16:29 / 02.05.2023
36561

O‘qituvchilar haqidagi qonun loyihasi kun tartibiga qaytdi. Loyiha “qaychilangan” bo‘lishi mumkin

Pedagoglarga 5 yil ertaroq pensiyaga chiqish huquqini berish, ularning uy-joy va avtomobil sotib olishga sarflagan daromadlarini soliqdan ozod qilish, yilda bir marta sog‘ligini tiklashi uchun bazaviy maoshiga teng miqdorda moddiy yordam berish kabi takliflar qonun loyihasidan chiqarib tashlangan bo‘lishi mumkin.

Foto: O‘zA

O‘zbekistonda “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi qayta jonlandi. Bugun, 2 may kuni Qonunchilik palatasi yalpi majlisida loyiha birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Kecha, 1 may kuni loyiha Qonunchilik palatasidagi bir nechta partiyalar fraksiyalarida ham ko‘rib chiqilib, ma’qullangan. Deputatlar bu hujjatning qabul qilinishi bilan o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzi oshadi, deb hisoblayapti.

Qonun loyihasiga kiritilgan, hozircha ochiqlangan normalar quyidagilar:

  • O‘qituvchi sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida, davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
  • Pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlanadi.
  • Ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodim biriktiriladi.
  • Davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tadi.
  • Pedagog xodim kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlanadi.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi yig‘ilishi / Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

“Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 2020 noyabr oyida jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan versiyasida, quyidagi takliflar ham bor edi:

  • pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini berish;
  • pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larni daromad solig‘idan ozod etish;
  • pedagog xodimga 56 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til, shuningdek, ta’til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam berish;
  • pedagog xodim bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash;
  • pedagog xodimga ko‘p yillik xizmati uchun ustama to‘lash tizimini joriy etish;
  • oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo ta’lim tashkilotlarida kamida 5 yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni OTMlarga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilish.

Birlamchi loyihada bo‘lgan bu takliflar hozir parlamentda muhokama qilinayotgan loyihada bormi yoki yo‘q, bu hozircha ma’lum emas.

Ta’kidlash kerakki, majburiy tibbiy ko‘rik o‘qituvchilar uchun alohida imtiyoz emas: Mehnat kodeksining 292-moddasiga asosan, har qanday sohada xodimning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilish ish beruvchining zimmasiga yuklatilgan. Majburiy mehnat ham Mehnat kodeksi va Konstitutsiya bilan allaqachon taqiqlangan.

Hukumatga ishlab chiqilgan qonun loyihasini parlamentga kiritish uchun 2,5 yil vaqt kerak bo‘lgani e’tiborga molik. 2022 yil fevral oyida, oradan shuncha payt o‘tgan bo‘lsa ham, bu loyiha parlamentga kiritilmay qolayotgani haqida Kun.uz o‘sha paytdagi adliya vaziri Ruslanbek Davletovdan izoh so‘ragan edi.

“Vazirlar Mahkamasida turibdi. Bu yerda qo‘shimcha kafolatlar masalasida yana muammo bo‘lyapti, pul bilan bog‘liq. Bilasizlar, [pedagoglarning] oyligini oshirishga juda katta e’tibor bo‘lyapti. Shuning uchun bu sohaga har bitta qo‘shimcha e’tibor mablag‘ni taqozo qiladi. 500 mingta o‘qituvchi ishlaydi, u masala pul bilan bog‘liq bo‘lgani uchun hozir Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilyapti”, – degandi o‘shanda adliya rahbari.

Kun.uz avvalroq yozganidek, 2022 yilgi davlat dasturiga asosan, oliy toifali o‘qituvchilarning oyliklarini ming dollarga yetkazish bo‘yicha aniq qadamlar belgilanishi kerak edi. Buning uchun 2022 yil sentabr oyigacha muhlat belgilangandi. Lekin bu borada biror hujjat yoki hujjat loyihasi e’lon qilingani yo‘q. Ma’lumot uchun, maktablarda ishlovchi oliy toifali o‘qituvchilarning ulushi sanoqli foizlarni tashkil etadi (jami o‘qituvchilarning taxminan 5 foizgacha qismi).

O‘qituvchilar va shifokorlar maoshi boshqa kasblar bilan taqqoslaganda eng kam ekanini rasmiy statistika ham tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, ularning o‘z kasbiy vazifalariga kirmaydigan ishlarga majburlash holatlari ham tez-tez uchrab turadi. 2023 yil mart oyida yangi qonun qabul qilinib, buning uchun javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 33 mln so‘mdan 49,5 mln so‘mgacha (100-150 BHM) jarimaga sabab bo‘ladi. Xuddi shu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, bu jinoiy javobgarlikka tortiladi va jazo 49,5 mln so‘mdan 66 mln so‘mgacha jarima (150-200 BHM) yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlaridan iborat bo‘ladi.

Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,3 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha (7-10 BHM) jarima, mansabdor shaxslarga esa 3,3 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha (10-15 BHM) jarima belgilandi. Bu qilmishni 1 yil ichida takroran sodir etgan mansabdor shaxslar 5 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha (15-20 BHM) jarimaga tortiladi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 maydan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga o‘qituvchilar haqida yangi modda qo‘shildi. U quyidagicha ikki banddan iborat:

  • O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
  • Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Top