2018 yilning 1 yanvar kunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 500 tadan 1000 tagacha bo‘lgan onlayn nazorat-kassa mashinalari tajriba-sinov tariqasida amaliyotga joriy etiladi.
2018 yilning 1 iyuli kunidan ushbu hududlardagi barcha yuridik shaxslar, 1 dekabrdan esa barcha yuridik va jismoniy shaxslar tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan naqd puldagi hisob-kitoblarni majburiy tarzda faqat onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llagan holda amalga oshirish bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi xaridorlarga berilgan nazorat-kassa mashinalari cheklarining markazlashgan elektron ma'lumotlar bazasini yaratadi. Nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmayotgan savdo shoxobchalarini onlayn rejimda aniqlab, tezkor choralar ko‘rishga imkon beradi. Shuningdek, nazorat-kassa mashinalari orqali xaridorlarga berilgan cheklar haqidagi ma'lumotlarni qasddan o‘zgartirish, tushum summasini kamaytirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish, buzish yoki ro‘yxatdan o‘tmagan nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish, shuningdek, ikkilamchi buxgalteriya yuritish kabi holatlarga chek qo‘yiladi.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, onlayn nazorat-kassa mashinalarining amaliyotga tatbiq etilishi tadbirkorlik sub'yektlarining naqd pul tushumi bilan bog‘liq faoliyatiga aralashish va turli xil nazorat tadbirlari o‘tkazilishining kamayishiga ham olib keladi.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 11 ming 681 ta naqd pul tushumiga ega savdo va pulli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati e'lon qilgan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ular tomonidan bank kassalariga 931 milliard so‘mdan ortiq naqd pul mablag‘lari topshirilgan.
«Albatta, ushbu mablag‘lar bank kassalariga o‘z-o‘zidan tushayotgani yo‘q. Bu davlat soliq xizmati organi xodimlari tomonidan sub'yektlarda kun davomida naqd savdo pulining nazorat-kassa mashinasiga kirim qilinishiga qaratilgan xronometraj tadbirlarning muntazam o‘tkazilayotganligi samarasidir», deyiladi Axborot xizmati tarqatgan xabarda.
Ayni paytda shuni ham afsus bilan aytish kerakki, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan hisoblanadigan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasini kamaytirish, naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirmasdan yashirish maqsadida xaridorlarga nazorat-kassa mashinasi chekini bermaslik, nazorat-kassa mashinasini nosoz holatga keltirish, fiskal xotiradagi ma'lumotlarni qasddan o‘zgartirish, nazorat-kassa mashinalarini yo‘qotish orqali amalga oshirilgan tovar aylanmalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni soxtalashtirish kabi holatlar hamon uchrab turibdi.













