Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Rossiyadan AES “sotib olmoqchi”. Bu o‘zini oqlaydimi?
O‘zbekistonda AES qurish iqtisodiy jihatdan qanchalik samarali ekaniga aniq baho berish qiyin. Masalaning moliyaviy tomonlari e’lon qilinmagan: stansiyalarning umumiy qiymati qancha bo‘ladi, ishlab chiqarilgan elektr energiya qanday narxda sotib olinadi, noma’lum. Kun.uz Jizzaxdagi AES loyihasining 2017-2025 yillardagi evrilishlari va bu loyiha ortidagi ehtimoliy xatarlarga e’tibor qaratadi.
Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi O‘zbekistonda AES qurmoqchi. Bir necha kun oldin qurilish ishlariga rasman start berilgan loyiha, iqtisodiy jihatdan qanchalik samarali ekaniga aniq baho berish qiyin. Masalaning moliyaviy tomonlari e’lon qilingani yo‘q: stansiyalarning umumiy qiymati qancha bo‘ladi, ishlab chiqarilgan elektr energiya qanday narxda sotib olinadi, noma’lum. Bir necha marta o‘zgarishlarga uchragan loyihaning hali bosh shartnomasi tuzilmagan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning energetika sektoriga AESning kirib kelishi mamlakatni uzoq muddatga Moskvaning texnologik “orbitasi”ga bog‘lab qo‘yadi va energetik mustaqillikka putur yetkazadi. Bu juda ham xavotirli jihat.
Ushbu maqolamizda AES loyihasining 2017-2025 yillardagi evrilishlari va bu loyiha ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammolarga e’tibor qaratamiz.
AES qurish xronologiyasi
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish haqidagi gap-so‘zlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu masala 2017 yildan beri turli davralarda muhokama qilib kelinadi. Xususan, 2018 yilning iyul oyida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlikda har biri 1200 megavatt quvvatga ega 2 ta energoblokdan iborat AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. O‘shanda stansiyani 2028 yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.
2018 yilning oktyabr oyida AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududi tanlab olingani haqida xabarlar chiqdi. Bir muddat o‘tib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistondagi AES loyihasining taxminiy qiymati 11 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qildi. “O‘zatom” loyiha to‘liq ishga tushirilsa, mamlakat energiya ehtiyojlarining 15 foizgacha qismini qoplashini aytgandi.
2020-2023 yillar oralig‘ida pandemiya va Ukrainadagi urush fonida O‘zbekistonda AES qurish masalasi faol kun tartibida bo‘lmadi. 2024 yilga kelib, bu mavzu yana muzokara stoliga qo‘yildi. Jizzaxdagi tanlangan maydonda 6 reaktorli quvvati 330 megavattlik kam quvvatli stansiya qurish bo‘yicha bitim imzolandi. O‘zbekiston tomoni, xususan, “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev loyihaning qiymati 2 mlrd dollardan oshmasligiga va’da ham berdi.
Keyinchalik, loyiha konfiguratsiyasi yana o‘zgardi: kichik stansiya quvvati 330 MW emas, 110 MW bo‘ladigan bo‘ldi. Ya’ni AESda har biri 55 MW quvvat beradigan oltita emas, ikkita RITM-200N reaktorlari bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2025 yilning yozida katta AES masalasida ham bitim imzolandi. Kelishuv kichik stansiyaning yonida an’anaviy o‘lchamdagi katta AESni ham qurishni ko‘zda tutadi. Katta stansiya har biri 1 GW quvvatli ikkita energoblokni o‘z ichiga oladi, energiya bloklari sonini keyinchalik to‘rttaga oshirish imkoniyati nazarda tutiladi.
Shu tariqa, Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladigan bo‘lyapti. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta maydonga joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi. Integratsiyalashgan AESlar majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Qariyb 525 gektarlik maydondagi qo‘shma stansiya 2035 yilga borib yiliga 15,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu – O‘zbekistondagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng, deya ma’lum qilgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.
Iqtisodiy xatarlar
Birinchi navbatda atom energiyasi bo‘yicha qaror iqtisodiy jihatdan qanchalik muvofiq yoki nomuvofiqligini aniqlashtirib olishimiz kerak. “Ruslar quradigan AES o‘zbek xalqiga necha pulga tushadi?” degan savol hamon ochiq qolyapti. Bu savolga “O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev ham, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham aniqlik kiritmagan. Loyiha qiymati keyingi yil imzolanadigan bosh bitimda belgilanishi kutilmoqda.
Ammo aytish mumkinki, yakuniy narx hali aniq bo‘lmay turib, bo‘lajak stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxi oshib bo‘lgan. Gap shundaki, Azim Ahmadxo‘jayev 330 MW'lik kichik AES qiymati 2 mlrd dollardan oshmasligiga va’da berganidan 7 oy o‘tar-o‘tmas, quvvati 110 MW'gacha kamaytirilgan stansiyaning qiymati 1 mlrd dollardan oshmasligi haqida bayonot berildi. Quvvat 3 barobarga pasaygan paytda, narx bor-yo‘g‘i 2 barobarga pasayishi mumkinligi – loyihaning qimmatlashgani ehtimoliga ishora qiladi.
Yadro energetikasi loyihalari nihoyatda katta sarmoyalarni talab qiladi. Bu miqdor O‘zbekiston singari rivojlanayotgan mamlakat uchun katta yuk hisoblanib, o‘nlab yillar davomida davlat budjeti zimmasida bo‘ladi. Shundoq ham oxirgi yillarda tashqi qarz olish keskin oshib, hukumat o‘zi o‘rnatgan chegaraga amal qilmay kelyapti.
Qayd etish kerak, bir necha yil oldin Rossiya tomoni AES uchun qarz berishga ham tayyorligini bildirgan bo‘lsa, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston rasmiylari bu loyiha uchun Rossiya mablag‘lari jalb etilmasligini aytmoqda. Rasmiy Toshkent AESni moliyalashtirishni so‘rab, boshqa xalqaro hamkorlarga yuzlanmoqda.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov “Rosatom” Turkiyada qurayotgan “Akkuyu” AES misolida stansiyaning narxidan ham muhimroq shartlari borligi haqida shunday yozadi:
“Stansiyani kim boshqarishi, qanday narxda elektr energiya sotilishi – juda muhim. Turkiyada Rossiya to‘liqligicha o‘z hisobidan qurilish qilib, energiyaning bir 1 kilovatt soati uchun 12,5 sentlik bitim qilgan. Bizda agar xuddi shu shartlar berilsa, olishimiz kerakmi, degan o‘rinli savol bor. Hozirgi kunda O‘zbekistonda bundan arzonroq generatsiya manbalari bor bo‘lsa, qimmatroq atom energetikasi qanchalik zarur? Bilasiz, agar O‘zbekiston 12,5 sentdan sotib olsa, bu 1500 so‘mdan ko‘p, hozirgi sotilish narxidan ham ancha baland. Avvalroq hukumat boshqa manbalardan generatsiya 1000 so‘m atrofida deyayotgandi. Agar aynan shunday bo‘lsa, AES iqtisodiy ma’noda bizga pulni iqtisod qiladimi, yo‘qmi?”
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, AES qurib, uni ekspluatatsiya qilish jarayonini to‘liq qamrab olgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish tannarxi boshqa manbalarga nisbatan ancha qimmatlashadi. Jumladan, Rossiyaning Belarus va Bangladeshdagi loyihalaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, 2 gigavattlik katta AES uchun qurilish qiymati o‘rtacha 10–12 mlrd dollar atrofida bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich quyosh yoki shamol elektr stansiyalaridan 3–5 baravar qimmat. Atom stansiyani qurish odatda 10 yilgacha davom etadi. Bu vaqt mobaynida foiz to‘lovlari, turli kechikishlar va boshqa omillar hisobiga tannarx yanada kattalashishi mumkin.
Eng katta iqtisodiy xatarlardan yana biri – AESni ekspluatatsiyadan chiqarish bilan bog‘liq. Stansiyaning faoliyat muddati 40-60 yil atrofida bo‘lib, uni xavfsiz tarzda yopish va radioaktiv chiqindilarni zararsizlantirish uchun yana ulkan mablag‘ talab etiladi. Stansiyani yopish qiymati uni qurish narxining 10-15 foizigacha borishi mumkin.
Siyosiy xatarlar
Yadro reaktorlari va AES infratuzilmasini qurish, undan keyin uni boshqarish hamda yonilg‘i bilan ta’minlash ishlari yillar davomida tanlangan xorijiy hamkor zimmasida bo‘ladi. O‘zbekiston misolida bu – Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida tuzilgan uzoq muddatli bitimlar doirasida “Rosatom” nafaqat AESni quradi, balki keyinchalik uni ishga tushirishda, kadrlar tayyorlashda, yonilg‘i yetkazib berishda ham ishtirok etadi. Natijada, mamlakat energetika tizimining bir qismi tashqi davlatga texnologik va resurs jihatdan bog‘lanib qoladi. Bu esa energetik mustaqillikka putur yetkazadi.
Bu o‘rinda, Rossiyaga energetik qaramlikning oqibatlarini Yevropa bir necha yildan beri his qilayotganini unutmaslik lozim. Shunday ekan, energoresurslarni bosim vositasi deb ko‘rishi Yevropa misolida allaqachon o‘z isbotini topgan mamlakatga O‘zbekistonning yadro energetikasidek nozik sohasiga eksklyuziv kirish huquqini berish – geosiyosiy xatarlarni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, bugun O‘zbekiston infratuzilmani modernizatsiya qilishda G‘arbning moliyaviy va texnologik ko‘magiga ham tayanmoqda. AES loyihasi esa, bu yo‘nalishda chigalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, Germaniyaning Siemens kompaniyasi Turkiyada qurilayotgan “Akkuyu” AESga uskunalar yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu esa ikki tomonlama kelishmovchiliklarni keltirib chiqardi. O‘zbekistonga energetik texnologiyalar sotayotgan Air Producs yoki Siemens o‘z mahsulotlarining “Rosatom”ga tushib qolishidan xavfsirab, hamkorlikni cheklab qo‘yishi ehtimoldan xoli emas.
Ekologik xatarlar
AES loyihasi bilan bog‘liq eng jiddiy ekologik xavflardan biri – mavjud suv resurslariga yuklamaning ortib ketishi. Yadro reaktorlarini sovitish uchun katta hajmdagi suvdan foydalaniladi. Qurilishi boshlanayotgan AES Jizzax viloyatidagi kichik hajmli, suvi sho‘r Tuzkon ko‘li yaqinida joylashgan. Mutaxassislarning fikricha, Tuzkon singari yopiq va sayoz suv havzasi katta reaktorlarni sovitish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Bu esa sovitish uchun Sirdaryodan qo‘shimcha suv olishni taqozo etadi.
Shundoq ham iqlim o‘zgarishi sababli mavjud resurslar kamayib, suv havzalarining qurishi kuzatilayotgan mintaqada qo‘shimcha talabning paydo bo‘lishi vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin. Rasmiylar Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda suv sarfini kamaytiruvchi uskuna va generatorlar yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa-da, aynan ochiq ma’lumotlarning yetarli emasligi xavotirlar saqlanib qolishiga sabab bo‘laveradi. Xususan, keng ekspertlar doirasi tahlil qila olishi uchun AESning suv sarfi va suv ta’minotiga oid hisob-kitoblari ochiqlanmagan.
Bundan tashqari, radioaktiv chiqindilar masalasi ham bor. Bugungi kunda O‘zbekistonda yadro chiqindilarini qayta ishlash yoki uzoq muddatli saqlash bo‘yicha infratuzilma mavjud emas. Bu masala ko‘plab davlatlar uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda, chunki chiqindilarni yillar davomida yuqori xavfsizlik sharoitlarida saqlash kerak. Zararli modda yerosti suvlariga, tuproq yoki atmosferaga sizib chiqqan taqdirda, jiddiy oqibatlarga olib keladi.
O‘tgan yilgi bayonotlarga ko‘ra, AESda ishlatish uchun O‘zbekistonda qazib olingan uran Rossiyada boyitilishi va Jizzaxga olib kelinishi, ishlatib bo‘linganidan keyin yana Rossiyaga olib ketilishi kerak edi. Bu og‘zaki bayonotlar keyinchalik imzolangan rasmiy hujjatlarda qanchalik aks etgani noma’lum bo‘lib turibdi.
Umuman olganda, AES bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan jiddiy avariyalar juda kam uchraydi, lekin sodir bo‘lgan taqdirda mislsiz darajada halokatli oqibatlarga olib keladi. Chernobil va Fukusima AESlaridagi halokatlar bunga yorqin misoldir. Zaharli radiatsiya juda katta hududlarni yaroqsiz holga keltirib, millionlab aholining sog‘lig‘iga zarar yetkazganini hali unutganimiz yo‘q.
Rivojlangan davlatlarning AESga munosabati
So‘nggi yillarda qator rivojlangan mamlakatlar yadro energetikasidan voz kechish siyosatiga o‘tishdi. Jumladan, Germaniya Fukusima halokatidan so‘ng bosqichma-bosqich atom stansiyalarini yopish bo‘yicha qaror qabul qildi va 2023 yilga kelib mamlakatdagi oxirgi AESlar o‘chirib qo‘yildi. Italiya ham Chernobil avariyasidan keyin referendum orqali atom energetikasiga oid barcha loyihalarini to‘xtatdi. Ispaniya va Shveytsariya esa yangi AESlar qurmaslik hamda mavjudlarini xizmat muddati tugashi bilan yopish rejalarini e’lon qilgan.
Shuningdek, Avstriya, Daniya, Norvegiya, Gretsiya, Irlandiya kabi bir qator Yevropa mamlakatlari ham o‘z hududida AES qurilishiga qat’iy qarshi siyosat yuritib keladi va asosan qayta tiklanuvchi energiya va import hisobiga ehtiyojlarini qondiradi.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishining ta’siri sababli AESlarga yana investitsiya kirita boshlagan davlatlar ham bor. AQShda pandemiyadan keyin yopilishi kerak bo‘lgan AES bloklari davlat ko‘magida modernizatsiya qilinib, yangi avlod kichik reaktorlarini ishlab chiqishga e’tibor qaratilyapti. Janubiy Koreya ham “yadrodan bosqichma-bosqich voz kechish” siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqda: 2025 yilda yangilangan strategiyaga ko‘ra, reaktorlar sonini ko‘paytirish va yadroviy energiya ulushini oshirish rejalashtirilyapti.
2020–2025 yillar oralig‘ida butun dunyoda boshlangan 45 ta yangi AES qurilishining 44 tasini Xitoy yoki Rossiya kompaniyalari amalga oshiryapti. Dunyodagi yadroviy sanoat holati hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda global miqyosda elektr energiyasi ishlab chiqarishning 9,1 foizi atom energetikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 90 yillarning o‘rtalarida 17 foiz atrofida bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichning tushishi muqobil manbalarning jadal rivojlanayotgani va tezroq ommalashayotgani bilan bog‘liq.
2024 yilda atom energetikasida ishlab chiqarish rekord darajaga chiqqani qayd etilgan bo‘lsa-da, ekspertlar buning barqaror trend emasligini aytmoqda. Chunki yaqin vaqt ichida eskirgan AESlarning yopilishi sur’ati yangi qurilayotgan loyihalar sur’atidan oshib ketadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar dunyo bo‘yicha AESlardagi umumiy ishlab chiqarish hajmini 2030 yilda ham hozirgi darajada ushlab turish kerak bo‘lsa, rejadagilardan tashqari qo‘shimcha 40 dan ortiq yangi reaktor ishga tushirilishi lozim bo‘ladi – bu esa ayni paytdagi qurilish sur’atlaridan 2,5 baravar yuqori ko‘rsatkichdir.
O‘z navbatida, quyosh va shamol energetikasiga kiritilgan investitsiyalar hajmi yildan yilga oshib boryapti. Xususan, 2024 yilda ushbu tarmoqqa yo‘naltirilgan mablag‘ atom energetikasiga jalb qilinganidan 21 baravar ko‘p bo‘lgan.
O‘zbekiston – davlat madhiyasining ilk so‘zida ta’riflanganidek, serquyosh o‘lka. Iqtisodiy, siyosiy, geografik va iqlim sharoitlaridan kelib chiqqanda, O‘zbekiston uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalariga ko‘proq urg‘u qaratish maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Chunki quyosh panellari va shamol turbinalarining narxi yildan yilga arzonlashib boryapti va bu energiyaning tannarxida ham aks etadi.
Respublika bo‘ylab quyosh va shamol stansiyalarini tashkil etish bo‘yicha so‘nggi yillarda katta yutuqlarga erishildi. Bu stansiyalardan 1 kWh energiya 3 sent atrofidagi narxlarda sotib olinyapti. Bu – AESda generatsiya bo‘lgan elektr energiyasidan bir necha barobarga arzon va eng muhimi, har tomonlama xavfsiz.
Doston Ahrorov tayyorladi
Mavzuga oid
16:35
Mayamidagi muzokaralarga ham Ukraina, ham Rossiya delegatsiyalari keladi
14:49
Zangiotada energiya saqlash tizimini yagona tarmoqqa ulash uchun infratuzilma quriladi
14:30
Rossiya dumasi amaldorlarga daromadi haqida hisobot bermaslikka ruxsat berdi
13:19