O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifidan so‘ng mamlakatga qaytib keldi. Quyida ushbu tarixiy tashrif nimalar bilan yodda qolganini eslab o‘tamiz.
22 noyabr kuni Seul xalqaro aeroportida O‘zbekiston prezidenti sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qarovul saf tortdi. Davlat rahbarini Koreya Respublikasining rasmiy shaxslari kutib oldi.

Mirziyoyev 23 noyabr kuni ikki mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirokidagi Janubiy Koreya –O‘zbekiston biznes-forumida qatnashdi. Prezident so‘zga chiqib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib borayotgani, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilayotganini qayd etdi, O‘zbekiston Koreya Respublikasi biznes vakillari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.

Shavkat Mirziyoyev forumda qatnashayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi vakillariga murojaat qilgan. Prezident vazirlar, kompaniyalar, banklar va tashkilotlarning rahbarlarini birma-bir turgizib, ularga topshiriqlar bergan. Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan muloqot qilishdagi xalqchil uslubi mezbonlarda katta taassurot qoldirdi. «Biz sizdan shunday, rahbar va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqot uslubini o‘rganamiz. Bugun siz bizga master-klass o‘tdingiz», degan Koreya delegatsiyasi vakillaridan biri.













