20:02 / 17.01.2023
73216
UzAuto Motors 13 oy ichida to‘rtinchi marta narxni oshirmoqchi

Agar narxlar ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgani va rasman rad etilmayotgani kabi 30 foizga oshsa, UzAuto Motors avtomobillari oxirgi 13 oyda 1,5 barobarga qimmatlashgan bo‘ladi. Kompaniya Spark va Nexia kabi budjet modellarni sotuvdan olib tashlagani, ayni shu toifadagi avtomobillar uchun bojlar stavkasi eng yuqori ekanidan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘zbekistonliklar avtomonopoliya iskanjasidan tobora ko‘proq jabr ko‘ra boshlaydi.

UzAuto Motors dekabr oyi boshida budjet modellar – Damas, Labo, Cobalt va Gentra uchun shartnoma tuzmay qo‘ygan edi. Yanvar oyi boshiga kelib, oldindan puli to‘langan avtomobillarni topshirishni ham to‘xtatdi.

Dastlab, mashinalarni egalariga topshirishdagi to‘xtalish 4-5 kun davom etishi va’da qilingan bo‘lsa-da, keyinroq bu muddat noma’lum muddatga uzaytirildi.

Oxirgi bir necha yillarda shakllangan an’anaga ko‘ra, UzAuto Motors har safar avtomobillar narxini oshirishdan oldin turli sabablar bilan sotuvni to‘xtatib qo‘yadi.

Bu safar ham sotuv qayta ochilishi cho‘zilib ketgach, ijtimoy tarmoqlarda kompaniya yana narxlarni oshirmoqchi ekani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin bu safar narxlar biryo‘la 30 foizga oshishi haqida gaplar yuribdi. UzAuto bu ma’lumotlarni rad etib chiqayotgani yo‘q.

Narxlar oshishi kutilayotganini Kun.uz manbasi ham tasdiqladi, ammo qanchagacha oshishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.

2023 yildan boshlab UzAuto Motors imtiyozlardan mahrum qilinib, bojxona to‘lovlarini to‘lay boshlashi taxmin qilinmoqda. Ammo bu mamlakatdagi avtomobil monopoliyasi bekor bo‘lishini anglatmaydi, shunchaki tanlovsiz o‘zbekistonliklar uchun mashina narxi yanada qimmatroq bo‘ladi xolos.

Mahsulot qiymatini pasaytirish uchun xarajatlarni kamaytirish, yangi texnologiyalar kiritish va boshqa choralar ko‘rish o‘rniga har gal narx oshiriladi, ya’ni zavodning muammolari iste’molchilar hisobidan hal etiladi.

3 foizlik yig‘im va QQSning 3 foizga pasayishi “yutib yuborildi”

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekistonda yangi avtomobil sotib olgan fuqarolar avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazishda budjetga 3 foizlik yig‘im to‘lar edi. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab bu yig‘imni ishlab chiqaruvchilar to‘laydigan bo‘ldi. Turgan gapki, o‘sha sanadan e’tiboran UzAuto Motors yig‘imni mashinalar narxi ustiga mindirib, narxni 3 foizga oshirdi. Lekin 2022 yil 1 yanvardan boshlab bu yig‘im bekor qilinganida mashinalar narxi 3 foizga arzonlashgani yo‘q, ya’ni kompaniya endi bu pulni o‘z cho‘ntagiga olib qola boshladi (01.10.2019 dan 01.01.2022 gacha bo‘lgan muddatda kompaniya bu yig‘imlarni budjetga to‘lagan-to‘lamagani ham noma’lum).

3 foizni “yeb yuborish” 2023 yilda yana takrorlandi. Bu safar QQS bilan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i 1 yanvardan e’tiboran 15 foizdan 12 foizga pasaydi, lekin kompaniya yana narxni tushirgani yo‘q. Vaholanki, UzAuto Motors yangi Onix modeli narxlarini e’lon qilganida, narxlarni QQSsiz ko‘rsatgan edi. Xaridorlar qancha to‘lashi kerakligini o‘sha ko‘rsatilgan narxni 15 foizga ko‘paytirib o‘zlari hisoblab olishiga to‘g‘ri kelgandi.

Bu orada, 2022 yilning mart oyidan boshlab, Nexia, Spark, Damas va Cobalt avtomobillari narxi 10 foizga, Gentra narxi esa 12 foizga qimmatlashdi.

Yuqoridagi uchta narx oshirishni qo‘shib hisoblaganda, 2022 yilning 1 yanvaridan bugungi kungacha UzAuto Motors avtomashinalari kamida 16-18 foiz atrofida qimmatlashgan.

Taqqoslash uchun, xuddi shu vaqt mobaynida mamlakatdagi bazaviy inflatsiya 12,3 foizni tashkil etgan. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi esa 12 foizga oshirilgan.

Qo‘shimcha qilish kerakki, soliq stavkasi pasaygani bilan UzAuto avtolari arzonlashmagani birinchi marta emas. 2018 yil yanvarida bu kompaniya mahsulotlari uchun aksiz solig‘i 5,5 barobarga (!) tushirilgan bo‘lsa ham (27 foizdan 5 foizga), kompaniya narxlarni 1 so‘mga ham arzonlashtirmagan edi.

UzAuto boj to‘lashni boshlasa ham, importga to‘siqlar o‘sha-o‘sha qoladi

“Mahalliy avtogigant” (kompaniya rasmiy bayonotlarida o‘zini shunday ataydi) avtomobil importiga o‘rnatilgan to‘siqlar bilan himoya qilinib kelinadi. Odamlar boshqa, arzonroq va sifatliroq tanlovlardan sun’iy ravishda mahrum qilingan. Tashqaridan avtomobil olib kirish uchun esa olib kirilayotgan mashina narxining teng yarmiga yaqin boj to‘lovi joriy qilingan. Lekin importga to‘siqlar faqat bojlardan iborat emas: sertifikatlash va boshqa g‘ovlar ham bisyor.

O‘zbekistondagi avtomobilsozlik sanoatining monopolistik holati yuqori darajada. Umuman olganda, monopoliya sohani qutqarmaydi, aksincha, sekin va ohista shaklda o‘ldirib boradi. Chunki butun bir jamiyatni tanlashdan mahrum qilib, monopol hukmronlik qilayotgan soha rivojlanishi, global miqyosda raqobatbardosh bo‘lishi mumkin emas. Bozor iqtisodiyotining eng asosiy qonuniyati bu – raqobatning rivojlanishidir. Raqobat bo‘lmagan tizimdan birinchi navbatda quyi va o‘rta qatlamga jabr bo‘ladi.

O‘zbekiston va Qozog‘istondagi narxlar taqqoslandi. Bu mavjud reallikni o‘zida aks ettiradimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors Qozog‘iston va O‘zbekistondagi Chevrolet avtomobillari hamda ularning bahosini bir nechta misollar orqali taqqoslab, ichki bozorda narxlar go‘yoki sezilarli arzon degan xulosa beruvchi ma’lumotlarni tarqatdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, O‘zbekistondagi Cobalt'ning amaldagi modifikatsiyasi va Qozog‘istondagi Cobalt modifikatsiyalari o‘rtasida sezilarli farqlar bor. Shuningdek, Qozog‘istondagi xaridorlar puli oldindan to‘langan avtomashina uchun yillab navbatda turishmaydi. Bundan tashqari, UzAuto Motors Qozog‘istonga eksport qiladigan har bitta Sobalt'dan QQS va utilizatsiya yig‘imi hisobiga kamida 4 ming dollar chegirib ham qoladi.

«Birinchidan, Qozog‘istonda Chevrolet-auto.kz rasmiy saytida ko‘rsatilgan narxlar bu – maksimal narxlar. Yangi yildan boshlab aynan shu usul qo‘llanmoqda, balki buni narx oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan UzAuto Motors iltimos qilganmi, bir narsa deyish qiyin. Nima bo‘lganda ham, aniq-tiniq qilib, ko‘rsatilgan narxlar maksimal narxlar ekani va o‘zgartirilishi qayd etilgan. Qozog‘istondagi do‘stlar salonga borib, tanlangan avto rangi, to‘lov shakli va modifikatsiyasiga qarab narxlar savdolashib, 7-10 foizgacha tushirilishi mumkinligini aytishmoqda. Har ehtimolga qarshi O‘zbekistondagi Cobalt amaldagi modifikatsiyasini (magnitofoni-yu, detallarigacha) Qozog‘istondagi Cobalt modifikatsiyalariga yana bir bor solishtiring.

Ikkinchidan, Qozog‘istondagi narxlar bu jismonan bor, salonga pul to‘lab, minib chiqib ketilishi mumkin bo‘lgan avtolar uchun. O‘zbekistondagi Sobalt narxi esa kontraktatsiyasi yo‘q, bir amallab, kontraktatsiya qilganda ham, bir yil kutiladigan avtomobil narxi. Va eng asosiysi, qozoq xaridorida tanlov bor, istasa mexanika, istasa avtomat va tanlagan modifikatsiyadagi avtoni oladi. Va eng asosiysi, unda Chevrolet’dan tashqari tanlovlar ham bisyor.

Uchinchidan, Qozog‘istonga eksport qilingan avtolar bo‘yicha UzAuto Motors QQS summasini budjetdan qaytarib oladi. 2022 yilda har bir eksport qilingan Sobaltʼdan 1700 dollargacha QQS qaytarib olingan.

To‘rtinchidan, Qozog‘istonga eksport qilingan avtolar bo‘yicha utilizatsiya yig‘imi O‘zbekiston budjeti hisobidan qoplab beriladi. 2022 yilda Sobalt toifasidagi avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 1 mln 72 ming 50 tengeni tashkil etgan. Hozirgi kurs bo‘yicha bu kamida 2300 dollar», deya ta’kidladi iqtisodchi.

Uning tushuntirishicha, QQS va utilizatsiya yig‘imining o‘zidan UzAuto Motors kamida 4000 dollar chegirib oladi.

«Beshinchidan, bu maydaroq ko‘rinishi mumkin, lekin ayni shu kunlarda dollar kursi oxirgi oylardagi Qozog‘istonda eng arzonlagan, O‘zbekistonda esa eng qimmatlagan payt . Ya’ni masalan, solishtirish yanvarda emas, noyabr yoki dekabrda bo‘lganida yana kamida 300 dollargacha farqlik ko‘ringan bo‘lardi», deya ta’kidlagan Otabek Bakirov.

Bakirovning eslatib o‘tishicha, jon boshiga YaIM va daromadlar Qozog‘istonda O‘zbekistondagidan kamida 5 karra yuqori.

Eksport qilinayotgan avtomobillar xarajatlarini ham o‘zbekistonliklar to‘lab beryapti

UzAuto Motors avtomobillarni eksport qiladigan mamlakatlarda utilizatsiya yig‘imi to‘laydi, kompaniyaning bu xarajati davlat budjetidan kompensatsiya qilib beriladi. Bu boradagi subsidiya miqdori 2022 yilda 100 milliard so‘mgacha bo‘lishi belgilangan edi. Lekin yil yakunida 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, UzAuto Motors'ga – 137,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi.

Ochiq va yopiq imtiyozlaridan tashqari, kompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyati bo‘lgan utilizatsiya yig‘imini to‘layotgani yo to‘lamayotgani haqidagi ma’lumotlar ham mavjud emas. Kompaniyaning amalga oshirayotgan eksporti hajmi ham importidan keskin farq qiladi, ya’ni UzAuto Motors valuta masalasida ham o‘z ehtiyojlarini qondira olmayotganini taxmin qilish mumkin.

Kuchayib borayotgan tanlovsizlik

UzAuto Motors 2022 yilning oxiridan Nexia-3 va Spark ishlab chiqarishni to‘xtatdi, joriy yilning oxiridan esa Lacetti-Gentra ham konveyerdan olib tashlanishi rejalashtirilmoqda. Shu tariqa, Cobalt UzAuto'ning eng arzon sedaniga aylanadi.

Taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin yillar ichida Nexia-3 va Spark o‘rniga boshqa budjet modellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmaydi.

Ya’ni UzAuto Motors kichik litrajli va tejamkor avtomobillar ishlab chiqarmaydi.

Ayni vaqtda aynan eng tejamkor hisoblangan kichik litrajli avtomobillar uchun bojlar eng baland tarzda o‘rnatilgan.

Kutilayotgan tendensiya O‘zbekiston aholisining mutlaq ko‘pchiligi uchun avtomobil tanlash imkoniyatini tubdan cheklaydi. Ishlab chiqarish xajmlarining o‘smasligi va cheklangan tanlov sharoitida qondirilmagan talab faqat o‘sib boradi.

Avtomobillar tannarxining oshishi katta ehtimol bilan import qilinayotgan butlovchi qismlar narxi qimmatlashgani bilan bog‘lanishi mumkin. Bu holat haligacha mahalliylashtirish bo‘yicha korxona oldiga qo‘yilgan vazifalar yetarli darajada bajarilmaganini yoki faqat qog‘ozda bajarilganini ko‘rsatadi.

Avtomobillarni “yig‘ish” va rasman “ishlab chiqarish” o‘rtasida katta farq bor. Unutmaslik kerakki, mashinalar detallarining juda katta qismi haligacha import qilinadi.

Kun.uz “O‘zavtosanoat” axborot xizmatiga: “O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlarning necha foizi mahalliylashtirilgan?” degan savol bilan bir necha marotaba murojaat qildi, ammo bu borada hech qanday ma’lumot taqdim qilingani yo‘q.

Mahalliylashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini va xorijiy valutaga bog‘liqlikni kamaytirish hisoblanadi.

Vaholanki, UzAuto Motors misolida buning mutlaqo teskarisi kuzatilmoqda.

Top