18:19 / 04.05.2023
20612

Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov ozodlikka chiqqan

Bosh prokuratura matbuot xizmati unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va u vafot etgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, bloger 15 sutkalik qamoq muddatini o‘tab, 23 aprel kuni ozodlikka chiqqan.

ACTIVIST YouTube-kanalidagi videodan skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu xabarlar yolg‘on.

Bundan tashqari, u Hojiakbar Nosirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ham rad etdi.

“Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda e’lon qilingan Hojiakbar Nosirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan ayblanayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi Bosh prokuratura mulozimi.

8 aprel kuni 15 sutkaga qamalgan Hojiakbar Nosirovning ozodlikka chiqqan-chiqmagani haqida xabar bo‘lmayotgani faollar va blogerlarning e’tiborini tortgandi.

Hayot Shamsuddinovning aytishicha, u sud tomonidan belgilangan ma’muriy qamoq jazosini o‘tab, joriy yilning 23 aprel kuni soat 16:00 da ozodlikka chiqqan.

Biroq Activist loyihasining YouTube'dagi kanalida 9 apreldan, Telegram'dagi kanalida esa 12 apreldan buyon post joylanmayapti; Telegram-kanaldagi ko‘plab postlar g‘oyib bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bloger bir nechta korxonaga tegishli yogurtlarda karmin moddasi borligi, shu bois ular harom ekanini da’vo qilib video tarqatishi ortidan 15 sutkaga ma’muriy qamalgandi. Ayblovga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar asos bo‘lgani keltirilgan.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo markazi bloger harom deb aytgan karmin moddasi bo‘yicha izoh berdi. Ta’kidlanishicha, ushbu modda qizil rangli bo‘yoq bo‘lib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Karmin moddasi yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub koshenil hasharotidan olinadi.

“To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan.

Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “istihola” – bir moddaning boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib, boshqa narsaga aylanadi. Shariat (biror narsaning) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi”, – deyiladi Fatvo markazi izohida.

Hojiakbar Nosirovning advokati 14 aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga shikoyat-ariza bilan murojaat qilgan. Biroq sud bloger o‘z advokatining shikoyatini ko‘rmasdan qoldirishni so‘ragani uchun apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqargandi.

Faollar sud qarori adolatsiz bo‘lgani, blogerni 15 sutkaga qamash uchun unga navbatchi moddalar tirkalgani, sud vaziyatni to‘g‘ri malakalay olmagani haqida yozishgan.

Jumladan, sobiq deputat Rasul Kusherboyevning aytishicha, ma’muriy ishga tirkalgan “IIB xodimiga bo‘ysunmaslik” degan modda istagan odamni ichkariga olib kirish uchun ishlatiladigan “dejurnyy statya”ga aylanib qolgan. Advokat Abdumalik Abdullayev Hojiakbar Nosirovga nisbatan yuritilgan ma’muriy ishni ko‘rib chiqqan sud qarorini shubhaga olgan.

Jurnalist Sanjar Saidga ko‘ra, Activist loyihasi muallifining bir video ortidan 15 sutkaga qamalishi mamlakatda so‘z va e’tiqod erkinligiga uyushtirilgan navbatdagi tahdiddan boshqa narsa emas.

Top