O‘zbekiston | 22:13 / 06.10.2020
11336
5 daqiqa o‘qiladi

«Davlat xaridlari bo‘yicha qonun buzilsa, javobgarlik yo‘q». Akmal Burxonov davlat xaridlari bo‘yicha o‘zgarish bo‘lishini ma'lum qildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov davlat xaridlari tizimida qonun talabi buzilayotgani, ammo bunga yarasha javobgarlik yo‘qligini ta'kidladi.

6 oktabr kuni agentlik tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida tashkilot kelgusi rejalari va faoliyati yuzasidan jamoatchilikka axborot berildi. Unda agentlik direktori davlat xaridlari tizimida aniqlangan qonun buzilishiga to‘xtalib o‘tdi.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 43 moddasida elektron do‘kon tushunchasiga izoh berilgan. Unga ko‘ra, elektron do‘kon maxsus talablar tatbiq etilmaydigan iste'mol tovarlarining va boshqa tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot portalidagi maxsus maydonchadir.

Akmal Burxonovning aytishicha, elektron do‘konda davlat xaridlari bir yilda bir marta, davlat buyurtmasisiz, bazaviy hisoblash miqdorining 2 ming 500 barobaridagi summadan ko‘p bo‘lmagan tovarlar uchun amalga oshiriladi.

«Ushbu cheklovlarga amal qilinmagani sababli, 2018-2019 yillar davomida va 2020 yilda besh oy davomida 278ta davlat tashkiloti tomonidan 100 milliard so‘mli bitimlar elektron do‘kon orqali tuzilib, cheklovlardan ortiqcha xaridlar amalga oshirilgan. Qonunda elektron do‘konda davlat xaridlari bir davlat buyurtmasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar uchun amalga oshirilishi qayd etilgan. Lekin tekshiruvlar natijasida cheklangan miqdorda amal qilmasdan 176 milliard so‘mli bitimlar elektron do‘konlar orqali tuzilib, cheklovdan ortiqcha xizmatlar amalga oshirilgan. Yana boshqa birida 321 milliard so‘mli bitimlar qismlarga bo‘lingan holda elektron do‘kon orqali xaridni amalga oshirgan. Ammo bularning birortasiga na ma'muriy yoki jinoiy javobgarlik bor», — deydi Burxonov.

Agentlik direktorining ta'kidlashicha, bu bo‘yicha ham hozir amaliy ishlar boshlangan.

«Birinchi navbatda davlat xaridlari to‘g‘risida qonun talablarini buzganlarga nisbatan javobgarlik chorasini belgilovchi normalarni kiritish va umuman davlat xaridlarini ochiq va shaffof bo‘lishini ta'minlovchi elektron-monitoring tizimni yaratish ustida ish boshladik. Noqonuniy ishlarning eng asosiy sababi — ochiqlikning yo‘qligida. Biz hozir masalaning ichiga kirganimiz sari guvohi bo‘lmoqdamizki, juda ham ko‘p narsa qonundan tashqariga chiqib ketgan», — deydi u.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi haqida ma'lumot berdi. Agar vaziyat taqozo etsa, qonun yangi tahrirda qabul qilinishi ham mumkin.

Ma'lumot uchun, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun 2018 yili 25 yanvarda parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilinib, shu yili 29 martda Senatda ma'qullangandan so‘ng, 2018 yili 9 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan.

2019 yil 17 iyulda Moliya vazirligi ushbu qonunni yangi tahrirda qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan hamda yangi tahrirdagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga havola etgan. Prezident 5 dekabr kuni davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va ularga tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat uchta muhim yangilikni o‘z ichiga olgan.

Birinchisi strategik xarid qiluvchilarga daxl qiladi. Ikkinchisi barcha davlat buyurtmachilariga tatbiq etiladi. Uchinchi yangilik - 2020 yil 1 apreldan boshlab budjet tashkilotlarining chet el valutasidagi mablag‘lariga nisbatan Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochish orqali g‘azna ijrosi mexanizmi joriy etilishi belgilangan.

Joriy yil yoz oylari hukumat yana bir hujjat loyihasini e'lon qildi. Unga ko‘ra, davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda yanada takomillashtiriladi.

Mavzuga oid