O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.

Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, rasmiylarga ko‘ra, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.

Quyida Kun.uz nazaridagi eng muhim o‘nta yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar hujjatdagi ketma-ketlik bo‘yicha keltirib o‘tiladi.

1. O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat

Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirilmoqda:

  • O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.

Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi. (Konstitutsiya normalariga rasmiy sharhlar hozircha yo‘q, shu sababli undagi norma va tushunchalarga tahririyat umumqabul qilingan doirada, mustaqil izoh berib o‘tmoqda).

Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish demakdir.

Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini ko‘zda tutadi.