O‘zbekiston | 09:31 / 06.10.2023
7730
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk marta milliy valutada «yashil» suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqardi

Milliy valutadagi 4,25 trln so‘mlik qarz mablag‘lari suv tejovchi texnologiyalar, temiryo‘l va metro, sanitar tozalash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlarini barpo etish kabi “yashil” loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi. Shuningdek, hukumat 660 mln dollar miqdoridagi yevrobond transhini ham birjaga joyladi.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston ilk bor 4,25 trln so‘m miqdoridagi “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi.

“Yashil” obligatsiyalar bo‘yicha kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temiryo‘l va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi “yashil” loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi jalb qilingan. “Yashil” obligatsiyalar dasturi bo‘yicha Sustainalytics tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining milliy valutadagi “yashil” obligatsiyalariga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, 3 yillik so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkalarini (kupon to‘lovi) kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lingan. Mazkur tranzaksiya bilan joriy yilning 23 noyabr kuni so‘ndirilishi kerak bo‘lgan 1,9 trln so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar muddatidan oldin so‘ndirilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ichki moliya bozorlarida so‘nggi o‘tkazilgan auksionda (26 sentabr) 2 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkalari 17,57 foizni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozor kotirovkalari hamda investorlar takliflaridan kelib chiqib, AQSh dollaridagi O‘zbekiston Respublikasining 5 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari uchun dastlabki foiz stavkasi 8,50 – 8,625 foiz oralig‘ida e’lon qilingan.

Ikkilamchi bozorda O‘zbekiston Respublikasining 2029 yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalari foiz stavkasi 8,1 foizga yetgan. Xususan, so‘nggi bir haftada (27 sentabr – 7,67 foiz) foiz stavkalari 0,43 foizga oshgan.

Buyurtmalar kitobi 1,7 mlrd. dollarga yetganda, foiz stavkalarni 8,25-8,375 foizga tushirishga erishildi, deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlaniicha, yakuniy talab 2 mlrd dollarga yetgach, 660 mln dollar miqdoridagi obligatsiyalar 8,125 foiz stavkada hamda 7,85 foiz kuponda chiqarilgan. Mazkur kupon stavkasi moliyaviy maslahatchilar tomonidan tavsiya etilib, xalqaro obligatsiyalarni investorlarga 98,888% narxda sotilishini anglatadi (ya’ni mazkur tranzaksiyadan 652,6 mln dollar mablag‘ kelib tushadi).

“Bugungi kunda jahon moliya bozorlarida foiz stavkalarining oshishi kuzatilmoqda. Xususan, 5 yillik AQSh G‘aznachilik obligatsiyalari foiz stavkalari 2021 yil iyul (so‘nggi marta suveren obligatsiyalar chiqarilgan davr) oyiga nisbatan qariyb 4 foizga oshib, 2021 yil iyul oyidagi 0,8 foizdan 4,7 foizga yetdi.

Jahon moliya bozorlaridan foiz stavkalarining oshishi, mos ravishda, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli foiz stavkalarining ham keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Xalqaro kredit bozorlarida ishlatiladigan SOFR (oldin LIBOR) stavkasi 2021 yil iyul oyidan beri 0,17 foizdan qariyb 5,3 foizga oshib, bugungi kunda 5,5 foizga yetdi.

Shuning uchun, xalqaro moliya institutlari tomonidan jalb qilinayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar ham ikki yil ichida 1-2 foizdan bugungi kunga kelib 6,3-7,0 foizga yetdi”, – deyiladi rasmiy relizda.

Xabar qilinishicha, joriy bozor sharoitlari sababli boshqa mamlakatlar ham oldingiga nisbatan yuqori foiz stavkalarida davlat qarzini jalb qilmoqda. Misol uchun:

  • Turkiya joriy yil yanvar oyida 2,75 mlrd dollarga teng 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarini 9,75 foizdan;
  • Vengriya joriy yilning yanvar oyida 1,25 mlrd dollarga teng 30 yillik obligatsiyalarni 7,1 foizdan;
  • Ruminiya joriy yil yanvar oyida 1,25 mlrd dollarga teng 30 yillik obligatsiyalarni 7,67 foizdan;
  • Mo‘g‘uliston joriy yilning yanvar oyida 445 mln dollarga teng 5 yillik xalqaro obligatsiyalarni 8,65 foizdan;
  • Misr joriy yilning fevral oyida 1,5 mlrd dollarga teng 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni 11 foizdan;
  • Bahrayn joriy yilning aprel oyida 1 mlrd dollarga teng 12 yillik 7,75 foizdan joylashtirgan.

“Yashil” obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan kelib tushgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlarga muvofiq shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.

Mavzuga oid

E`lonlar