / Foto: Mahalabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tikuv mashinalari xarid qilish bo‘yicha 3,4 mlrd so‘mlik 4 ta shubhali tender masalasida munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Kun.uz'ning maqolasida ko‘rsatilgan holat bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligi ichki audit xizmati va Monopoliyaga qarshi qo‘mita mutaxassislari tomonidan agentlikning Toshkent shahar boshqarmasida o‘rganish o‘tkazilgan.

“O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilgan”,deyiladi agentlikning Telegram-kanalida berilgan rasmiy axborotda.

Kun.uz'ning: “Prokuraturaga yuborilgan bo‘lsa, demak, qonunbuzilish holatlari aniqlangan, shundaymi? Agar qonunbuzilish holatlari aniqlangan bo‘lsa, nega baribir shartnomalar tuzildi? Hujjatlar prokuraturaga qachon yuborildi?” degan savollariga agentlik matbuot xizmati quyidagicha javob berdi:

“Holat yuzasidan qonunbuzilish holatlari mavjudligi yoki mavjud emasligiga huquqiy baho berish maqsadida tegishli ma’lumotlar 2022 yil 13 dekabrda Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilgan”.

Eslatib o‘tamiz, to‘rtta tenderda ochilganiga 1, 2, 3 va 4 kun bo‘lgan firmalar, ya’ni tender bo‘lib o‘tayotgan vaqtda ochilgan yangi korxonalar g‘olib deb topilgan. Kun.uz bu korxonalarning hammasi Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashgani, o‘zaro yaqin qarindoshlarga tegishli bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratgandi. Qolaversa, tikuv mashinalari uchun 6 mln so‘m atrofidagi narx bozor narxidan qimmat bo‘lishi mumkinligi qayd etilgandi.

Shundan keyin, 2 dekabr kuni Mahallabay ishlash agentligi holat yuzasidan o‘rganishlar boshlanganini bildirgandi. Keyinroq Kun.uz o‘rganish tayinlanganiga qaramay, bu tenderlar bo‘yicha shartnomalar baribir imzolanganini xabar qildi.

Top