18:47 / 13.05.2023
77919

2022 yilning eng xaridorgir avtomobillari va eng kuchli android-smartfonlar

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Eng kuchli android-smartfonlar

ROG 7 Pro

Antutu aprel oyining eng kuchli android-smartfonlari reytingini e’lon qildi.

Birinchi o‘rinni ROG 7 Pro egallagan. Smartfon Snapdragon 8 Gen 2 protsessori bilan jihozlangan bo‘lib, tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 512 GB. 

Ikkinchi o‘ringa xuddi shu protsessor o‘rnatilgan Red Magic 8 Pro+ smartfoni joylashdi. Uning ham tezkor xotirasi 16 GB va doimiy xotirasi 512 GB.

Mi 11 Pro esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. Uning tezkor xotirasi 12 GB va doimiy xotirasi 512 GB.  

Top-10 android-smartfonlar ro‘yxatiga shuningdek, Mi 13, iQOO 11, Galaxy S23 Ultra, Galaxy S23+, Galaxy S23, One Plus11 va Honor Magic 5 qurilmalari kiritilgan. 

iPhone 16 Pro va Pro Max o‘lchami kattalashtiriladi

Display Supply Chain Consultans kompaniyasining taniqli insayderi va tahlilchisi Ross Yangning ma’lum qilishicha,  2024 yilda taqdim etiladigan iPhone 16 Pro va iPhone 16 Pro Max modellari mos ravishda 6,3 va 6,9 dyuym diagonalli displey bilan jihozlanadi.

Demak, kelasi yilgi flagmanlar iPhone tarixidagi eng katta smartfon bo‘ladi. Taqqoslash uchun, hozirgi iPhone 14 Pro va iPhone 14 Pro Max 6,1 va 6,7 dyuymli displeyga ega. 2023 yil kuzida taqdim etiladigan yangi avlod smartfonlarida ham bu o‘lcham o‘zgarmaydi.

2022 yilning eng xaridorgir avtomobillari

Toyota RAV4

JATO Dynamics ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda jahonda eng ko‘p miqdorda Toyota RAV4 avtomobili sotilgan. Ushbu krossoverdan 1,016 mln dona xarid qilingan.

Ikkinchi o‘rinni Toyota Corolla krossoveri egallagan. O‘tgan bir yil davomida 992 ming dona ushbu modeldagi avtomashina xarid qilingan. E’tiborli jihati 2022 yilda sotilgan har 100 ta avtomobildan 13 tasi Toyota tomonidan ishlab chiqarilgan. 

Kuchli uchlikni Tesla Model Y elektromobili yakunlagan. O‘tgan yil bu modeldan 747 ming dona sotilgan.

4- va 5-o‘rinlarni Honda CR-V (sotuv – 733 ming dona) va Toyota Camry (sotuv – 673 ming dona) modellari egallagan. 

Twitter’da audio va videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasi

Twitter ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Maskning xabar berishicha, tez orada platformaga audio va video qo‘ng‘iroqlar funksiyasi qo‘shiladi.

“Tez orada ushbu platformaning har bir foydalanuvchisi uchun ovozli va videochat paydo bo‘ladi va siz dunyoning istalgan nuqtasidagi odamlar bilan telefon raqamingizni bermasdan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz”, degan Mask.

Suvosti avtomobil tunneli

Xitoy shimoli-sharqidagi Dalyan port shahrida harakatlanish uchun suvosti avtomobil yo‘li tunneli ochildi.

Bu Xitoyda qurilgan birinchi suvosti tunnelidir. Qurilish ishlari taxminan to‘rt yil davom etgan. Tunnel uzunligi - 5,1 km bo‘lib, olti polosali, ikki tomonlama harakatlanish uchun mo‘ljallangan. Ruxsat etilgan harakat tezligi - 60 km/soat.

O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh uchiradi

O‘zbekistonda CubeSat ilmiy-ta’lim sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqariladi va uchiriladi. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekkosmos” agentligi va Innovatsion rivojlanish agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi - sun’iy yo‘ldoshni yaratish, yig‘ish, uchirish va kelgusida boshqarish bo‘yicha zaruriy salohiyatni yaratish hisoblanadi. 

Shuningdek, Turkiya, AQSh, Qozog‘iston va BAA bilan bir qator qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning aksariyati soha uchun yangi kadrlar tayyorlashga qaratilgan.

Top