Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tappi qilishga chorlov va Toshkent uchun yangi aeroport - hafta dayjesti
Qish uchun tezak g‘amlashga chaqirgan hokim: u aytgandek “gazning tagi yo‘q” bo‘lsa, gaz eksporti nega to‘xtamayapti? Milliy pochta marketpleyslar nishonida: yangi mulkdor allaqachon aniqmi? Yo‘qotilgan tramvay izidan: poytaxtning o‘nta ko‘chasida BRT liniyasi paydo bo‘ladi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari Kun.uz dayjestida.
Qish yaqin...
Oktyabr oyi o‘rtalariga kelib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetgan bo‘lishi kerak. Mahalliy mas’ullar qilingan ishlar haqida deputatlar qarshisida hisobotlar bera boshlagan. Shunday hisobotlarning birida chekka bir tuman hokimi dilidagini tiliga chiqarib yuborib, butun respublika e’tiborini o‘ziga qaratdi.
Gap Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov haqida ketyapti. U gaz idorasi boshlig‘ining tuman kengashidagi hisobotidan keyin, gapning dangalini aytib qo‘ya qoldi: gazsiz yashayotgan qumqo‘rg‘onliklar qachondir gaz kelishidan umidvor bo‘lmay, qish uchun tappi g‘amlab qo‘yaverishi kerak.
“Mana, oddiy bir tezak, hech kim tezak qilmaydi. Tezak qilib, uylarga chalmalarni yig‘ib, bosib qo‘yib, qishda qor yog‘ganda ikkita taylab qo‘ysa bo‘ladi-ku. Nimaga endi biz gaz-gaz deb qoldik? To‘g‘ri tushuninglar: gazning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da shuning!” – dedi hokim Normamatov.
Gaz bo‘lmasligi haqida ro‘y-rost gapirilgani yaxshi albatta, lekin insoniyat Marsga uchish rejalarini tuzayotgan paytda, hayvon go‘ngini yoqib uy isitishdek ibtidoiy turmush tarzini xalqqa ravo ko‘rish va odamlarni shunga chaqirish – hokim darajasidagi siyosatchining malakasini savol ostiga qo‘yadi.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan hafta O‘zbekistondagi eng katta ko‘mir konlaridan biri Surxondaryoda joylashgani va aynan surxondaryoliklar ko‘mir olish uchun talato‘pda qolishga majbur bo‘layotganini aytgandik. Bu hafta esa, O‘zbekistondagi eng katta gaz koni ustida o‘tirgan surxon xalqi “gaz-gaz deyavermasdan, tezak yoqinglar” degandek tanbeh eshitdi.
Uyida gaz bo‘lishini orzu qilayotgan surxondaryoliklar Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga umid bog‘lagandir, ehtimol. O‘tgan yilgi portlashlardan keyin, konni o‘zlashtirish va yoniga gaz-kimyo majmuasi qurish loyihalarining taqdiri noma’lum bo‘lib qolgan. Ikki yil oldingi taqdimotda zavod 2024 yil may oyida ishga tushishi, 2025 yilda esa to‘la quvvatda ishlay boshlashi aytilgandi. Hozir esa nafaqat loyihaning kelajagi, balki avariya oqibatlari bilan bog‘liq mas’uliyat ham savol ostida qolmoqda.
Rejadagi loyiha amalga oshmagan, boshqa konlarda esa qazib chiqarish to‘xtovsiz kamayayotgan, odamlar tappi yoqishga da’vat qilinayotgan sharoitda, gaz eksporti o‘sishda davom etyapti. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilning 8 oyida 500 mln dollarlik gaz eksport qilingan. Bu – bir yil oldingidan 24 foizga, ikki yil oldingidan 31 foizga ko‘p. Chetga gaz sotishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha 5 yil avvalgi rejalar nega amalga oshmayotganiga shu paytgacha izoh berilmagan.
Bu yil yanvar-avgust oylarida 500 mln dollarlik gaz eksport qilingan bo‘lsa, 886 mln dollarlik gaz import qilingan. Import qiymati o‘tgan yilning mos davridan 28 foizga kam. Shu bilan birga, Rossiyadan gaz xaridini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Payshanba kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Moskvada bo‘lib, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashdi. Rossiya tomoni xabariga ko‘ra, “Gazprom” bu yil O‘zbekistonga 7,7 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib beradi. Bu – o‘tgan yilgi hajmdan 2 mlrd kub metrga yoki 37 foizga ko‘p. Lekin iste’molchilarga buning foydasi bo‘ladimi-yo‘qmi, aniq bir narsa deyish qiyin: Rossiyadan gaz importi oshgani bilan, Turkmanistondan import qisqarsa yoki eksport o‘sishda davom etsa, ichki bozordagi ta’minot darajasida ijobiy o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin.
Kuni kecha metan-shoxobchalarga limit qo‘yilgani haqidagi mish-mishlar yana o‘sha eski muammoni haydovchilar yodiga soldi. Rasmiylarga ko‘ra, ayrim shoxobchalarda gaz bosimi pasaygani – qishga tayyorgarlik ko‘rishdagi “profilaktika ishlari” bilan bog‘liq bo‘lgan. Qizig‘i, yil boshida Chinozda ro‘y bergan holat bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinishi ayni shu holat foniga to‘g‘ri keldi. Hukmga ko‘ra, Chinoz tumanida yashovchi 33 va 40 yoshli ikki erkak metan-shoxobcha ochilishiga erishish maqsadida avtomobil yo‘lini to‘sib, ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga uringan deb topildi. Ulardan biri 5,5 yilga, ikkinchisi 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
UzPost bilan nimalar bo‘lyapti?
“O‘zbekiston pochtasi” kutilmaganda Rossiya kompaniyasining qo‘liga o‘tgani haqidagi mish-mishlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaganidan besh hafta o‘tib, rasmiy OAVda ham paydo bo‘ldi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib ham O‘zbekistondagi, ham Rossiyadagi nashrlar yozmoqda. Xaridor (agar shunday atash mumkin bo‘lsa) Wildberries marketpleysi bo‘lishi mumkin. Hukumat ham, Wildberries ham hozircha vaziyatga izoh bermay kelmoqda.
Dushanba kuni “O‘zbekiston pochtasi” AJning o‘zi bayonot bilan chiqdi. Unda kompaniyaga haqiqatan ham investitsiya jalb qilish ustida ishlar ketayotgani tan olingan va “yirik investorni” jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarish bo‘lgan taqdirda, rasmiy xabar berilishi aytilgan. Biroq, 2025 yilgi xususiylashtirish dasturiga zid ravishda, kompaniyaning 29 foiz aksiyalari nega ommaviy savdoga chiqarilmayotganiga izoh berilmagan.
UzPost bayonotida izohi keltirilmagan yana bir qiziq holat bor. Ma’lum bo‘lishicha, amalga oshib bo‘lgani aytilayotgan xususiylashtirish kelishuvidan oldin, Toshkent shahridagi jami 50 ta pochta bo‘limining bino-inshootlari poytaxt hokimligi balansidan chiqarilib, “O‘zbekiston pochtasi” AJga berilgan. Shu bilan deyarli bir paytda, kompaniya aksiyalarining 25 foizi Milliy investitsiya jamg‘armasidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan. Hozirda milliy pochta operatorining aynan qancha ulushi Rossiya kompaniyasiga o‘tayotgani ma’lum emas.
Bu xabarlardan keyin, Wildberries'ning O‘zbekistondagi asosiy raqobatchisi – Uzum ekotizimi xususiylashtirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirib, Davaktivga rasmiy so‘rov yubordi. Pochta xizmatini boshqarishda nafaqat biznes, balki milliy manfaatlarni ham hisobga olish kerak, deyiladi Uzum bayonotida.
Qayd etish kerak, “O‘zbekiston pochtasi”ning elektron tijorat bozoridagi u yoki bu o‘yinchi bilan affillanishi – raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Har qanday holatda ham, bitimni rasmiylashtirish uchun Raqobat qo‘mitasining ruxsati kerak bo‘ladi. Monopoliyaga qarshi organ aynan shu kabi vaziyatlarda xolis bo‘lishi uchun ham, hukumatdan mustaqilligi qonun darajasida belgilab qo‘yilgan.
Shota Rustaveli ko‘chasidagi BRT tajribasi kengaytiriladi
Toshkent shahridan 115 yillik tarixga ega tramvay tizimini tugatib yuborish katta xato bo‘lgani yana bir bor o‘z isbotini topdi. Poytaxt rasmiylari bu hafta Shota Rustaveli ko‘chasidagi kabi metrobus yo‘laklarini ko‘paytirish uchun 10 ta lokatsiyani tanlab oldi va ulardan 8 tasi aynan sobiq tramvay liniyalari o‘tgan ko‘chalar bo‘lib chiqdi. Payshanba kungi taqdimotda aytilishicha, 2030 yilga borib Toshkent shahri jami 51 km uzunlikdagi BRT tizimiga ega bo‘ladi. Buning uchun 126 mln dollar sarflash ko‘zda tutilyapti.
Taqdimotdan avval davlat rahbari Shota Rustaveli ko‘chasida ochilgan BRT tarmog‘i faoliyati bilan tanishdi. Hafta davomida, shuningdek, Xitoyning Yutong kompaniyasi yetkazib bergan 202 ta yangi elektrobus qabul qilib olindi. Bu bilan Toshkent elektrobuslari soni 524 taga yetdi. Transport vazirligiga ko‘ra, 2026 yilda poytaxt uchun yana mingta yangi avtobus xarid qilish reja qilingan bo‘lib, ulardan 30 tasi “garmoshkali” tarkiblardan iborat bo‘ladi.
Metro borasida ham yangiliklar yo‘q emas. Ta’mirlash ishlari sabab 3-4 oydan beri yopiq qolayotgan “Mustaqillikning 30 yilligi” yo‘li avval aytilganidek 18 oktyabrda emas, taxminan 1 noyabrdan boshlab ishga tushadigan bo‘ldi. Metropoliten xabariga ko‘ra, ta’mirdan keyingi sinov jarayonlarini uzoqroq davom ettirish hisobiga, poyezdlar harakatini oldingiga qaraganda 2 barobarga tezlashtirish va oraliq vaqt intervallarini maksimal qisqartirishga erishiladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent metrosining 14 ta bekatdan iborat yerusti halqa yo‘li 2017-2024 yillarda qurilgan. Xususan, “Qipchoq” va “Turon” bekatlari iyun oyida temiryo‘l relslari va shpallarini almashtirish uchun yopilganida, ularning ishga tushganiga endigina 15 oy bo‘lgandi. Budjet hisobidan qurilgan temiryo‘lni bir yarim yilga bormasdan yangilashga to‘g‘ri kelgani kishini hayratlantiradi. Taqqoslash uchun, 1977 va 1984 yillarda faoliyat boshlagan “Chilonzor” va “O‘zbekiston” liniyalari (pandemiya paytini inobatga olmaganda) ochilganidan beri biron marta yopilmagan.
Yangi aeroportga tamal toshi qo‘yildi
Toshkent shahri uchun yangi xalqaro aeroport qurilishiga start berildi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya habiga aylanishni maqsad qilgan. Yangi aeroport loyihasini Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Koreya kompaniyalaridan iborat xalqaro konsorsium amalga oshiradi. 4 bosqichli loyihaning 1-bosqichida 2030 yilgacha 2,5 mlrd dollar evaziga aerovokzal va aerodrom quriladi. Aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, soatiga 30 tagacha uchish-qo‘nish operatsiyalari bajarilib, 14 ta teleskopik traplardan foydalaniladi.
Yangi havo bandargohi uchun O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1300 gektar maydon tanlandi. Bu maydon hozirgi aeroportdan taxminan 16 km janubda, Yangiyo‘l shahridan 7 km sharqda joylashgan. Xaritaga qaraganda, O‘rta Chirchiqdagi Yangitosh, Tinchlik va Yangihayot aholi punktlari eng yaqin lokatsiyalar bo‘lishi mumkin. Rasmiy xabarga ko‘ra, yangi aeroportni Toshkent–Samarqand, Toshkent–Andijon va Toshkent–Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llariga ulash va temiryo‘l stansiyasi qurish orqali, multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi.
Pulli yo‘llar haqida gap ketganda, bu haqdagi qonun o‘tgan oyda qabul qilinib, Senatga yuborilganini qayd etish lozim. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, pulli yo‘llarda 150 km/soat tezlikda harakatlanishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan. Hozirgi xomcho‘tlarga ko‘ra, bunday yo‘llarda 100 ming so‘m to‘lov evaziga taxminan 200 km masofa bosish mumkin bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, bir necha yildan beri aytib kelinayotganiga qaramay, hozircha hech qaysi pulli yo‘l loyihasi bo‘yicha yakuniy bitimlar tuzilmagan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Buxoro shahrida turizm markazi qurilishi davom ettiriladigan bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kungi yig‘ilishda loyihani YuNeSKO talablariga to‘liq muvofiqlashtirish va shaharning tarixiy qiyofasi bilan uyg‘unlashtirish talabini qo‘ydi. “Boqiy Buxoro” majmuasi xuddi Samarqanddagi analogi kabi, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, kongress-holl va etnik shaharchani o‘z ichiga oladi. Loyiha 2023 yil boshida e’lon qilingan, YuNeSKO vakillari esa tarixiy shaharning bufer zonasiga reja qilingan majmua uchun boshqa joy tanlashni tavsiya qilgandi. Shundan keyin viloyat hokimligi loyiha ko‘chirilishini e’lon qilgandi. Lekin unday bo‘lib chiqmadi: 2024 yil boshida Enter Engineering kompaniyasi avval belgilangan joyda keng ko‘lamli buzish ishlarini boshlab yuborgan, bir muddat o‘tib ishlar to‘xtab qolgandi.
Namanganda xuddi kinolardagidek bola o‘g‘rilagan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil oktyabr oyida Uychi tumanida yashovchi Azizbek ismli yuqori sinf o‘quvchisi maktab oldida o‘g‘irlab ketilgan. O‘g‘rilikda ishlatilgan Nexia mashinasi topilganida, uning egasi bo‘lmish taksi haydovchisi avtomobil yukxonasiga qamab ketilgan edi. Ertasiga o‘g‘rilar Azamatning otasiga Telegram'dan xabar yozib, kriptovaluta orqali 300 ming dollar bermasa, o‘g‘lini o‘ldirish bilan tahdid qilishadi. Lekin ichki ishlar xodimlari jinoiy to‘daning boshlig‘ini tutishga muvaffaq bo‘lgach, guruhning qolgan 3 a’zosi taslim bo‘ladi; o‘smir yigit 4 kun davom etgan tutqunlikdan keyin qo‘yib yuboriladi. Sud jinoiy guruhning 35 yoshli boshlig‘i Eldor Qodirovni 17 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Uning 25-26 yoshlardagi uchta yordamchisi esa 7 yildan 11 yilgacha muddatlarga qamaldi.
Namangandagi boshqa bir jinoyat bundan-da dahshatli. Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yashar qiz o‘zining 38 yoshli pedofil qarindoshi tomonidan zo‘rlandi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, jinoyatchi erkak to‘y qilayotgan tog‘asining uyiga borgan payti, uning nevarasiga ko‘z olaytirgan. Qabih ishidan keyin qochib ketib, 2 kun davom etgan qidiruv natijasida qo‘lga olingan. Afsuski, bu holat uchun mas’uliyatning katta qismi sud-huquq tizimida deb bemalol aytish mumkin. Chunki bu pedofil avval ham nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlarini sodir etib, ikki marta qamalgan, lekin har safar muddatidan ancha ilgari qamoqdan chiqib kelavergan. Oxirgi jinoyatida 10 yilga qamalib, amalda 5 yil o‘tirgan va shu yil boshida sudya uning jazosini axloq tuzatish jazosiga almashtirib bergan.
Buzuqlikning yana bir shakli Qashqadaryoda kuzatildi. Ko‘kdala tumanidagi 17-maktab direktori ishga olishni so‘rab murojaat qilgan ayolga jinsiy aloqada bo‘lishni taklif qilgani aytilyapti. Internetda tarqalgan audioyozuvga ko‘ra, ayol undan: “Chizmachilikka bo‘lsayam olsangiz mayli edi” deya iltimos qilgan. Maktab direktori esa: “Gapning dangali-da, sen bilan birga bo‘lishni xohlayman” deya jinsiy aloqani taklif qilgan. Voqea internetga chiqishi bilanoq, direktor ishdan haydaldi. E’tiborlisi, bu shaxs Ko‘kdala tumani deputati ham hisoblanadi. U deputatlikka Naymansaroy mahallasidan saylangan. Tuman kengashi kotibiyati Kun.uz so‘roviga javoban bu voqea etika komissiyasida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida ishlovchi bir erkakning ham audiosi tarqalib ketgan, u bir ayolni jinsiy aloqa evaziga maktabga direktor qilib qo‘yishni taklif qilgani uchun ishdan haydalgan edi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
13:15
Prezident superkompyuter klasterlari va data-markazlar soni oshirilishini ma’lum qildi
13:12
Yangi energetika quvvatlari hisobiga O‘zbekiston aholisining yillik elektr iste’moli to‘liq qoplanadi
12:37
Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish marosimi o‘tkaziladi
08:41