O‘zbekiston | 22:10 / 07.10.2025
24650
10 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada “bespredel”: Ikromov qayerga qarayapti?

Farg‘ona viloyatida IIB xodimlari tomonidan sodir qilingan jinoyatlar, noqonuniy harakatlar soni ortib bormoqda: “uchastkavoy” mast holda odam urib, o‘limiga sababchi bo‘lishi, viloyat YHXB boshlig‘i xotiniga tegishli Malibu’ning jarimalarini “yeng ichida” bekor qilib yuborishi, fermerga to‘pponcha o‘qtalish... Vaziyat hatto soxta “tadbir” uyushtirib, bir ayolni yalang‘och holda kaltaklashday jirkanch nuqtagacha yetib bordi. Bu “bespredel”lik oxirgi ikki yil – viloyat IIBga Azizbek Ikromov rahbarlik qilayotgan davrda ko‘paydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Farg‘ona viloyatida ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilayotgan noqonuniy va noinsoniy harakatlar tobora jiddiy tus olmoqda. Bu jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘libgina qolmay, fuqarolarning tinch hayoti-yu sha’niga ham ta’sir qilyapti. Furqat tumanidagi holat esa hammasidan oshib tushdi. Azizbek Ikromovning Farg‘ona viloyati IIBga rahbarlik davri ana shunday “xodimlarning quyushqondan chiqishi” bilan o‘tmoqda.

Adovat ortidagi jinoyat

Aybsiz ayolni yalang‘och holga kelguncha kaltaklash va so‘ngra sha’nini yerga qorishtirib, tasvirga olish qanchalar pastkashlik. Bunga Furqat tumani IIB boshlig‘i, uning o‘rinbosari va tezkor xodimlar o‘ylab ham o‘tirmasdan qo‘l urishdi.

Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova uchun 2025 yilning 17 apreli dahshatli kunga aylandi. U o‘sha kuni turmush o‘rtog‘ini davolatish uchun o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘idan qarz so‘rab boradi. Bu soliq idorasi rahbari Qurbonali Abdurahmonov bilan o‘zaro adovati bo‘lgan Furqat tumani IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayevga qulay fursat edi: ichki ishlar xodimlari amaldor va direktorni go‘yoki fahsh ustida “ushlab olganday” kaltaklashga tushadi, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olishadi.

Ammo reja puxta o‘ylanmagan chog‘i, ayolning kutilmagan qat’iyati hammasini ostin-ustun qilib yubordi.

Qurbonali aka bilan uchrashib qarz so‘rab turgan vaqtimda fuqarolik kiyimida xodimlar paydo bo‘ldi. Ular ikkimizning kiyimlarimizni yirtib, urib-do‘pposlashdi. Qip-yalang‘och qilishdi. Bir to‘da erkaklar qarshisida ojiz qoldim, xo‘rligim keldi. Xo‘jayevning xodimlari ssenariylari asosida kiyimlarimizni yechib, s’yomka qilib, urib, kameraga qarab soliqning boshlig‘i meni majburlab, jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb aytasan deyishdi. Hech qanday aloqa bo‘lgani yo‘q, bu narsalarni gapirmayman, men birovga tuhmat qilmayman, dedim qat’iy turib.

U yerdagi atay tashkil qilingan sahnani tasvirlab bera olmayman. Chunki O‘zbekistonda bunday voqea bo‘lishiga ishonmagan bo‘lardim. IIB xodimlari, bizning tinchligimizni saqlab beradigan odamlarning o‘zi bu darajada pastkashlikka borishiga ishonmagandim”, degan Gulira’no Qosimova Kun.uz’ga bergan intveryusida.

Ayni paytda Furqat tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev o‘xshamay qolgan “shou”si ortidan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Biroq Gulira’no Qosimova uni tahqirlab, do‘pposlagan “operatsiya”da qatnashgan xodimlarning ayrimlari hali ham o‘z lavozimlarida ishlashda davom etayotganini aytmoqda.

Fermerga to‘g‘irlangan to‘pponcha

Farg‘ona viloyatining Rishton tumnida sodir bo‘lgan holatda esa ichki ishlar xodimlari fermerning uyiga borib, unga jismoniy kuch ishlatgan va to‘pponcha o‘qtalgan. Bunga bug‘doy “plani” bajarilmagani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Holat “Buloqboshi gulshani” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayratjon Xayrullayev bilan sodir bo‘lgan. Tuman hokimining topshirig‘i bilan borgan xodimlar jismoniy kuch ishlatgan holda fermerni olib ketishga uringan. Dadasiga tegmaslikni aytgan farzandiga e’tibor bermagan, keksa onasini esa itarib yuborishgan. Yiqilgan onaxon hushidan ketgan.

“To‘satdan uchastka nozirlari orqamdan kirib, to‘pponcha o‘qtalgan holda qo‘limni qayirib, otib tashlayman, o‘ldiraman, bu yoqqa yur, deb baqira ketishdi. To‘pponcha o‘qtalgani Buloqboshi mahallasi uchastka noziri G‘olib To‘lanov edi. Yetmishga kirgan onam bu holatni ko‘rib, o‘rtaga tushib, nima bo‘ldi, bunaqa qilmanglar, deganida “uchastkavoy” onamni itarib yubordi. Onam yerga yiqilib tushib hushidan ketdi. Onamning mazasi qochgandan keyin “uchastkavoylar” xohlagan joyingga murojaat qil, deya baqir-chaqir qilib, uyimdan chiqib ketishdi. Bir hafta shifoxonada yotib zo‘rg‘a o‘ziga keldi bechora onam”, degan fermer Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Xodimlar dadasiga tegmaslikni aytgan farzandning iltimosiga e’tibor ham bermagan.

Yana Furqat tumani...

Furqat tumanidagi Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, yo‘l transport-hodisasi sodir qilgan. U tumanning Bekobod mahallasi hududida velosipedda ketayotgan 63 yoshli fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan.

Voqeadan xabar topgan uchastka nozirining otasi dala chetidagi ariqda yotgan fuqaroni shifoxonaga olib borib, uni ko‘chadan hushsiz topib olganini aytgan. Jabrlanuvchi tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganida jonsiz bo‘lgan.

“Otam No‘monjon Ahmedov 63 yoshda edi. Paxta qabul qilish punktida 42 yildan beri ishlardi. 16 sentabr uyda birga kechki ovqat yedik. Taxminan soat 19:15 larda otam velosipedini minib ishiga chiqib ketdi.

Ketayotganda qo‘shni mahallada uchastka noziri bo‘lib ishlovchi Zafar Qo‘shmatov Matiz mashinasida mast holatda otamning orqasidan kelib urgan. Eng alam qilgani birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan. Ichib olib mashina boshqargani haqida barcha dalillar bor. Buni o‘zi ham tan oldi”, degan marhumning o‘g‘li Sherzod Ahmedov.

Zafar Qo‘shmatovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xotin uchun “bonus”

Farg‘ona viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan podpolkovnik Akmal Ahmedov turmush o‘rtog‘iga tegishli Malibu’ning 100 dan ortiq jarimalarini “yeng ichida” bekor qilib yuborgan. Buning ortidan ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan Akmal Ahmedov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, qonunbuzarlikka to‘liq huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.

Agar ushbu holat jamoatchilik e’tiboriga tushmaganida podpolkovnikning xotini hozir ham Farg‘onada ko‘chalarida Malibu’sida svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib-qaytib yurgan bo‘lardi balki.

“Tizimni tamagirlik, poraxo‘rlik singari illatlardan tozalash ishlari olib borilayotgan bir paytda, boshqarma boshlig‘i yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lgan Malibu-2 avtomashinasida sodir etilgan qoidabuzarliklarni qonunga zid ravishda yashirishga uringani fosh etilgan”, deyilgandi holat bo‘yicha idora bergan rasmiy munosabatda.

Malibu’da sodir etilgan barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha jarimalar to‘liq undirilgan.

Restorandagi “maska-shou”

Farg‘ona shahridagi restoranlardan biriga “maska-shou” uyushtirilgan. Qurollangan niqobli xodimlarga viloyat IIB boshlig‘i Azizbek Ikromov hamda viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov boshchilik qilgan.

2023 yil sentabrdagi hodisada viloyat prokurori tezkor vakilga restoran rahbarini “narkotik tashlab tiqish”ni buyurgan. Uning bu topshirig‘i kuzatuv kameralariga yozilib qolgan.

Ichki ishlar xodimlari restoranni “ostin-ustun” qilayotgan bir vaqtda Azizbek Ikromov yo‘l chetida sigaret tutatib, holatni kuzatib turgan.

Ichkaridagi “chirish” allaqachon tashqariga chiqa boshlagan

Farg‘onada tuhmat moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ichki ishlar xodimining uyida tintuv o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yil 20 iyul kuni noma’lum shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi ikkita guruhda IIV ShXBB Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan tuhmat xabar tarqatgan. Xabarda mansabdor bir ayolga shar’iy nikoh asosida ikkinchi xotin sifatida uylanib olgani aytilgan.

Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlarini olib borish jarayonida, ichki ishlar xodimlaridan biri ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlangan va uning yashash xonadonida tintuv o‘tkazilgan.

Tintuv xodimning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jaliklarida sud ajrimiga asosan o‘tkazilgan, lekin unda shubhali hech narsa topilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Ikromov 2023 yil iyul oyidan buyon ushbu lavozimni egallab kelmoqda. U bunga qadar ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid