Jamiyat | 20:00 / 03.05.2020
16250
10 daqiqa o‘qiladi

Poklik – iymondandir. Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrulla domla Turmatov bilan suhbat

Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilayotgan turkum suhbatlarimizning navbatdagi soni poklik haqida bo‘ladi. Bu borada Islom ta'limotlarini bizga Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrulla domla Turmatov so‘zlab berdi.

Islom poklik uzra barpo qilingandir

Islom to‘laligicha poklik dini deyiladi. Bu mavzuni ochib berish, yanada tushunarli va ta'sirliroq bo‘lishi uchun bir voqeani ko‘z oldimizga keltirishimizni istar edim. Mana, inson bu foniy dunyoda umrini yashab bo‘lganidan keyin, oxiratga safar qilish chog‘ida mayitni yuvish marosimi bor. Yuvib, poklab, xushbo‘ylantirib, oppoq matoga o‘rab, yelkamizga ko‘tarib, yer bag‘riga qo‘yamiz. Bir necha kun ichida shishib, yorilib, chirib tuproqqa aylanib ketadigan insonga bo‘lgan munosabat. Mana, birgina vafot etgan insonga dinimizning munosabati.

Ana endi, inson tug‘ilganidan boshlab, to vafot etgungacha bo‘lgan davri tamomiy poklikdan iboratdir. Mana, bolaning tug‘ilishidan boshlab, uni yuvintirish, cho‘miltirish, sochini olishi-yu, yemoq-ichmog‘i, yashash sharoitining hammasi poklikdir. Shuning uchun payg‘ambarimiz Muhammad alayxissalom: «Islom poklik uzra barpo qilingandur», deb marhamat qildilar.

Alloh pok insonlarni yaxshi ko‘radi

Alloh taolo ham Qur'oni Karimning Tavba surasi 108-oyat shunday marhamat qiladi:

«Unda poklanishni yaxshi ko‘radigan erlar bor. Alloh poklanuvchilarni yaxshi ko‘radi».

Demak, tozalikni, poklikni yaxshi ko‘rgan insonni Alloh taolo ham yaxshi ko‘radi. Dinimizning shiori – shu. Demak, poklik – dinning shiori. Qur'onda ko‘rsatilgan ko‘rsatma ham poklikka, Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarining ham juda katta qismi inson har jihatdan pokiza bo‘lishi zarurligiga dalolat qiladi.

Toshkent viloyati bosh imom xatibi
Xayrulla Turmatov

Alloh bandasining qalbi va amaliga qaraydi

Mana endi biz poklik masalalarini bayon qilishda nimaga murojaat qilamiz? Albatta, dinimiz hukmlariga, Qur'oni Karimga, hadislarga, sahobai kiromlarning qavllariga, odatlariga.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir muborak hadisi shariflarida aytadilarki: «Alloh taolo sizning sur'atingizga, mol-u dunyongizga qaramaydi. Alloh sizning qalbingizga va qiladigan amallaringizga qaraydi».

Nima uchun qalbga nazar soladi deganda, qalb – iymonning vatani. Iymon poklik bor joyda bo‘ladi, iymon bor joyda poklik bo‘ladi. Bu ikki narsa bir-birini to‘ldiradi.

Pok insonning amallari ham pok bo‘ladi

Bir narsani bilsinlarki, pok insonning a'zolariga ham pok amallar chiqadi. Ya'ni qalb go‘zalligi inson a'zolarining amallarida ifodalanadi. Qalbi pokiza bo‘lgan inson a'zolari bilan nopok ish qilmaydi. Nopok ishni qilayotgan insonning «qalbim pokiza», deb qilgan da'volari haq da'vo bo‘lmaydi.

Endi insonning tashqi pokligiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tashqi ko‘rinishda g‘uslni o‘rgatdilar. Poklik manbayi bo‘lmish kunda besh marta tahorat qilishni o‘rgatdilar va aytdilarki: «Inson bir kunda besh marta eshigi oldidagi anhorda poklansa, unda kir qoladimi? Besh vaqt namoz ham shunday. Insonning bilib-bilmay qilgan gunohlari kechiriladi».

Halol rizq uchun mehnat qilayotgan inson ibodatdadir

Ibodatdagi inson libosining pok bo‘lishi ham sunnat. Payg‘ambarimiz alayhissalom nopok libosda ibodat qilishdan qaytardilar.

Agar Allohning ko‘rsatmalariga amal qilinsa, inson hayotining ko‘p qismi o‘zi ibodat. Ibodat deganda faqat namoz va ro‘zani tushunish kerak emas. Halol va pok niyat bilan mehnat qilayotgan inson ibodatda bo‘ladi. Bir kasb egasi yaxshi niyat bilan boshqalarning hojati, og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish uchun harakatda ekan, u ham Alloh yo‘lida ibodatda.

Qolaversa, oilaviy hayot ham ibodat. Demak qaysi bir o‘rinda Alloh va Rasuliga xush keladigan tarzda mo‘minning vaqti o‘tadigan bo‘lsa, uning butun hayoti ibodatga aylanadi.

Alloh faqat nopok narsalarnigina harom qilgan

Alloh taolo Qur'oni Karim oyatlarida: «Pokiza narsalarni sizlarga halol qildim, nopok narsalarni esa harom qildim», deb marhamat qiladi.

Demak, pokiza narsalarni iste'mol qilgan luqma halol bo‘ladi. Luqmayi haloldan o‘sgan tanada yomonlik sodir bo‘lmaydi. Pokiza narsa yegan insondan nopok amal sodir bo‘lmaydi. Shuning uchun dinimiz poklikda qalb, tana va liboslar pokligiga e'tibor qiladi.

Rasululloh alayhissolatu vassalomning mashhur bir hadislari bor: «Kechqurun namozshomdan keyin yotar paytida obi taom uchun ishlatiladigan idishlarning ustini yoping, suv saqlaydigan idishlaringizning ustini yoping, o‘chog‘dagi cho‘g‘laringizni o‘chiring, eshiklarni yoping, atrofingizni toza va pokiza qilib yoting», dedilar.

Ariqlardagi toza suv ertak bo‘lib qolmadimi?

Alloh taolo aytadi: «Suv sizlarga berilgan shunday ne'matki, qadriga yetmasangiz, Alloh yerga chuchuk suvni yutib yuborgin desa, sizlarga pokiza suvni kim chiqarib beradi?»

Shu o‘rinda xalqimizga bir eslatma qilmoqchi edim, sizning va bizning yoshligimizda ariqlarda yotib olib, suvni ichib ketaverar edik. Uning pokligi uchun momolarimiz yopib bergan kulchalarni ariqlarga oqizib yer edik. Hozir bu biz uchun bir ertakka aylangan.

Bugun XXI asrda rivojlanish, taraqqiyotni, katta madaniyatni targ‘ib qilyapmiz. Lekin mana shunday da'vomiz davom etayotgan paytda o‘sha suvga qo‘l yuvishga jur'at qila olamizmi?

Yoki insonlarning bir-biri bilan nopok muloqot qilishi hech bir dinga yoki hadisga to‘g‘ri kelmaydi. Mol-u dunyo yig‘ishga aqli yetayotgan, ne-ne hiylalarni o‘ylab topayotgan, firibgarliklarni qilayotgan inson poklik masalasida aqli yetmaydimi? Yoki bu beparvolikmi?

Rasullulloh sunnatini bugun dunyo e'tirof etmoqda

Poklik haqida so‘z ketganida, qo‘lni yuvish – sunnat. Yaqin kunlardan beri boshimizda turibdi, dunyo xalqlarining musibati. Ko‘zga ko‘rinmas bir virus dunyo xalqlarini tahlikaga solib qo‘ydi. Hammani notinch qildi, hamma tomonni parokanda qildi, qancha odamlar qurbon bo‘ldi. Mana shunday dardni yengib o‘tishda shifokorlar, tabiblar nimani tavsiya qilyapti? Tez-tez qo‘lni yuvishni.

Bugun Rasulullohning sunnatlarini dunyo e'tirof etyapti. Taomdan oldin va keyin qo‘l yuvmoqlik, hojatxonadan chiqqandan keyin qo‘l yuvishlik bu – sunnat. Bu sunnatni bugun dunyo e'tirof etyapti. Halol va haromni aralashtirib iste'mol qilganning holini bugun dunyo ko‘rib turibdi.

Qolaversa, karantin deymiz, odamlarni yolg‘izlatish masalasi. Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlarida vabo tarqalgan joydan chiqmang yoki kirmang, deb aytgan so‘zlarining nechog‘lik zaruratini mana hayot ko‘rsatib qo‘ydi. Ana endi butun dunyo ahli mana shu islomiy poklikni, islomiy sunnatni, islomiy tozalikni e'tirof etdi.

Mashinadan axlat tashlash musulmonning ishimi?

Mamlakatimizning 94 foizini musulmonlar tashkil qiladi. Xalqimizga qanday soha bo‘lishidan qat'i nazar nopoklik yarashmaydi. Mana, o‘zim guvoh bo‘lgan oddiy misol: bir kishi yo‘lda ketayotib mashinasidan bir qopcha axlat tashlab yubordi.

Bu musulmonning ishimi? Yoki bizning milliy qadriyatlarimizda shu narsa bormidi? Ota-bobolarimiz bunaqa nopoklikni ko‘rmagan. Lekin biz qayerdan oldik?

Inson og‘zidan tupuk chiqishi tabiiy jarayon. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yerga tuflaganda ustini tuproq bilan bekitib ketishlikni ta'lim berganlar.

Payg‘ambarimizning yana bir muborak hadislarida shunday deyiladi: «Sizlar og‘izni pok saqlanglar. Chunki u Qur'on yo‘li. Odamlarga yaxshi so‘z aytiladigan a'zo bu».

Poklik – Iymonning ustunidir

Ramazon oyi – poklik oyi. Ertalabdan to kechgacha pok bo‘lib ro‘za tutamiz – jismimiz poklanyapti. Ro‘za tutyapman, Alloh ko‘rib turibdi, deb insonning qalbi sayqallanyapti. Birovga aziyat yetkazib qo‘ymayin, deb insonlar tilini asrayaptilar. Ko‘zini noma'qul narsalarni ko‘rishdan saqlayapti.

Demak, insonning ruhi, axloqi va odobi poklanyapti, sayqallanmoqda. Ramazon oyidan tom ma'noda poklanib chiqishimiz kerak.

Poklik – iymonning ustunidir. Ustun bo‘lsa, imorat mustahkam turadi. Shuning uchun biz XXI asrda yashab, yuksak ma'naviyatni da'vo qilayotgan ekanmiz, mana shunday ne'matlarga munosib muomala qilish – inson sifatida, mo‘min-musulmon sifatida burchimiz va vazifamiz ekanligini unutmasligimiz kerak.

Mavzuga oid