14:37 / 22.04.2023
30232

O‘zbekiston 1 mln tonna shakar zaxirasi mavjud - Raqobat qo‘mitasi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi pishiqchilik mavsumida shakar narxi yana ko‘tarilishi mumkilishi haqidagi xavotirlarni rad etib, ehtimoliy xavf-xatarlar hukumat nazoratida ekanini ma’lum qildi.

Foto: Fotolia

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining yillik ehtiyojini barqaror ta’minlash uchun zarur darajada shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Ta’kidlanishicha, shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023 yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

“Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilmoqda. Xususan, 15 aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shundan omborda 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tonna xomashyo yetkazib berilishi reja qilingan.

Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda va birinchi bosqichida (1 mayga qadar) shakar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga oshirilishi, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Bunda yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda aholiga shakar 11 500 — 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 — 15 000 so‘mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.

“Respublika aholisining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tonna) barqaror ta’minlash uchun zarur darajada (1 mln tonna) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q”, – deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalroq O‘zbekiston shakar iste’moli o‘rtacha bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi, o‘zbekistonliklar yiliga o‘rtacha 17,8 kg shakar iste’mol qilishi ma’lum qilingandi.

2022 yilning martida dunyodagi siyosiy vaziyat tufayli logistika masalasida muammolar yuzaga kelgan va O‘zbekistonga shakar yetkazib berishda uzilishlar kuzatilgandi.

Jizzax, Samarqand hamda Toshkent shahrida zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli shakar narxi keskin oshgan va bu hududlar mas’ullari davlat rahbarining g‘azabiga yo‘liqqandi.

O‘zbekistondagi shakar ajiotaji fonida Qozog‘istonda “shakar firibgarlari” paydo bo‘lgan, ular arzon narxdagi shakar borligini aytib, odamlarni chuv tushirishayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Top