O‘zbekiston | 02:43 / 18.06.2020
27567
5 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida asossiz jarimaga tortilgan haydovchilarning huquqi tiklanadimi?

Foto: KUN.UZ

Tahririyatga karantin davrida haydovchilarni asossiz jarimaga tortib, avtomashinalarining olib qo‘yilayotgani borasida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Kun.uz’da mashinalarning jarima maydoniga olib qo‘yilayotgani tahlil qilingach, bu kabi murojaatlar soni yanada ortdi.

Achinarlisi, ayrim hollarda haydovchining qoidani buzmagani ma'lum bo‘lganidan so‘ng ham uning huquqi tiklanmayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Murojaat egalaridan biri shunday yozadi:

«1 iyun kuni Samarqand viloyat hokimi ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qildi. Soat 7:00dan 10:00gacha va 17:00dan 20:00gacha Samarqand shahrida avtomobillar harakatlanishiga ruxsat berilgandi. Garchi shunga asoslanib, barcha qoidalarga rioya qilib ko‘chaga chiqqan bo‘lsam-da, o‘sha kunning o‘zida soat 9:42da avtomashinamni olib qo‘yishdi. 3 million 200 ming so‘m to‘lashga majbur bo‘ldim», — deb yozadi Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi U.Faxriddinov.

Odatda, viloyat IIB hamda YHXB vakillari «bu protokollarni bizning xodimlar emas, SES xodimlari to‘ldirishadi», deb kelishmoqda. DSENI xodimlari esa buning aksini ma'lum qilishadi. Murojaatlarda esa har ikki holatga guvoh bo‘lish mumkin. Jumladan, yuqoridagi murojaatda aynan YHXB xodimlari bayonnoma tuzganini ma'lum qilishgan.

Samarqand viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasida bo‘lib, qoidani buzmagan, ammo jarima qo‘llanilib mashinasi olib qo‘yilgan, jarimani shu kungacha to‘lab bo‘lgan haydovchilar taqdiri bilan qiziqdik. Ya'ni, endi ular noqonuniy tuzilgan bayonnoma oqibatida to‘lagan jarima mablag‘larini qaytara oladimi-yo‘qmi? DSENI vakili esa aniq qilib javob bermoqda: «Qaytarib berilmaydi!»

Rostdan ham ayrim vaziyatlarda karantin xuddi qonunsizlikka o‘xshab qolmoqda.

Avvalroq ham aynan ruxsat berilgan vaqtda mashinasi olib qo‘yilgan haydovchilar murojaatlari asosida maqola e'lon qilingan edi. Ammo na IIB, na YHXB va na Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi bunga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Yana bir murojaat egasi – Past Darg‘om tumanida yashovchi B.Botirov esa biz bilan muloqotda shunday deydi:

«13 iyun kuni soat 11:00larda shaxsiy mashinamda turmush o‘rtog‘imni stomatologga olib borish uchun Juma shahriga bordim. Kirish postida 4 nafar YPX va bir nafar SES xodimi mashinamni to‘xtatishdi. Maqsadimni aytgach, ularning ruxsati bilangina shaharga kirgandim. Hech qancha yurmasimdan boshqa YPX xodimi to‘xtatib yana postga olib keldi va boyagina menga ruxsat bergan SES va YPX xodimlari bayonnoma to‘ldirishdi. Holbuki, shu kundan Juma shahrida karantin cheklovlari yumshatilib, bozor va do‘konlargacha ochilgan edi. Oxir-oqibat, men uch million so‘mdan ortiq jarima to‘lashga majbur bo‘ldim».

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar haydovchi qaysidir qoidani buzgan yoxud Juma shahriga hali kirish taqiqlangan bo‘lsa, nega u kiritilmoqda-yu, keyin ko‘p o‘tmay to‘xtatilib, jarimaga tortilmoqda?

Haydovchilar orasida amallab o‘z huquqini talab qilib, jarimani bekor qildira olganlari ham bor. Jumladan, 3 iyun kuni Past Darg‘om tumanidagi Hosilot qishlog‘ida yashovchi M.Xo‘janov shaxsiy mashinasida yolg‘iz cho‘milish havzasiga borayotganida tuman IIB inspektori tomonidan to‘xtatilib karantin qoidalarini buzgan, degan vaj bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Samarqand viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i buyrug‘i bilan esa bu bayonnomaga oid ish tugatilishi to‘g‘risida qaror chiqarilgan.

Mazkur holat shuni anglatadiki, haydovchilarga noqonuniy tarzda jarima qo‘llanilayotgani bor gap. Faqat, hamma ham o‘z huquqlarini tiklay olmayapti. Afsuski, hamma gap tegishli idoralarning bu boradagi qonunsizlikka barham berish istagini namoyon qilishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga doir:

Ma'muriy sud karantin qoidalarini buzganlikda ayblangan haydovchini aybsiz deb topdi

Karantin qonunsizlik degani emas: jarima maydoniga qo‘yilgan avtomobillar qo‘yib yuborilishi kerak

Mavzuga oid

E`lonlar

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Pukyong milliy universiteti o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlik rivojlanmoqda

Golden House  biznes-klassdagi O‘z Makon II turar joy majmuasi taqdimotiga taklif etadi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi

Tenge Bank Visa bilan hamkorlikda bir qator innovatsion to‘lov xizmatlarini ishga tushirmoqda

FAW Trucks: O‘zbekistonda yangi davrni boshlagan yetakchi yuk mashinalari ishlab chiqaruvchisi

Fermerlar va dehqonlar uchun qulay imkoniyat – “O‘zkimyosanoat” AJ mineral o‘g‘itlarga 10 foizgacha chegirma narxlarini taklif etmoqda 