O‘zbekiston | 20:19 / 20.05.2022
118299
3 daqiqa o‘qiladi

1 iyundan ish haqi 12 foizga oshirildi

Prezident farmoni bilan 2022 yil 1 iyundan 1 iyunidan budjet tashkilotlari xodimlari ish haqi 12 foiz miqdorida oshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ish haqi miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmoni imzolandi.

«Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish hamda fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish maqsadida 2022 yil 1 iyundan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshirilsin», deyiladi farmon matnida.

2022 yil 1 iyundan:

  • O‘zbekiston hududida eng kam ish haqi miqdori oyiga 920 ming so‘m (hozir 822 ming so‘m);
  • bazaviy hisoblash miqdori — 300 ming so‘m (hozir 270 ming so‘m) etib belgilandi. 

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.

Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilgan.

Bundan avval O‘zbekistonda tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 15 foizgacha oshirilgani xabar qilingandi. Shuningdek, pensiya va nafaqalar 2022 yil 1 maydan 12 foizga oshirilgan. Stipendiyalar esa oshmaydi, farmonda bu haqda keltirilmagan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanalida talabalar uchun kontrakt to‘lovlari narxi oshishi mumkinligini yozgan.

«Qoidaga ko‘ra, talabalarning to‘lov-kontraktlari ham oshishi mumkin, sababi bazaviy kontrakt miqdorlari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘lab qo‘yilgan. Lekin bu borada xulosaga biroz shoshmagan ma’qul. Sababi ko‘plab OTMlar o‘z imkonidan kelib chiqib, kontrakt miqdorlarini o‘zi belgilayapti, bundan tashqari ilgari Hukumat tomonidan kontrakt miqdori oshirilishiga taqiq qo‘yilgan paytlari ham bo‘lgandi. Anig‘ini OTMlardan aniqlashtirish kerak», deydi u. 

Uning postida 1 iyundan bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan to‘lovlar ham oshishi eslatib o‘tilgan. «Masalan, ma’muriy jarimalar, soliqlar, davlat bojlari va shu kabi boshqa to‘lovlar. Masalan, ilgari 1 «minimalka» jarima 270 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 1 iyundan 300 ming so‘m bo‘ladi», deya qayd etadi u.

Mavzuga oid