20:52 / 27.01.2023
54566

Leopard, Abrams va Challenger. Ukrainaga berilayotgan tanklarning ustunlik va kamchiliklari haqida

G‘arbning asosiy jangovar tanklarini Ukrainaga yetkazib berish so‘nggi daqiqagacha intrigani saqlab qoldi. Va nihoyat 25 yanvar kuni Germaniya hukumati va AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina G‘arb tipidagi tanklarni olishini rasman e’lon qildi.

Foto: AFP

Germaniya uzoq vaqt davomida Ukrainaga o‘zining Leopard tanklarini yuborish borasida bir qarorga kela olmadi. Bunga birinchi sabab, ushbu qadam Berlinni amalda mojaroning ishtirokchisiga aylantiradi degan qo‘rquv edi. Va bu qo‘rquv ushbu tanklarni nafaqat Germaniyadan yetkazib berishga, balki boshqa mamlakatlardagi nemis tanklarini reeksport qilishga rasmiy ruxsat berishga ham tegishli edi. Berlinning roziligisiz Leopard’larni Ukrainaga yuborib bo‘lmasdi.

Ushbu qiyin siyosiy masala yechimi Buyuk Britaniya va AQSh tomonidan Kiyevga tanklar yuborilishini e’lon qilish bo‘ldi — shundan keyin Germaniya bunday yordamni amalga oshiradigan yagona davlat bo‘lib qolmadi.

Yevropa va AQSh Germaniyani Leopard’larni yuborishga ruxsat berishga ko‘ndirar ekan, Ukraina Leopard 2’dan tashqari Abrams va Challenger 2 tanklarini ham qo‘lga kiritdi. Shu sabab Ukraina tarafdorlari ijtimoiy tarmoqlarda Germaniya kansleri Olaf Sholsga qat’iyatsizligi uchun hazil bilan minnatdorchilik bildirdi.

Ukraina qancha tank olishi mumkin?

Umumiy hisobda qancha tank yetkazib berilishi noma’lum. Katta ehtimol bilan e’lon qilingan miqdorlar yakuniy bo‘lmaydi.

Hozircha Britaniyadan 14 ta Challenger 2, Germaniyadan 14 ta Leopard 2 tanki va’da qilingan, Polsha ham, ehtimol, yana 14 ta tank beradi.

AQSh Ukrainaga 31 ta tank yetkazib beradi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, yetkazib berish ko‘p vaqt talab etadi, biroq AQSh tez orada ukrainalik harbiylarni o‘qitishni boshlaydi.

Challenger 2 – «ukrainlar uchun tanklar uchligi»dagi eng zamonaviysidir. Foto: Getty Images

«Ushbu tanklarni jang maydoniga yetkazish vaqt talab etadi. Biz bu vaqtdan ukrainaliklar Abrams tanklarini o‘z mudofaasiga qo‘shishga to‘liq tayyor bo‘lishini ta’minlash uchun foydalanamiz», degan AQSh prezidenti.

Amerika matbuotining xabar berishicha, Kiyevga jo‘natiladigan Abrams tanklari «Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi» (Ukraine Security Assistance Initiative) dasturining bir qismi sifatida buyurtma qilinishi kerak, bu esa tanklar Ukrainaga AQSh armiyasining zaxiralaridan emas, balki ishlab chiqaruvchidan yuborilishini anglatadi. Bu esa qurol paketi yetkazib berilishini sezilarli darajada kechiktiradi.

Buyuk Britaniya, 2021 yilda xizmatdagi 225 ta Challenger 2 tankidan 77 tasini foydalanishdan chiqarishga qaror qilgandi. Shuning uchun ularni tezda Ukrainaga yuborish mumkin.

Nemis Leopard’lari masalasida esa, Spiegel nashriga xabariga ko‘ra, Bundesverda turli modeldagi 212 ta Leopard mavjud. 2022 yil yoz fasli boshidagi holatga ko‘ra yana 100 ga yaqin tank ta’mirda bo‘lgan.

ABC News nashri Ukrainaning yuqori martabali mulozimiga tayanib, xabar berishicha, Ramshteyn aviabazasidagi muzokaralar chog‘ida 12 davlat Berlin ruxsat berishi bilanoq Kiyevga jami 100 ga yaqin Leopard 2 tanklarini yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.

Leopard tanklarini Ukrainaga yetkazib berish niyati haqidagi ommaviy bayonotlar hozircha Polsha va Finlandiya tomonidan yangradi, ammo OAVda Norvegiya, Ispaniya va Niderlandiya ham ta’minot dasturiga qo‘shilishi mumkinligi yozildi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy avvalroq Ukrainaga urushda g‘alaba qozonish uchun G‘arbning 300 ta tanki kerakligini aytgandi.

Qanday tanklar yetkazib beriladi?

Bu muhim savol, chunki yuqorida nomi qayd etilgan G‘arb tanklarining har biri modernizatsiyadan o‘tgan. Natijada, bir xil modeldagi tankning ba’zi versiyalari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi va ulardan qaysi biri Ukraina qurolli kuchlari xizmatiga kirishi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Masalan, Leopard 2 tanklarining kamida uchta asosiy modeli mavjud. Asosiy modifikatsiyadan tashqari, 1985 yildan 1992 yilgacha ishlab chiqarilgan Leopard 2A4, shuningdek, Leopard 2A5 / 2A6 modellari ham bor.

Bularga qo‘shimcha ravishda, oraliq va xorijiy mijozlar uchun yaratilgan boshqa ko‘plab versiyalar ham bor. Sotib oluvchilar har safar Germaniyadan yangi tank sotib olayotganda, o‘z talablarini qo‘yadi va jangovar mashinani o‘zi uchun moslashtiradi.

Shuning uchun, «o‘rmonda qarag‘ayga» siyosati, ehtimol, turli xil tizimlarni birlashtirishni talab etadi. Aks holda, bu tankchilarni o‘qitish (barchani bitta mashinada o‘qitish osonroq) va texnik ta’minotda qiyinchiliklarga olib kelardi.

Spiegel nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Berlin Kiyevga Leopard 2A6 tanklari rotasini (14 dona) topshirishi mumkin. Bu Leopard tankining keng ko‘lamda ishlab chiqarilgan modellaridan eng zamonaviysi. Ushbu model oldingi versiyalardan farqli ravishda zirhlarni teshib o‘tish salohiyati yuqoriroq, uzunroq L/55 to‘pi bilan qurollangan.

Tanklar platformalarda tashiladi va vazn og‘irligi tashishda o‘ziga xos yondashuvni talab etadi. Foto: Getty Images

Iyun oyi boshida Ispaniyaning El Pais gazetasi mamlakat hukumati Ukrainaga armiya zaxiralarida bo‘lgan Leopard 2A4 tanklarining bir partiyasini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida maqola chop etgandi. Ispaniya Leopard 2A6 modelini litsenziya asosida o‘zida ishlab chiqarishni boshlashdan oldin, Germaniyadan 108 ta Leopard 2A4 modelini sotib olgan.

Leopard’ning ushbu versiyasi, ehtimol, yangilanishga muhtoj. 1980-yillar oxirlarida 2A4 mutlaqo zamonaviy tank edi, ammo 30 yil ichida tankka qarshi qurollar ancha rivojlandi va keyingi modifikatsiyadagi tanklar yaxshi himoyaga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, keyingi versiyalarda yanada rivojlangan o‘t ochishni boshqarish, kuzatuv, aloqa va boshqa tizimlar mavjud.

Bu AQSHning M1 Abrams tanklariga ham taalluqli. Hozirga qadar 10 mingdan oshiq shu turdagi tanklar (asosan uchta versiyada) ishlab chiqarilgan. Versiyalar orasida ko‘plab kichik yangilanishlar amalga oshirilgan, ular yanada rivojlangan himoya, o‘t ochishni boshqarish, kuzatuv va aloqa tizimlari bilan bir-biridan ajralib turadi. Abrams’ning aynan qaysi versiyasi Ukrainaga yuborilishi hozircha noma’lum.

M1 Abrams va Leopard 2A5 Polshada. Foto: Getty Images

Ukrainaga qo‘shni Polsha allaqachon 250 ta yangilangan M1A2 Abrams tanklarini sotib olgan va yanvar oyi boshida 116 ta M1A1 modeli uchun ham shartnoma imzolagan. Agar Ukraina tanklarni «zavoddan» olsa, bu Abrams tankining zamonaviyroq versiyasi — M1A2 + bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

FV4034 Challenger 2 Ukrainaga va’da qilingan yuqoridagi ikki tankdan farq qiladi. Birinchidan, u Leopard 2 va M1 Abrams’dan keyinroq yaratilgan. Amerika va nemis tanklari sovuq urush avjiga chiqqan davrdagi muhandislar mehnati natijasidir, ularning ishlab chiqarilishi mos ravishda 1980 va 1979 yillarda boshlangan. Britaniya tanki esa 1990-yillarda yaratilgan va o‘n yillik oxirida foydalanishga topshirilgan.

Shu sababli, tankning eksport uchun yaratilgan faqatgina bitta versiyasi (uni faqat Ummon sotib olgan), shuningdek, Challenger 3 deb nomlangan chuqur modifikatsiyalagan modeli mavjud.

G‘arb tanklarining qanday kamchiliklari bor?

Tanklarni taktik-texnik xususiyatlariga ko‘ra solishtirish qiyin. Birinchidan, tanklar kamdan kam hollarda o‘zaro duelga chiqadi, ular ko‘pincha istehkomlarga, boshpanalarga, yengilroq va keng tarqalgan zirhli transport vositalariga hamda piyodalarga qarshi harakat qiladi.

Ukrainlar gaz turbinali dvigatellarga ega tanklar bilan tanish, ular T-80 tanklaridan foydalanadi. Foto: AFP

Ikkinchidan, zamonaviy tank — bu boshqarish juda qiyin bo‘lgan jangovar vosita, shuning uchun muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlik ko‘pincha uning imkoniyatlaridan 100 foiz foydalana olmaslikka bog‘liq. Biroq, bu tanklar mutaxassislarga ma’lum bo‘lgan ba’zi afzallik va kamchiliklarga ega.

Agar G‘arb tanklarining kamchiliklari haqida gap ketsa, unda uchala tankda ham kamida bitta umumiy muammo bor — bu vazn.

M1 Abrams M1A1’ning so‘nggi versiyasining jangovar og‘irligi 66 tonnadan oshadi. Eng zamonaviy Leopard 2A7’ning og‘irligi ham taxminan shuncha. Challenger 2’ning jangovar og‘irligi qo‘shimcha himoya bilan birgalikda 75 tonnaga yetadi.

Bu tanklarning barchasi, shu jumladan nisbatan yosh Challenger ham o‘z evolyutsiyasi jarayonida «semirib ketgan». Tanklarning rivojlanishi tankka qarshi qurollar rivojlanishi bilan parallel kechadi va ularni modernizatsiya qilish, asosan, xavfsizlikni oshirishga qaratiladi. Va yangi jihozlar o‘rnatilishi ularning jangovar og‘irligini oshiradi.

Taqqoslash uchun, Rossiyaning T-80U tanki jangovar og‘irligi 46 tonna, T-72B3 va T-90 tanklariniki esa 46,5 tonna.

Vazn juda muhim narsa. Chunki bu tanklarning logistikasi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin, chunki tanklar uzoq masofaga mustaqil ravishda harakat qila olmaydi, ularni tirkamali baquvvat mashinalarda tashish kerak. Shuningdek, bu tanklarni ko‘priklardan olib o‘tishda ham mustahkam tirgaklar o‘rnatish lozim.

Zirhli texnika sohasidagi ukrainalik mutaxassis Andrey Tarasenkoning BBC nashriga aytishicha, tank uchun vazn emas, balki yerdagi solishtirma bosim muhim.

«Haqiqatdan ham bu tanklarning barchasining vazni og‘ir. Biroq ular olti katkali (katka — tankning gusenitsasidagi «g‘ildiraklar») T-90, T-72 va T-80 tanklaridan farqli o‘laroq, yetti katkali zanjirda harakatlanadi. Shu sabab ularda tayaniluvchi yer yuzasi kattaroq. Shu bois ulardagi tuproqning bir kvadrat santimetriga bosim, sovet namunasidagi tanklarniki bilan deyarli bir xil», deya tushuntirgan Tarasenko.

Challenger 2 har ikki tomonda oltita katkaga ega, ammo uning yerdagi bosimi M1 Abrams va T-72’niki bilan bir xil, lekin Leopard 2, T-90 va T-80 bosimidan biroz ko‘proq.

G‘arb tanklarning ikkinchi kamchiligi — ekipajni maxsus tayyorlash zarurati. Zamonaviy tanklarni boshqarish juda qiyin, ular raqamli o‘t ochishni boshqarish, kuzatuv va aloqa tizimlari bilan jihozlangan.

Shu sabab ekipajning har bir a’zosi texnikani benuqson boshqarishi va tank harakatlari avtomatlashtirilgan darajada bo‘lishi lozim — chunki, jangda ko‘pincha bir soniya ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Tank ekipajlari maxsus o‘quv maydonchalarida o‘qitiladi, bu yerda ular haqiqiy texnikada ham, simulyatorlarda ham mashq qiladi. Shu sababli, yangi texnologiyani o‘rganib chiqish, hatto tajribali tankchilar uchun ham vaqt talab etadi.

Nihoyat, yangi tanklar uchun ta’minot tizimini yaratish kerak bo‘ladi. Ukraina uchta turli xil tanklarni oladi, ularning har biriga o‘ziga xos ehtiyot qismlari va yonilg‘i kerak bo‘ladi.

Agar Leopard va Abrams bir xil turdagi o‘q-dorilardan foydalansa (chunki ular bir xil silliq to‘p bilan qurollangan), Challenger uchun alohida snaryadlarni yetkazib berish lozim. Challenger NATOning standart tank o‘q-dorilariga mos kelmaydigan to‘p bilan jihozlangan

Bundan tashqari, Abrams tanklariga ham ko‘proq yonilg‘i yetkazib berish kerak bo‘ladi. Chunki bu tank dvigatel sifatida dizel dvigatelidan foydalanmaydi, balki yonilg‘isini alohida yuborish kerak bo‘lgan turbinali dvigatel ishlatadi.

Turbinaning «ochko‘zligi» universallik bilan qoplanadi — Abrams’ni reaktiv dvigatel yonilg‘isi, benzin, dizel va hatto kema dizel yonilg‘isi bilan ham to‘ldirish mumkin. Ammo mutaxassisning tushuntirishicha, ushbu turdagi yonilg‘ilarning iste’moli yanada ko‘proq bo‘ladi.

Logistika bilan bog‘liq muammolar Abrams va Leopard’lar uchun Polshada allaqachon bazalar mavjudligi bilan ma’lum darajada qoplanadi. Bu yerda ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun baza mavjud hamda ehtiyot qismlari va boshqa zarur materiallarni yetkazib berish tizimi allaqachon yo‘lga qo‘yilgan.

G‘arb tanklarining afzalliklari

Sovet tanklarining mashhur, bitta muhim kamchiligi bor — o‘q-dorilar birinchi navbatda «arg‘imchoq» deb ataluvchi qismda, tankning jangovar bo‘linmasining pastki qismidagi barabanda joylashadi. Bu tankning jangda omon qolish qobiliyatini pasaytiradi, chunki snaryad kelib urilganda o‘q-dorilar yonib ketishi mumkin.

Ukrainaga yetkazib beriladigan g‘arb tipidagi uch tankdan faqat AQSh tanki bu kamchilikdan butunlay xoli. Uning barcha o‘q-dorilar to‘plami minora tashqarisiga, tankning orqa qismidagi o‘ringa joylashtirilgan. Bu joy minoradan yong‘inga chidamli zirhli eshiklar bilan ajratilgan va o‘q-dorilarga snaryad kelib urilgan taqdirda portlash energiyasi tepaga ko‘tariladi. Tepaga esa bosim ostida ochiluvchi panellar o‘rnatilgan.

Har xil (modifikatsiyasiga qarab) qo‘shimcha materiallar va ko‘p qatlamli zirh bilan birgalikda bu qobiliyati Abrams’ni dunyodagi eng yaxshi himoyalangan tanklardan biriga aylantiradi.

Uning ingliz va nemis turdoshlari ham ko‘p qatlamli zirhlar bilan jihozlangan, ammo mutaxassislar fikriga ko‘ra, ularning himoyasi Abrams’nikiga qaraganda pastroq. Bundan tashqari, ularda ham o‘q-dorilarning bir qismi jangovar bo‘limga joylashtiriladi. Bu tanklar parchalar (oskolkalar) urilishidan qo‘shimcha ravishda himoyalangan, biroq ularda ekipaj baribir snaryadlar va zaryadlar bilan bir o‘rinda joylashadi.

Abrams’ning kamchiligi, ya’ni uning «ochko‘z» turbinasi, bu bir vaqtning o‘zida tankning afzalligi hamdir. Bunday dvigatel joydan tezda qo‘zg‘alishga, harakatlanayotganda tezlikni oshirishga imkon beradi. Va bu og‘ir tank shosseda 60 km/soatgacha, noqulay joylarda esa 40 km/soatgacha tezlikda yurishi mumkin. Uning bu tezligi xuddi shunday dvigatel ishlatuvchi Rossiyaning T-80 tanki tezligidan pastroq. Rossiya tanki shosseda 70 km/soat, yo‘lsiz joylarda esa 60 km/soat tezlikda harakatlanadi.

Leopard 42A4’ning avtomagistral va noqulay yerlardagi tezligi mos ravishda 70 va 60 km/soatni tashkil qiladi, ya’ni uning dizel dvigateli turbinadan yomonroq ishlamaydi. Nemis tankining ko‘plab mutaxassislar tomonidan e’tirof etadigan yana bir afzalligi bor — u orqaga qarab ham juda tez harakatlana oladi.

Bu juda muhim jihat. Chunki jangovar sharoitlarda tanklar nishonni o‘qqa tutish uchun boshpanalardan chiqadi va orqaga qaytib berkinadi. Tank buni qanchalik tez amalga oshirsa, dushmanda uni nishonga olish uchun shuncha kamroq vaqt bo‘ladi.

Challenger 2 ancha sekin tank bo‘lib, u shosseda 56 km/soat tezlikda harakatlana oladi va yo‘ldan tashqarida esa 40 km/soat tezlikda yuradi. Biroq, bu mos ravishda 65 va 35 km/soat tezlikda harakatlanuvchi Rossiyaning T-72 va T-90 tanklari parametrlari bilan deyarli bir xil.

Challenger 2’ning miltiqli to‘pi ko‘pincha tanqid qilinadi. Bu miltiqli to‘p silliq to‘p bilan jihozlangan Rossiya va G‘arb tanklari fonida haqiqatan ham eskilik namunasi bo‘lib ko‘rinadi. Silliq to‘p stvoldagi katta gaz bosimi hisobiga snaryadni yuqori tezlikda otadi. Bunday snaryad bilan ancha qalin himoyani ham teshib o‘tish mumkin.

Biroq, miltiqli qurol ancha yuqori aniqlikka ega. Dushman tanklariga qarshi kurash og‘ir tanklarning asosiy «mutaxassisligi» emasligini hisobga olgan holda, bu kamchilikni ham afzallik deb hisoblash mumkin.

Va nihoyat Tarasenkoning ta’kidlashicha, G‘arb tanklarida eng yorqin bo‘lmasa ham, ammo muhim ustunlik bor. Bu ularning to‘plarining og‘ish burchagi Rossiya tanklarinikiga qaraganda kattaroqligidir.

Bu juda katta hajmli transport vositalariga tog‘ yonbag‘irlari orqasiga yashirinib, minoraning faqat yuqori qismini ochiq qoldirish imkonini beradi.

Universal qurol

Tank — zamonaviy quruqlikdagi janglarning asosidir. U keng ko‘lamli vazifalarni bajaradi, tank universal vosita bo‘lib, uni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Shu sababli, Valeriy Zalujniy va Ukraina rahbariyati G‘arbning asosiy jangovar tanklarini olishni juda xohladi.

Biroq, zamonaviy tanklarning qobiliyatlaridan, hatto juda baland bo‘lsa ham, faqatgina yaxshi o‘qitilgan ekipajlar ulardan unumli foydalana olishi mumkin.

«Hatto ushbu tanklar ham o‘quv majmualari, o‘quv parki, uslubiy materiallar bilan tegishli tayyorgarliksiz o‘zining 60-70 foiz imkoniyatlaridan foydalanmaydi», deydi mutaxassis.

«1989 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ekipaj tayyorgarligi darajasining 25 foizga o‘sishi jangovar mashinalar va tanklar parkining 60 foizga ko‘payishiga teng», deya qo‘shimcha qiladi Andrey Tarasenko.

Biroq, hatto yaxshi tayyorlangan ekipajlar ham umumqo‘shin janglarining boshqa tarkibiy qismlari — piyodalar, muhandislik bo‘linmalari, razvedka bilan jangovar muvofiqlashtirishga muhtoj. Ukraina harbiylari hozirda xorijdagi armiya o‘quv markazlarida bu borada faol mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

Zamonaviy umumqo‘shin janglari uchun aloqa ham muhim ahamiyatga ega va piyodalar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan tanklar bilan aloqani ta’minlash ayniqsa dolzarbdir. Ukraina qurolli kuchlarida, hatto rossiyalik «harbiy muxbirlar»ning sharhlariga ko‘ra ham, aloqa juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va bu Ukraina armiyasining kuchli tomonlaridan biri.

Ammo tanklar o‘z-o‘zidan, hatto juda samarali bo‘lsa ham, har qanday urushda «kumush o‘q» bo‘lmaydi — ular hali yanada yaxshiroq boshqarishni o‘rganish kerak bo‘lgan vosita xolos.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top